O‘zbekiston | 11:03
1883
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat xaridlari: 189 ta qonunbuzarlik va 2 ta jinoyat ishi

2025 yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat xaridlarida aniqlangan qonunbuzilish holatlari 2024 yilga nisbatan 60 foizga kamaydi, lekin qonunbuzilishlar qiymati 34 foizga oshdi. O‘tgan yili 666,6 mlrd so‘mlik 189 ta davlat xaridida qonunbuzarlik aniqlangan va jami 26 nafar mansabdor shaxs ma’muriy yoki intizomiy javobgarlikka tortilib, faqat 2 ta holatda jinoyat ishi ochilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi / Foto: Kun.uz

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2025 yilda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 666,6 mlrd so‘mlik 189 ta davlat xaridida qonunbuzilishga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili davlat xaridlarida aniqlangan qonunbuzilish holatlari soni 2024 yilga nisbatan 282 taga yoki 60 foizga kamaygan bo‘lsa-da, aniqlangan qonunbuzilishlar qiymati 167,9 mlrd so‘mga yoki 33,7 foizga ortgan.

189 ta qonunbuzilish holatidan 60 tasida (umumiy qiymati 70 mlrd so‘m) davlat xaridi bekor qilingan. 87 ta xarid (umumiy qiymati 560,1 mlrd so‘m) bo‘yicha esa qonunbuzarlikning oldini olish choralari belgilangan.

Qonunbuzilish holatlarining 102 tasi (54 foiz) noxolis baholash yoki raqobatni cheklash, 32 tasi (17 foiz) afillanganlik, 36 tasi (20 foiz) manfaatlar to‘qnashuvi, 19 tasi (9 foiz) esa boshqa holatlar bilan bog‘liq.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha 14 nafar mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka, 12 nafar mansabdor intizomiy javobgarlikka tortilgan. 2 ta holatda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Korrupsiyaga duch kelsangiz, Agentlik koll-markaziga 1253 orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz”, – deyiladi idora xabarida.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев

Mavzuga oid