Jamiyat | 08:13
1030
2 daqiqa o‘qiladi

Yakkasaroyda daraxtlar o‘zboshimchalik bilan kesilgani aniqlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilgan murojaat asosida Yakkasaroy tumani, Tafakkur ko‘chasi 57-uy hududida daraxtlar o‘zboshimchalik bilan kesilgani aniqlandi. Holat yuzasidan o‘simlik dunyosiga 56 million 238 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgani hisoblanib, mas’ullarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi hamda materiallar sudga yuborildi.

Foto: Ekologiya vazirligi

Ijtimoiy tarmoqlar orqali Yakkasaroy tumani, Tafakkur ko‘chasi 57-uy orqa qismida bir nechta daraxtlar kesilgani yuzasidan fuqarolar tomonidan murojaat qoldirilgan.

Mazkur murojaat asosida Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasining Yakkasaroy tuman bo‘limi davlat ekologik nazorat inspektorlari tezkor tartibda joyiga chiqib, holatni atroflicha o‘rgandi hamda tegishli nazorat tadbirlarini amalga oshirdi.

O‘rganish jarayonida aniqlanishicha, Yakkasaroy tumani, "Konstitutsiya" MFY, Tafakkur ko‘chasi 57-uy hududida joylashgan hovlida KNK EUROINVEST MChJ tomonidan hududda o‘sib turgan daraxtlar o‘zboshimchalik bilan kesib tashlangan.

Inspektorlar tomonidan daraxtlarning soni, turi va holati o‘rganilib, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar belgilangan tartibda hisob-kitob qilindi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan umumiy zarar miqdori 56 million 238 ming so‘mni tashkil etgani aniqlandi.

Aniqlangan huquqbuzarlik holati yuzasidan KNK EUROINVEST MChJ rahbariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, to‘plangan hujjatlar va materiallar qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqish va huquqiy baho berish uchun MJtKning 245-moddasi 3-qismiga muvofiq sud organlariga yuborilishi ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, hududda mavjud daraxtlar davlat inspektorlari tomonidan to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, ularning saqlanishi nazoratga olindi. MChJ rahbariga kesilgan daraxtlar o‘rnini qoplash maqsadida belgilangan tartibda kompensatsion daraxt ekish, ularni parvarish qilish hamda yashovchanligini ta’minlash yuzasidan majburiy ko‘rsatma berildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid