Jahon | 15:04
8213
3 daqiqa o‘qiladi

Aktyor Robert Dyuval vafot etdi

U «Cho‘qintirgan ota» va «Bugungi Apokalipsis» filmlaridagi rollari orqali tanilgandi.

AQShda «Oskar» sohibi, «Cho‘qintirgan ota», «Bugungi Apokalipsis» va boshqa o‘nlab filmlarda rollar ijro etgan aktyor Robert Dyuval 95 yoshida vafot etdi.

Uning rafiqasi Lusiana tomonidan e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, aktyor yakshanba kuni Virjiniya shtatidagi uyida olamdan o‘tgan.

Robert Dyuval o‘z «Oskar»ini 1984 yilda «Nozik muruvvat» (Tender Mercies) filmidagi kantri-musiqachi roli uchun olgandi.

Dyuval yana olti marta ikkinchi plandagi eng yaxshi aktyor sifatida (jumladan, «Cho‘qintirgan ota» va «Bugungi Apokalipsis» filmlaridagi rollari) «Oskar» uchun nomzodlik qilgan. U oxirgi bor 2014 yilda, 83 yoshida «Hakam» filmidagi ijrosi orqali nomzodlar ro‘yxatiga kirgandi.

Rejissyor Frensis Ford Koppolaning «Apokalipsis» filmida Dyuval syorfing ishqibozi bo‘lgan amerikalik polkovnik Bill Kilgorni o‘ynagan – u Vagnerning «Valkiriyalar parvozi» musiqasi sadolari ostida vertolyotlarning Vetnamdagi qishloqqa hujumni boshqarishi sahnasi dunyo kinematografiyasidagi eng mashhur sahnalardan biriga aylangan.

Dyuvalning qahramoni ekranda atigi bir necha daqiqa ko‘rinish bergan, ammo «Valkiriyalar parvozi» bilan rol hamda «Ertalabki napalm hidini sevaman» iborasi uni yulduzga aylantirgan.

Shu bilan birga, bu personaj avvaliga yanada telba bo‘lishi ko‘zda tutilgandi, ammo Dyuvalning o‘zi komandir obrazini biroz muloyimroq qiladi.

Robert Dyuval o‘zining sevimli roli sifatida 1989 yilda «Yolg‘iz kabutar» teleserialidagi kovboyga aylangan texaslik reynjyer Ogastes Makkrey rolini tez-tez tilga olgan.

Dyuval kinoda 63 yil muqaddam debyut qilgan, o‘shanda u «Mazaxchining o‘ldirilishi» asari sahnalashtirilishida ishtirok etgandi.

«Cho‘qintirgan ota»da esa u mafiya boshlig‘ining maslahatchisi Tom Heygenni o‘ynagan.

«Butun dunyo uchun u aktyor, „Oskar“ mukofoti sovrindori, rejissyor, hikoyachi edi. Men uchun esa u hamma narsa edi. Uning o‘z kasbiga bo‘lgan ishtiyoqi faqat qahramonlarga, yaxshi taomga va muloqotga bo‘lgan chuqur muhabbati bilan taqqoslanishi mumkin edi», – deyiladi Lyusiana Dyuvalning bayonotida.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев