Jamiyat | 11:10
530
2 daqiqa o‘qiladi

“Yoshlar daftari”ga kirish mezonlari qayta ko‘rib chiqildi

Hukumat qarori bilan Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 7 iyundagi 312-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, “Yoshlar daftari”ga kiritish mezonlari hamda ijtimoiy yordam ko‘rsatish mexanizmi takomillashtirildi.

Foto: O‘zA

Qarorga muvofiq, “Yoshlar daftari”ga doimiy yoki vaqtincha yashash joyi bo‘yicha 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan (31 yoshga to‘lmagan) yoshlar kiritiladi. Bunda quyidagi toifalar nazarda tutilgan:

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar a’zolari;
oilasining oylik daromadi oila a’zolarining har biriga minimal iste’mol xarajatlari miqdorining 2 baravaridan ko‘p bo‘lmagan yoshlar.

Yangi tartibga ko‘ra, ariza beruvchi “Yoshlar daftari”ga kirish va ijtimoiy yordam turlaridan birini so‘rab Davlat xizmatlari markazlari, YaIDXP (my.gov.uz) yoki Yoshlar yagona elektron platformasi orqali murojaat qiladi.

Shuningdek, “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan ko‘rsatiladigan yordamlar individual reja asosida tuziladigan ijtimoiy shartnoma orqali taqdim etiladi. Ijtimoiy shartnoma shartlarining bajarilishi elektron platforma orqali avtomatik tarzda monitoring qilinadi va har oy 100 balli tizim asosida baholanadi.

Kamida 6 oy davomida ijtimoiy shartnoma shartlarini “a’lo” darajada bajargan va o‘rtacha oylik ko‘rsatkichlari eng yuqori bo‘lgan 1 000 nafargacha yoshlar har yili dekabr oyida BHMning 3 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid