O‘zbekiston | 16:21 / 02.02.2026
4498
2 daqiqa o‘qiladi

Yashash joyi bo‘yicha ma’lumotni tuzatish xizmati yo‘lga qo‘yildi

Hukumat qarori bilan fuqarolarning yashash joyi manzili hamda mulkdorning ko‘chmas mulkida ro‘yxatda turgan shaxslar haqidagi ma’lumotlardagi xatolarni tuzatish (tahrirlash) bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibi belgilandi.

Hukumatning 2026 yil 30 yanvardagi 38-son qarori bilan “O‘zbekiston fuqarolarining yashash joyi manzilini hamda ularga tegishli ko‘chmas mulkda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotni tahrirlash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish”ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi

Reglamentga ko‘ra, davlat xizmati quyidagi holatlarda ko‘rsatiladi:

  • fuqaro murojaati asosida yashash joyi manzili to‘g‘risida tizimdagi noto‘g‘ri ma’lumotni tahrirlash va tahrirlangan qayd varag‘ini berish;
  • mulkdor murojaati asosida uning ko‘chmas mulkida yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan shaxs(lar) haqidagi noto‘g‘ri ma’lumotni tahrirlash va manzil bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tganlar haqida tahrirlangan ma’lumotnoma berish.

Mazkur xizmatni ko‘rsatish bo‘yicha vakolatli organ sifatida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti hamda uning hududiy bo‘linmalari belgilangan.

Qanday murojaat qilish mumkin:

  • vakolatli organga yoki Davlat xizmatlari markaziga shaxsan murojaat qilish;
  • YaIDXP (my.gov.uz) orqali elektron shaklda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tish.

Vakolatli organga kelib tushgan so‘rovnoma 3 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqilishi belgilangan.

So‘rovnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlar o‘rganilgandan so‘ng, tahrirlangan ma’lumot tizim orqali QR-kod qo‘ygan holda tasdiqlanadi va shu kunning o‘zida ariza beruvchiga xabarnoma yuborilishi qayd etilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid