O‘zbekiston | 19:25 / 02.03.2026
2502
5 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik attestatsiya testida xatolik bo‘lganini tan oldi

O‘tgan yilgi tarix fanidan attestatsiya imtihonida tushgan bir savol o‘qituvchilar orasida katta norozilik keltirib chiqargandi. Pedagoglar vazirlik to‘g‘ri javobni xato deb belgilagani uchun sudga murojaat qilgan, lekin yutqazishgandi. Endi esa vazirlik xatolikni tan olib, to‘g‘ri javobni belgilaganlarga ball qo‘shib berilishini ma’lum qildi.

Foto: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi

O‘zi nima gap?

Har yili o‘qituvchilar malaka toifasini olish uchun attestatsiya imtihonlaridan o‘tishadi. Imtihonlar 2 ta bosqichda: spetsifikatsiya bo‘yicha fandan 40 ta savolli test va pedagogik mahoratini aniqlash uchun 10 ta topshiriq ko‘rinishida o‘tadi.

2025 yil aprel-may oylarida tarix fanidan o‘tgan attestatsiyaning birinchi bosqichi, ya’ni testda tushgan bir savol ko‘plab o‘qituvchilarning e’tirozlarini keltirib chiqardi. Unga ko‘ra, testda 32-savol bo‘lib kelgan “Yustinian vafotidan keyin Vizantiyadan Ispaniyani tortib olgan qabila nomini belgilang” savolida kelgan to‘g‘ri javob xato sifatida ko‘rsatilgan. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, test tuzuvchi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi savolga to‘g‘ri javob sifatida “langobardlar” variantini olgan, ammo aksariyat o‘qituvchilar “vestgotlar” javobi to‘g‘ri ekanini, shu sabab ayni variant belgilanganini aytib, shikoyat qilgan.

Bu savolda kamida 100 dan ortiq o‘qituvchi “vestgotlar” javobini belgilagan. Imtihondan keyingi audiochatda 100+ kishi aynan shu javobni tanlaganini izohlarda yozgan, shaxsiyga yozgan. Bir so‘rovnoma o‘tkazganimda esa 1000 dan ortiq odam “vestgotlar”ni belgilaganini bildirgan”, - deydi Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan tarix fani o‘qituvchilaridan biri.

Shu vaj bilan ko‘plab pedagoglar nomidan 4 nafar o‘qituvchi Maktabgacha va maktab vazirligi ustidan sudga da’vo arizasini kiritgan. Ammo ular sudda yutqazishgan. Biroq markazdan ijobiy javob bo‘lmagan. Shu sabab ko‘plab pedagoglar nomidan 4 nafar tarix fani o‘qituvchisi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ustidan sudga da’vo arizasi kiritib, bir qancha instansiyalarda yutqazishgan.

Markaz xulosasi

Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazining o‘qituvchilarga taqdim qilgan xulosasiga ko‘ra, mazkur savol 2025 yil bahorda o‘tkazilgan o‘qituvchilarni malaka toifa attestatsiyasida (berilgan spetsifikatsiya asosida) tushgan savol bo‘lib, 2022 yilda nashrdan chiqqan 7-sinf jahon tarixi darsligidan tuzilgan.

Ushbu savol orqali langobardlar asos solgan qirollik (yoki davlat) emas, shunchaki egallagan hudud so‘ralgan, xolos.

Savolning mazmuniga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, birinchidan, savol Yustinian I vafotidan so‘ng deb aytilgan, vestgotlar Ispaniyani Yustinian I hukmronligi davrigacha egallagan. Ikkinchidan, savolda Ispaniyani tortib olgani so‘ralgan, o‘z davlatiga asos solgani so‘ralmagan”, – deyiladi izohda.

Unga qo‘shimcha ravishda langobardlar Ispaniyada o‘z davlatiga asos solmagan bo‘lsa-da, qisqa muddat davomida egalik qilgani aytiladi. Ammo o‘zbek va xorij olimlari buning teskarisini ma’lum qilishgan.

O‘qituvchilar keltirgan manbalar

Sud, vazirlik va markaz tan olmagan ilmiy faktlarni tasdiqlash uchun da’vogarlar o‘zbek olimlariga tegishli ilmiy manbalar va xorij professorlari, xususan, AQShning Pensilvaniya, Buyuk Britaniyaning Linkoln hamda Fransiyaning Bordo Monte universitetiga yuzlanishgan.

Kun.uzʼga taqdim qilingan adabiyotlardan skrinshotlar va javob xatlarida langobardlar Ispaniyaga kirmagani, uni bosib olmagani, buni vestgotlar amalga oshirgani yozilgan. Quyida shular keltiriladi.

Vazirlik xatolikni tan oldi

Pedagoglarning salkam bir yillik tashkilotlar va sudga qilgan murojaatlari besamar bo‘lgach, ular prezidentga xat yo‘llagan. Shundan so‘ng, Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazida masala yuzasidan tarixchi olimlar ishtirokida muhokama bo‘lib o‘tgan.

Va shunga asosan vazirlik e’tirozli “savol mazmunida ilmiy talqinlar o‘rtasida tafovut mavjudligi, savol tuzilishida aniqlashtirish zarurati borligi”ni ma’lum qildi.

Testda ushbu savol tushgan pedagoglarning attestatsiya natijalariga tegishli o‘zgartirish kiritish maqsadga muvofiq deb topildi. Bunda ushbu test savol uchun bir nechta javob variantlarni (A) Langobardlar, B) Vestgotlar) to‘g‘ri deb qabul qilinishi hamda o‘quv adabiyotlari mazmunini aniqlashtirish bo‘yicha ilmiy-metodik ishlar tashkil etilishini ma’lum qilamiz”, – deyiladi rasmiy izohda.

Eslatib o‘tamiz, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, malaka toifasini olish uchun o‘tkaziladigan attestatsiya imtihonida belgilangan ball olgan pedagoglarga bazaviy tarif stavkasining 70 foizi miqdorida ustama haq to‘lanishi lozim.

Buning uchun o‘qituvchi oliy (80ball) yoki birinchi (70 balldan 79 ballgacha) toifaga ega bo‘lishi kerak.

Дилшода Шомирзаева
Muallif Дилшода Шомирзаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid