O‘zbekiston | 19:11 / 03.02.2026
3078
3 daqiqa o‘qiladi

UPay to‘lov tizimiga egalik qiluvchi «Maroqand» AJ bankrot deb topildi

Jamiyatni tugatishga doir ish yurituvini boshlash to‘g‘risida sudning hal qiluv qarori chiqdi.«Maroqand» AJ o‘z navbatida Humans kompaniyasiga tegishli hisoblanadi.

Foto: UPay

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi 2026 yil 2 fevral kuni «Maroqand» aksionerlik jamiyatini to‘lovga qobiliyatsiz (bankrot) deb topish hamda tugatishga doir ish yurituvini boshlash to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqardi.

«Maroqand» AJ UPay to‘lov tizimiga egalik qiladi. Bu tizim shaxsiy pul mablag‘larini nazorat qilish, davlat xizmatlari, mobil aloqa, internet, o‘yinlar uchun to‘lov qilish, kartalar o‘rtasida pul o‘tkazish hamda elektron hamyonlarni to‘ldirish uchun mo‘ljallangan to‘lov servisi hisoblanadi.

Kompaniya 2022 yil may oyida Humans fintex-ekotizimi tomonidan to‘liq sotib olingan edi. 2024 yil oktyabr oyida Markaziy bank «Maroqand» AJ to‘lov tashkiloti tomonidan taqiqlangan xizmatlar (qimor o‘yinlar) uchun to‘lovlarni amalga oshirishga yo‘l qo‘ygani sababli faoliyatini 6 oy muddatga chekladi.

Shuningdek, 2025 yil oktyabrida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi Humans MChJ bankrot deb topdi.

Ommaviy pul yechib olish voqeasi

2025 yil 9 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Humans ilovasiga ulangan bank kartalaridan foydalanuvchilar ruxsatisiz pullar yechib olingani haqida xabarlar tarqaldi. Markaziy bank mazkur hodisa yuz berganini rasman tasdiqlab, tekshiruv ishlari boshlanganini ma’lum qildi.

Regulyator o‘z vakolatlari doirasida Octogram AJ (Paylov – savdo belgisi) bilan bog‘lanib, xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlash va ehtimoliy zaiflikni bartaraf etish maqsadida P2P amaliyotlarini to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. 9 dekabrda Humans mobil ilovasi orqali Octogram AJ tomonidan olib borilayotgan barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatilgan.

Keyinroq Humans holat bo‘yicha izoh berib, pullar 4-8 dekabr kunlari firibgarlar tomonidan yechib olinganini bildirdi. Bunda kompaniyaning aybi yo‘qligi, balki muammo Paylov xizmatida texnik xatoga yo‘l qo‘yilgani ortidan kelib chiqqani qayd etilgan.

Tergov va navbatdagi sud

Shu yil yanvar oyida Humans ilovasi orqali 2 mingdan ortiq shaxsning qariyb 7 mlrd so‘m pullari o‘g‘irlangani ma’lum bo‘ldi. Markaziy bank Paylov to‘lov tashkilotidagi tekshiruvni yakunlab, xulosasini IIVga taqdim etgan. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid