Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YHQni buzganlik uchun kelgan jarima bo‘yicha qanday shikoyat qilish mumkin?
O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalari (YHQ) buzilishini qayd etuvchi kameralar butun mamlakat bo‘ylab ishlaydi, jarimalar esa borgan sari avtomatik tarzda rasmiylashtirilmoqda. Bunday qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanadi va ularning to‘planishi haydovchilik guvohnomasidan mahrum bo‘lishga olib kelishi mumkin. Quyida qanday hollarda jarima bo‘yicha shikoyat qilish mumkinligi va qayerga murojaat qilish haqida ma’lumot beramiz.
Foto: YHXB
Qachon shikoyat qilish mumkin?
Shikoyat har doim ham o‘rinli emas. Quyida YHQni buzganlik uchun qo‘llanilgan jarima haqiqatan ham bekor qilinadigan holatlar keltirilgan.
Kamera xatosi yoki texnik nosozlik
Avtomatik kameralar ba’zan xatoga yo‘l qo‘yadi: avtomobil raqamini, tezlikni yoki harakatlanish yo‘lagini noto‘g‘ri aniqlashi mumkin. Ba’zi hollarda jarima ko‘rsatilgan vaqtda aslida boshqa joyda bo‘lgan mashina uchun yuborilishi ham uchraydi. Agar videoregistrator yozuvi, GPS ma’lumotlari yoki boshqa tasdiqlovchi dalillar bo‘lsa, bunday jarimani bekor qildirish mumkin.
Jarimani rasmiylashtirish tartibining buzilishi
Agar jarimani rasmiylashtirishda xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, u bekor qilinishi mumkin. Bu yerda gap qarorda noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilishi, majburiy rekvizitlarning yo‘qligi yoki uni topshirish tartibi buzilishi kabi holatlar haqida ketmoqda. Bunday vaziyatlarda faqat qoidabuzarlikning o‘zi emas, balki qaror qanday tarzda rasmiylashtirilgani ham muhim ahamiyatga ega.
Agar shunday xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, qaror belgilangan tartib buzilgan holda chiqarilgan deb topiladi va shikoyatni ko‘rib chiqish jarayonida qonunga muvofiq bekor qilinishi mumkin.
Avtomobil o‘g‘irlangan, sotilgan yoki boshqa shaxs tomonidan boshqarilganida
Agar qoidabuzarlik sodir etilgan vaqtda avtomobil allaqachon sotilgan, o‘g‘irlangan holatda bo‘lsa yoki uni boshqa shaxs boshqargan bo‘lsa, jarima ustidan shikoyat qilish mumkin. Muhimi, mashinani siz boshqarmaganingizni isbotlash.
Agar mashinani boshqa shaxs boshqargani yoki qoidabuzarlik qayd etilgan vaqtga qadar avtomobil sizning tasarrufingizdan chiqqanini isbotlay olsangiz, jarima bekor qilinadi, chunki qonunga ko‘ra, aybdorlik aniqlanmasdan javobgarlik yuklanmaydi.
Inspektor qonun talablariga zid harakat qilganida
Inspektor tomonidan qilingan protsessual qoidabuzarlik ham shikoyatga asos bo‘lishi mumkin. Masalan, huquqlaringiz tushuntirilmagan, izohlaringizni qabul qilishdan bosh tortishgan yoki hujjatlarni rasmiylashtirishda xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa. Bunday harakatlar tekshiriladi va qaror bekor qilinishi mumkin.
Agar haydovchining huquqlari buzilgan bo‘lsa, qaror protsessual qoidabuzarlik bilan chiqarilgan deb topiladi va qonunga muvofiq jarima bekor qilinadi.
Shikoyat qilish muddati
Shikoyat qilish muddati qonun bilan qat’iy belgilangan. Agar muddatni uzrli sababsiz o‘tkazib yuborsangiz, jarima belgilashdagi xatolar aniq bo‘lsa ham shikoyat ko‘rib chiqilmasligi mumkin.
YHQni buzganlik uchun jarima bo‘yicha shikoyat qaror olingan kundan boshlab 10 kun ichida taqdim etiladi. Muddat qoidabuzarlik sodir bo‘lgan kundan emas, balki haydovchi hujjatni qog‘oz, pochta orqali yoki elektron tarzda olgan kundan boshlab hisoblanadi.
Muddat o‘tib ketgan bo‘lsa nima qilish kerak ?
Agar 10 kunlik muddat uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan bo‘lsa, uni tiklash mumkin. Bunday sabablarga, masalan, kasallik, mehnat safari yoki qaror kechiktirib yetkazilgan holatlar kiradi. Bu holatlar shikoyatda ko‘rsatilishi va hujjatlar bilan tasdiqlanishi kerak.
Nima uchun jarimani to‘lashni muddat oxirigacha cho‘zmaslik kerak?
Shikoyat qilish va jarimani to‘lash muddati parallel ravishda o‘tadi. Agar to‘lov muddati tugashini kutib, shundan keyin shikoyat bersangiz, ajratilgan 10 kunlik muddatga ulgurmaslik ehtimoli bor. Bunday holda shikoyat ko‘rib chiqilmasligi, jarima esa majburiy ijroga yuborilishi mumkin.
Agar asoslar mavjud bo‘lsa va muddat o‘tkazib yuborilmagan bo‘lsa, shikoyatni ikki xil usuldan biri orqali berish mumkin. Tanlov vaziyatga va jarima qanday tarzda belgilanganiga bog‘liq:
● Davlat xizmatlari portali orqali
● Sud orqali
my.gov.uz orqali shikoyat qilish
Agar jarima tizimda ko‘rinsa va sizda o‘zingizni himoya qilish uchun dalillar bo‘lsa, my.gov.uz portali orqali shikoyat qilishingiz mumkin.
Kirish va xizmatni tanlash
Shaxsiy kabinetga kirgandan so‘ng Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima yuzasidan shikoyat qilish xizmati tanlanadi. Birinchi ekranda transport turi — shaxsiy avtomobil yoki ishonchnoma orqali boshqarilayotgan avtomobil ko‘rsatiladi.
Jarima to‘g‘risidagi ma’lumot
Qoidabuzarlik hududi, avtomobil va qaror raqami ko‘rsatiladi. Shundan so‘ng tizim jarima to‘g‘risidagi ma’lumotlarni avtomatik ravishda yuklaydi.
Arizachi to‘g‘risidagi ma’lumot
Aloqa ma’lumotlari va yashash hududi avtomatik ravishda to‘ldiriladi va tekshiriladi. Bu ma’lumotlardan murojaatni qayd etishda foydalaniladi.
Shikoyat matni va dalillar
Murojaatda qarordan norozilik sababi ko‘rsatiladi. Shikoyatga arizachi fikrini tasdiqlaydigan foto, video, hujjat yoki skrinshotlar ilova qilinishi mumkin.
Murojaatni ko‘rib chiqish
Shikoyat qayd etiladi va tekshiruvga yuboriladi. Yakuni bo‘yicha qaror qabul qilinadi — jarima bekor qilinadi yoki o‘z kuchida qoladi. Javob portaldagi shaxsiy kabinetga keladi.
Sud orqali shikoyat qilish
Agar onlayn murojaat samara bermasa yoki jarima qonuniyligiga shubha bo‘lsa sud orqali shikoyat qilinadi. Bu huquq ma’muriy qonunchilikda ko‘zda tutilgan va qoidabuzarlik qayd etilish usuliga bog‘liq emas.
Qaysi sudga murojaat qilinadi
Shikoyat ma’muriy ishlar bo‘yicha sudga beriladi. Jarima to‘g‘ri qo‘llanilgani va haydovchi huquqlari buzilgan-buzilmaganini aynan sud tekshiradi.
Qanday hujjatlar kerak
Shikoyatga jarima to‘g‘risidagi qaror va sud qarorning qonuniyligini baholay olishi uchun zarur bo‘lgan hujjatlar ilova qilinadi. Sud faqat qarorning o‘ziga emas, balki haydovchi tomonidan taqdim etilgan dalillarga: fotosuratlar, videoyozuvlar, videoregistrator yozuvlari va uning pozitsiyasini tasdiqlovchi boshqa materiallarga ham e’tibor qaratadi.
Sud rad etsa nima qilish kerak?
Birinchi instansiya sudining rad javobi qarorni qayta ko‘rib chiqish mumkin emasligini anglatmaydi. Qonun belgilangan tartib va muddatlarga rioya qilingan holda qaror ustidan qaytashikoyat qilish imkoniyatini nazarda tutadi.
Sud qabul qilingan qaror haqida arizachini rasmiy tarzda xabardor qiladi: qaror nusxasi shaxsan topshiriladi, pochta orqali yuboriladi yoki elektron shaklda joylashtiriladi. Keyingi muddat aynan ushbu qaror olingan paytdan boshlab hisoblana boshlaydi.
Apellyatsiya berish mumkinmi?
Agar haydovchi birinchi instansiya sudi qaroridan norozi bo‘lsa, apellyatsiya shikoyati berish huquqiga ega. Apellyatsiya sud xulosalarini qayta tekshirish va ish bo‘yicha keltirilgan dalillarni qaytadan baholash imkonini beradi.
Apellyatsiya shikoyatini sud qarori olingan kundan boshlab 10 kun ichida berish mumkin.
Agar muddat o‘tib ketsa, qaror qonuniy kuchga kiradi va shikoyat berish imkonsiz bo‘ladi.
Shikoyat berilgan vaqtda jarimani to‘lash kerakmi?
Jarima yuzasidan shikoyat berish uning avtomatik ravishda bekor qilinishiga olib kelmaydi, lekin to‘lov muddati va imtiyoz qo‘llanilishi imkoniyatiga ta’sir qiladi.
Agar yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima jarima yuzasidan shikoyat bergan bo‘lsangiz, jarimani qaror qabul qilinguniga qadar to‘lashning keragi yo‘q. To‘lash majburiyati shikoyat qanoatlantirilmaganidan keyingina yuzaga keladi.
Jarima qancha muddat ichida to‘lanishi kerak
- Agar shikoyat berilmagan bo‘lsa, qaror chiqarilgan kundan boshlab 60 kun ichida to‘lash kerak.
- Agar shikoyat berilsa, lekin u rad etilsa, jarimani rad javobi berilgani haqidagi xabarnoma olingan kundan boshlab 30 kun ichida to‘lash lozim.
Jarimani to‘lash va uni qaytarib olish mumkinmi?
Ha, YHQni buzganlik uchun jarimani shikoyat qilish jarayoni tugamasidan oldin ham to‘lash mumkin. Agar qaror bekor qilinsa, to‘langan summa qaytarilishi shart. Buning uchun qarorni chiqargan organga to‘lovni tasdiqlovchi hujjat bilan birga ariza topshiriladi.
Shikoyat berilganida imtiyoz amal qiladimi?
YHQni buzganlik uchun jarimani to‘lashda imtiyozli to‘lov mavjud:
- 50% chegirma — 15 kun ichida to‘lansa,
- 30% skidka — 30 kun ichida to‘lansa.
Ammo agar shikoyat bergan bo‘lsangiz, imtiyoz qo‘llanmaydi. Hattoki imtiyozli to‘lov muddati tugamagan bo‘lsa ham shikoyat berish chegirma bilan to‘lash huquqidan mahrum qiladi.
Agar jarima to‘lanmasa nima bo‘ladi?
Agar jarima to‘lanmasa va shikoyat berilmasa yoki rad etilsa, qaror majburiy ijroga beriladi. Shu ondan boshlab undirish choralari qo‘llanilishi mumkin, qarz miqdori esa ijro xarajatlari hisobiga oshishi mumkin.
Yodda saqlash muhim
Mavzuga oid
23:28 / 11.02.2026
Toshkentda yo‘l qoidabuzarliklariga oid jarimalar bo‘yicha shikoyatlar uchun Call-markaz ishga tushdi
19:26 / 01.08.2025
Qirg‘izistonda 1 sentabrdan yo‘llarda haydovchilarning qoidalar bo‘yicha bilimini tekshirish boshlanadi
12:22 / 14.07.2025
Yo‘l harakatiga oid ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish tartibi bo‘yicha yo‘riqnoma tasdiqlanadi
11:20 / 30.04.2025