O‘zbekiston | 12:35
533
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qimmatbaho toshlarni xalqaro standartda sertifikatlash boshlandi

Poytaxtda zargarlik buyumlari, qimmatbaho toshlar va olmoslarni sertifikatlashga ixtisoslashgan yangi gemmologiya markazi ish boshladi. Markaz xalqaro standartlar asosida ekspertiza va sertifikatlash xizmatlarini ko‘rsatadi.

Foto: "Dunyo" AA

Toshkentda GCI Gemological Centers Uzbekistan gemmologiya markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu markaz 2025 yil avgust oyida Tel-Aviv shahrida GCI Gemological Centers Ltd. va O‘zbekistonning Expert One MChJ o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida, mamlakatning Isroildagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.

GCI Gemological Centers Ltd. bosh ofisi Tel-Avivda joylashgan bo‘lib, qimmatbaho toshlarni ekspertizadan o‘tkazish, baholash va sertifikatlash bo‘yicha xalqaro miqyosda tan olingan xizmatlarni taqdim etadi. Kompaniya shuningdek, gemmologiya sohasida professional mutaxassislar tayyorlaydi.

Toshkent filialining ochilish marosimida Isroil elchisi Gideon Lustig, New Uzbekistan Uzbekistan–Israel Trade and Investment House prezidenti Nargiza Qodirova hamda kompaniya rasmiy vakillari ishtirok etdi.

Isroillik vakillar ta’kidlashicha, markazning ochilishi O‘zbekistonda zargarlik sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar samarasidir. Qimmatbaho metallar va toshlar bozorini liberallashtirish, xalqaro standartlarni joriy etish va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash mamlakatni sohaning yetakchi global ishtirokchilari uchun jozibador hamkorga aylantirmoqda.

Toshkentdagi yangi markaz kompleks gemologik tadqiqotlar o‘tkazish, xalqaro GCI sertifikatlarini berish va zargarlik sanoati mutaxassislari uchun ta’lim dasturlarini amalga oshiradi. U kompaniyaning Markaziy Osiyodagi birinchi va dunyodagi uchinchi filialiga aylandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid