Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent yuridik universiteti “sud o‘yinlari” bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi
700 dan ortiq yuridik maktablar ishtirok etadigan JESSUP musobaqasida TDYuU jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etib, nomdor jamoalarni dog‘da qoldiryapti. Bu tajriba o‘rganilishi va boshqa universitetlar uchun o‘rnak bo‘lishi kerak. Nagoya universiteti professori Alisher Umirdinov Kun.uz uchun yozgan maqolasida shu haqda so‘z yuritadi.
JESSUP degan konkurs bor – huquqshunos talabalarning o‘ziga xos “Quvnoqlar va zukkolar”i... Philip Jessup nomini olgan bu xalqaro konkursda 700 dan ortiq yuridik maktablar ishtirok etadi. Musobaqa paytida talabalar o‘ylab topilgan sud protsesslarini yechishadi, “nizo”ning har ikki tomoni uchun dalillarni tadqiq etishadi, yozma arizalar, memorandumlar tuzishadi, sud uchun og‘zaki chiqishlarni tayyorlashadi.
Ya’ni bir-biriga qarshi turgan ikki jamoa, har biri ikkitadan yozma memorandum va 45 daqiqalik og‘zaki chiqishni tayyorlaydi – nizoning har bir tomoni uchun bittadan ("ariza beruvchi" va "javobgar" uchun). Har yili talabalar uchun yangi “ish”lar o‘ylab topiladi. Bu – dunyodagi eng yirik xalqaro sud muhokamasi tanlovidir.
TDYuU jamoasi bu o‘yinlarda MDHda Rossiyadan keyin ikkinchi bo‘lib turibdi. 2019 yilda jamoa Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan musobaqa finalida muvaffaqiyatli qatnashdi. COVID-19 sabab yuz bergan tanaffus va undan keyingi ikki yillik ketma-ket omadsiz milliy raundlardan keyin, TDYuU yana oyoqqa turdi va 2023 yildan boshlab Qozog‘iston va Qirg‘iziston jamoalarini yenga boshladi. Va yana finalga – Vashingtonga yo‘l oldi. Bu natija ketma-ket bir necha yil davom etdi! 2025 yil musobaqalarida esa jamoa chorak finalgacha yetib borib, AQShning nomdor Virjiniya universiteti jamoasini ham yengdi. Bu nihoyatda katta natija hisoblanadi.



Yuridik universitet bunga qanday erishdi? Avvalo, bir avlod tajriba orttirdi. O‘sha – tajribali jamoaning ko‘pi hozirda TDYuUda dars bermoqda: ular ustozlari oldida – universitetda qolishdi va o‘zlarining qimmatli tajribalarini yoshlarga samarali yetkazishdi. Talaba-yoshlar buni yaxshi qabul qilishdi, natijada yaxshigina “JESSUP maktabi” yuzaga keldi. Avlodlar almashinuvi sog‘lom tus oldi.
Keyingi muhim omil esa – Kanyazov, Hakimov, Toshqulov, Rustambekov, Xo‘jayev kabi rektor va rektor o‘rinbosarlari silsilasi talabalarga moddiy yordam berish va alohida yondashuvni o‘z o‘rniga qo‘yishdi. Uchinchisi esa – universitetning o‘zida JESSUP musobaqasida sudya o‘laroq ishlovchi professor-o‘qituvchilar jamoasi shakllandi.
Yuridik universitetning bu tajribasini O‘zbekistonning qolgan universitetlari, qolaversa butun oliy ta’lim tizimi o‘zi uchun o‘rnak qilib, o‘rganishi lozim.
Alisher Umirdinov,
Nagoya universiteti professori
Mavzuga oid
12:08 / 29.11.2025
Baxshillo Xo‘jayev Toshkent davlat yuridik universiteti rektori etib tayinlandi
09:53 / 28.11.2025
Yuridik universitetda fakultet dekanlari saylov asosida 2 yilga tayinlanadi
16:58 / 06.02.2024
TDYuU talabalari uchun “Toshkent shahar prokurori stipendiyasi” joriy etiladi
16:50 / 28.03.2023