Sport | 21:22 / 16.02.2026
1240
2 daqiqa o‘qiladi

Nodirbek Abdusattorov fristayl-shaxmat bo‘yicha jahon chempionatida uchinchi bo‘ldi

O‘zbekistonlik shaxmatchi 40 ming dollar mukofot va 2027 yilgi jahon chempionatiga yo‘llanmani ham qo‘lga kiritdi.

Foto: chess.com

O‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov Germaniyaning Vayssenxaus kurortida o‘tgan fristayl-shaxmat bo‘yicha FIDE jahon chempionatida bronza medali sovrindori bo‘ldi. U 40 ming dollar mukofot va 2027 yilgi jahon chempionatiga yo‘llanmani ham qo‘lga kiritdi.

Turnirda yana bir o‘zbekistonlik shaxmatchi — Javohir Sindarov ham ishtirok etib, sakkizinchi o‘rinni egalladi va 10 ming dollarga ega bo‘ldi.

Fristayl-shaxmat (Fisher shaxmati) — sobiq jahon chempioni Robert Fisher taklif qilgan shaxmat turi bo‘lib, unda donalarning boshlang‘ich joylashuvi klassik variantdan farq qiladi va har partiyada o‘zgarib turadi.

FIDE Freestyle Chess World Championship chempionati fristayl-shaxmat bo‘yicha ilk jahon chempionati bo‘ldi. Turnirda Magnus Karlsen (Norvegiya), Fabiano Karuana, Levon Aronyan, Xans Nimann (AQSh), Vinsent Kaymer (Germaniya) va Arjun Erigaysi (Hindiston) kabi dunyoning kuchli shaxmatchilari ishtirok etdi.

Davra turnirida Karlsen (4,5 ochko), Kaymer, Karuana va Abdusattorov (har biri 4 ochkodan) ilk to‘rt o‘rinni egallab, yarimfinalga chiqdi.

Yarimfinalda Karlsen raqib sifatida Abdusattorovni tanladi va 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Ikkinchi yarimfinalda Karuana raqibi Kaymerni 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi. Finalda Karlsen amerikalik grossmeysterni yengib, fristayl-shaxmat bo‘yicha jahon chempioniga aylandi. Birinchi o‘rin uchun mukofot 100 ming dollar bo‘ldi.

Uchinchi o‘rin uchun bahsda Abdusattorov raqibi Kaymer bilan o‘ynab, 2,5:1,5 hisobida g‘alaba qozondi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid