Jamiyat | 16:04
1032
3 daqiqa o‘qiladi

Qurilishda hajmni yashirishga chek qo‘yish bo‘yicha yangi mexanizmlar ishlab chiqildi

Vazirlar Mahkamasining qurilish sohasini raqamlashtirishga qaratilgan qaror loyihasi tayyorlandi. Loyihaga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan Toshkent shahar va Toshkent viloyatida eksperiment tariqasida qurilish hajmini yashirib ko‘rsatish holatlarini kamaytirishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etilishi mumkin.

Foto: Depositphotos

Loyihada qurilishda hajm va xarajatlarning asossiz oshirilishi yoki kamaytirilishiga chek qo‘yish uchun loyiha-smeta hujjatlarini bosqichma-bosqich raqamlashtirish taklif etilgan. Birinchi bosqichda test rejimida loyiha-smeta hujjatlari raqamlashtirilib, 1–2 ta obektda sinab ko‘riladi. Sinov ijobiy yakunlansa, loyiha-smetadagi resurs narxlarini “Qurilish resurslari milliy klassifikatori” elektron platformasidagi kodlar asosida avtomatik belgilash amaliyotini sinash rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, test natijalari ijobiy bo‘lgan taqdirda qurilish-montaj ishlari bo‘yicha bajarilgan ishlar haqidagi hisobvaraq-fakturalar, loyihalarga kiritiladigan har qanday o‘zgarish va qo‘shimchalar, obektning tasdiqlangan qiymatiga nisbatan oshish ko‘rsatkichlari obekt kesimida yagona identifikatsiya raqami bilan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida aks ettirilishi nazarda tutilgan.

Loyihada pudrat va subpudratchilar o‘rtasida tuziladigan shartnomalar hamda bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi dalolatnomalarni (2-shakl) raqamlashtirish, shu jumladan, hujjatlarda haqiqatdagi ish haqi fondini alohida ko‘rsatish talabi ham belgilanmoqda.

Qurilish materiallari aylanmasini tartibga solish maqsadida loyihalashtirishdan oldin “loyihalashtirish topshirig‘i” tuzish, unda uskuna va materiallarga bo‘lgan talablar ro‘yxatini “Qurilish resurslari milliy klassifikatori” kodlari bilan birgalikda shakllantirish taklif etilgan.

Qaror loyihasiga ko‘ra, qurilish ishlari bo‘yicha hisobotlar asoslovchi hujjatlar bilan birga “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali elektron shaklda taqdim etilishi shart bo‘ladi. Soliq organlariga esa ushbu ma’lumotlarni real vaqt rejimida nazorat qilish huquqi berilishi mumkin.

Loyihada, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi va aylanmasi ustidan raqamli kuzatuv tizimini joriy etish, mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimiga integratsiya qilish hamda importda MXIK kodlari orqali avtomatik identifikatsiya qilish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid