Jahon | 22:53 / 24.02.2026
1289
3 daqiqa o‘qiladi

Norvegiyaning sobiq bosh vaziri o‘z joniga qasd qilishga urindi – OAV

12 fevral kuni Yaglandga moliyachi va odam savdosida ayblangan Jyeffri Epshteyn bilan do‘stligi tufayli korrupsiya ayblovi qo‘yilgan edi.

Foto: Terje Pedersen

Norvegiyaning sobiq bosh vaziri (1996-1997) va Yevropa Ittifoqi kengashining sobiq bosh kotibi (2009-2019) Torbyorn Yagland moliyachi Jyeffri Epshteyn bilan yaqin aloqada bo‘lganlikda ayblanganidan keyin o‘z joniga qasd qilishga uringan va shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda iNyheter xabar berdi. Yaglandning ahvoli og‘ir ekani ta’kidlanmoqda.

12 fevral kuni Yaglandga Epshteyn bilan do‘stligi tufayli korrupsiya ayblovi qo‘yildi.

17 fevral kuni Yaglandning advokati Anders Brosvet va matbuot vakillari suiqasdga urinish haqida sukut saqlashga kelishib olganidan dalolat beruvchi xat iNyheter ixtiyoriga kelib tushgan. Brosvet o‘z joniga qasd qilish haqidagi ma’lumotni rad etmoqda va Yagland «o‘z joniga qasd qilish xavfi tufayli» shifoxonaga yotqizilganini ta’kidladi.

Brosvetning Norvegiya nashrlariga ma’lum qilishicha, Yaglandning shifoxonaga yotqizilishi sobiq bosh vazir Epshteyn bilan aloqada bo‘lganlikda ayblanganidan keyin boshdan kechira boshlagan stress oqibati bo‘lgan. Yaglandga qarshi tergovni Norvegiya politsiyasi fevral oyi boshida boshlagan edi. Keyinchalik unga og‘irlashtiruvchi holatlarda korrupsiya bo‘yicha ayblov qo‘yildi. Politsiya uning mulkida, jumladan, Frognerdagi kvartira va Risyordagi uyida tintuv o‘tkazdi.

AQSh Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan Epshteyn fayllari va Norvegiya matbuoti surishtiruvlari shuni ko‘rsatdiki, Yagland va Epshteyn uzoq muddatli shaxsiy aloqalarga ega bo‘lgan. 2012 yilgi yozishmalarda Yagland Albaniyadan Epshteynga «g‘ayrioddiy qizlar» haqida yozadi, keyinchalik 2012-2018 yillar davomida Epshteyn Yagland va uning oilasiga Parij, Palm-Bich va Nyu-Yorkdagi uylarida yashashni, pullik parvozlar, mehmonxonalar va transportni bir necha bor taklif qilgan. Shuningdek, Osloda uy-joy sotib olish va qarz yoki boshqa foyda ko‘rinishidagi ehtimoliy moliyaviy yordam muhokama qilingan. Yagland o‘zining Epshteyn bilan aloqalari «aqlsiz» bo‘lganini tan oldi, ammo uning jinoyatlarida ishtirok etmaganini ta’kidlamoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid