Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sudyalar mol-mulki deklaratsiyasi taklifi va Andijonda qotil yollashga urinish – mahalliy dayjest
Prezident huzurida o‘tgan yig‘ilishda sudya va ularning oila a’zolari mol-mulkini deklaratsiya qilishni yo‘lga qo‘yish tashabbusi ilgari surildi. Andijonda qotil yollab tadbirkorni o‘ldirmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi. 2026 yildan “Yosh tadbirkorlar” chempionati yo‘lga qo‘yiladi. Samarqanddagi Bibixonim masjidi restavratsiya qilinadi. Xizmat uyida narkolaboratoriya tashkil qilgan profilaktika inspektori 12 yilga qamaldi. Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Sudya va uning oila a’zolari mol-mulkini deklaratsiya qilish yo‘lga qo‘yilishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 fevral kuni Sudyalar oliy kengashi raisining axboroti bilan tanishdi. Qayd qilinishicha, hisobot davrida 59 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilgan, jumladan, sudyalik qasamyodini buzgani hamda Sudyalar odobi kodeksi talablariga rioya etmagani uchun 19 nafar sudya lavozimidan ozod etilgan, 3 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan, 58 nafarining lavozimi pasaytirilgan. Sudyalik vakolati muddati tugagan 33 nafar sudya navbatdagi sudyalik lavozimiga noloyiq deb topilgan hamda 266 nafari intizomiy javobgarlikka tortilgan.
Yig‘ilishda sudya va ularning oila a’zolari mol-mulkini deklaratsiya qilishni yo‘lga qo‘yish, sud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan komplayens nazorat tizimini joriy etish, sud apparati xodimlarini ishga olishning ochiq tartibini yaratish kabi tashabbuslar ilgari surildi.
Andijonda qotil yollab tadbirkorni o‘ldirmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
Andijonda tadbirkorni yollanma qotil orqali o‘ldirmoqchi bo‘lgan bir guruh shaxslar ushlandi. Ma’lum qilinishicha, 2026 yilning 4 fevral kuni yakka tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi shaxs Andijon tuman IIBga o‘ziga nisbatan uyushtirilayotgan suiqasd bo‘yicha ariza bilan murojaat qilgan. U 5 nafar jinoyatchidan iborat uyushgan guruh 1500 dollar evaziga qotil yollab, uni qasddan o‘ldirishni kelishganini bildirgan hamda yordam so‘ragan.
Shundan so‘ng, Paxtaobod tumani hududida Andijon viloyati IIB, Davlat xavfsizlik xizmati va viloyat prokuraturasi hamkorligida maxsus tezkor tadbir o‘tkazilib, jinoiy guruh yetakchisi, muqaddam Jinoyat kodeksining 8 ta moddasi bilan sudlangan 42 yoshli “Ronaldo” laqabli shaxs ekani aniqlangan. U muqaddam 7 marta sudlangan yollanma qotilga tadbirkorni qasddan o‘ldirib berish evaziga 1500 dollar taklif etib, shundan 300 ming so‘m berganda ushlangan.
“Yosh tadbirkorlar” chempionati yo‘lga qo‘yiladi
2026 yildan yoshlarning eng yaxshi biznes va startap loyihalarini aniqlash hamda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Yosh tadbirkorlar” chempionati o‘tkaziladi. Chempionat natijalari bo‘yicha g‘olib loyihalarga investitsiya ajratish, brendga aylantirish uchun ekspert xarajatlarini qoplash va davlat mukofotlariga tavsiya etish kabi mexanizmlar belgilangan.
Chempionat doirasida 100 tagacha biznes va startap loyihalarning har biriga Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi hamda Yoshlar ventures venchur jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1 mlrd so‘mgacha investitsiya kiritilishi nazarda tutilgan.
Samarqanddagi Bibixonim masjidi restavratsiya qilinadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, madaniyat muassasalari infratuzilmasini yaxshilash hamda yangi kreativ maydonlarni tashkil etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda Milliy restavratsiya institutini tashkil qilish, Samarqand shahridagi Bibixonim masjidini restavratsiya qilish, “Turkiston” yozgi amfiteatrini ta’mirlash loyihalari ko‘rib chiqildi. Loyihalashtirish va restavratsiya ishlarini YuNeSKO bilan to‘liq kelishilgan holda bajarish zarurligi qayd etildi.
Davlat rahbari kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish nafaqat madaniy, balki iqtisodiy jihatdan strategik muhim ekanini ta’kidlab, belgilangan loyihalarning ijrosini sifatli ta’minlashga ko‘rsatma berdi.
Xizmat uyida narkolaboratoriya tashkil qilgan profilaktika inspektori 12 yilga qamaldi
Toshkent shahri, Olmazor tumanidagi “Shon-shuhrat” mahallasi profilaktika inspektorining xizmat uyidan 10,5 kg “Alfa-PVP” va 4 gr “Spays” sintetik narkotiklari topilgan. Ichki ishlar xodimi giyohvandlik vositasini suyuq ko‘rinishda olib, narkolaboratoriyasida quritgan hamda “zakladka” usulida xaridorlarga tarqatib kelgan. Xizmat haqini kriptovaluta ko‘rinishida olgan.
Sud hukmi bilan B.T. Jinoyat kodeksining 25,273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) hamda 278-8-moddasi (kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilishda aybli deb topildi. Unga 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Mavzuga oid
21:55 / 12.02.2026
Homiysiz qolgan futbol klublari va «Call-markaz» niqobidagi firibgarlar - mahalliy dayjest
22:47 / 11.02.2026
«Kvartplata»dan qarzdorlarga cheklov va 2026 yilgi test imtihonlari fanlari – mahalliy dayjest
21:37 / 09.02.2026
“Metan zapravka” qurishga taqiq va qurilishlar bo‘yicha mijozlarga qaytarilgan 22 mlrd so‘m – mahalliy dayjest
00:37 / 22.01.2026