Jahon | 15:25
5343
10 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharqda davom etayotgan urush, Moskvaning «suzuvchi hamyoni» va Xominaiyning o‘limi ortidan Pokistondagi to‘qnashuvlar – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Urush davom etmoqda

Shanba kuni Yaqin Sharqda boshlangan urush uchinchi kunki davom etmoqda. Eron oliy rahnamosi o‘ldirildi, urush Yaqin Sharq bo‘ylab tarqalmoqda.

Dushanba kuni Isroil harbiy kampaniyasini Livandagi «Hizbulloh»ga qarshi kengaytirdi. «Hizbulloh» Eron oliy rahnamosi Ali Xominaiyning o‘ldirilishiga javoban Isroilga raketa va dronlar uchirganini tan oldi. Shundan keyin Isroil Livandagi guruhga tegishli obektlarga hujum boshladi.

Isroil harbiylari Livandan otilgan snaryad urib tushirilgani, boshqalari esa ochiq hududlarga tushganini ma’lum qildi. 2 martga o‘tar kechasi Isroil Bayrutning «Hizbulloh» nazoratidagi janubiy chekka hududlariga havo zarbalari berdi, Livan poytaxtida o‘ndan ortiq portlashlar yuz berdi. Shuningdek, Bayrut yaqinida «Hizbulloh»ning yuqori martabali a’zolari nishonga olingani aytildi.

Bundan tashqari, Isroil harbiy-havo kuchlari Tehron osmonida to‘liq ustunlikka erishgani va poytaxt bo‘ylab razvedka, xavfsizlik hamda harbiy qo‘mondonlik markazlariga zarbalar berilganini bildirdi.

Eronda esa vaqtincha Oliy rahbar vazifasini bajarish uchun 3 kishilik kengash tuzildi. Unga Eron Fiqh kengashi a’zosi Alirizo Arofiy, amaldagi prezident Mas’ud Pizishkiyon va Oliy sud raisi G‘ulom-Husayn Muhsiniy kirgan.

Eron muhofizlar korpusi oliy rahbarning o‘limidan keyin qarshi hujumlarga zo‘r berishini bildirmoqda.

Xususan, Eron raketa zarbasi oqibatida Isroilda kamida to‘qqiz kishi halok bo‘lib, 20 dan ortiq kishi yaralandi. Ma’lum bo‘lishicha, ballistik raketa Quddus yaqinidagi Beyt-Shemesh shahriga qulagan. Buning oqibatida turar joy binosi vayron bo‘lgan va yong‘in chiqqan.

Tramp:«amaliyot to‘rt hafta davom etishi mumkin»

AQSh prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni Eronga qarshi boshlangan qo‘shma harbiy kampaniyasi taxminan to‘rt hafta davom etishini ma’lum qildi.

«Bu har doim to‘rt haftalik jarayon bo‘lib kelgan», - dedi Tramp Daily Mail nashriga. «U qanchalik kuchli bo‘lmasin, bu katta mamlakat, shuning uchun bunga to‘rt hafta yoki undan ham kamroq vaqt ketadi», - deya qo‘shimcha qildi u.

«Menimcha, hamma narsa reja bo‘yicha ketmoqda, faqat biz ularning butun rahbariyatining kutilganidan ancha ko‘p qismini yo‘q qildik», - dedi u va 48 nafar Eron yetakchisi yo‘q qilingani haqidagi da’vosini yana takrorladi.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi ma’lumotlariga ko‘ra, hujumlar boshlanganidan beri AQSh kuchlari Eronning qo‘mondonlik markazlari, ballistik raketa poligonlari, harbiy kemalari va havo hujumidan mudofaa tizimlariga zarbalar bergan. Bunda B-2 bombardimonchi samolyotlari, qiruvchi samolyotlar, atom aviatsiyasi va boshqariladigan raketa tashuvchi esminetslar hamda boshqa harbiy vositalar qo‘llangan.

Eron Fors ko‘rfazi davlatlarini nishonga olgan holda dron va raketa zarbalari bilan javob qaytarmoqda. Operatsiyalar boshlanganidan beri AQShning uch nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan, besh nafari esa og‘ir yaralangan.

Shu bilan birga AQSh va Isroilning Eronga hujumi bilan boshlangan ushbu mojaro neft narxining ko‘tarilishiga va minglab aviaqatnovlar izdan chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Belgiya Rossiyaning «soya floti» tankerini ushladi

Belgiya mudofaa vaziri Teo Franken yakshanba kuni mamlakat harbiy-dengiz kuchlari Rossiyaning noqonuniy «soyadagi floti» tarkibiga kirishi taxmin qilingan neft tankeri to‘xtatilganini e’lon qildi. Frankenning so‘zlariga ko‘ra, kema Belgiyaning Zebryugge portiga olib ketilmoqda va u yerda rasman hibsga olinadi.

Belgiya va Fransiya kuchlari tomonidan yakshanba kuni qo‘lga olingan «Ethera» tankeri «soxta bayroq va soxta hujjatlar» ostida suzganlikda gumon qilinmoqda.

Fransiya prezidenti ham Shimoliy dengizda harbiy kuchlari tankerni qo‘lga olayotgani aks etgan videoni joylashtirdi va bu operatsiyani Rossiyaning soyadagi flotiga berilgan «katta zarba» deb atadi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa buni olqishlab, Fransiyaga minnatdorchilik bildirdi va kemani «Moskvaning suzuvchi hamyoni» deb atadi.

Rossiya xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tish va o‘z xom neftini chegirmali narxlarda sotish uchun egaligi aniq bo‘lmagan, ko‘pincha eski va nosoz tankerlarning yashirin tarmog‘idan foydalanadi.

Xominaiyning o‘limi: kimda motam, kimdadir bayram

Yakshanba kuni Pokiston va Iroqda AQSh—Isroilning Eronga bergan zarbalariga qarshi o‘tkazilgan namoyishlar qonli to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Pokistondagi to‘qnashuvlarda kamida 23 nafar namoyishchi halok bo‘ldi.

Xususan, Karachida AQSh konsulligining tashqi devorini buzib kirgan olomonga qarata xavfsizlik xizmati xodimlari o‘t ochgan. 10 kishi halok bo‘ldi, 34 kishi jarohatlandi.

Pokistonning shialar ko‘pchilikni tashkil etadigan yagona hududi Skardudagi to‘qnashuvlarda 11 kishi halok bo‘ldi: g‘azablangan olomon BMT binosiga o‘t qo‘ygan.

Islomobodda esa 2 kishi halok bo‘ldi. Politsiya AQSh diplomatik korpusiga bostirib kirishga urinayotgan minglab odamlarni to‘xtatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va jangovar o‘qlardan foydalangan.

Pokiston ichki ishlar vaziri Mohsin Naqvi namoyishchilarni bosiqlikka chaqirdi, shu bilan birga «biz siz bilanmiz, har bir pokistonlik Eron xalqi kabi qayg‘uda», - deya ta’kidladi.

Iroq va boshqa davlatlarda ham namoyishlar kuzatildi. Xususan, Bag‘dodda politsiya AQSh elchixonasi joylashgan «Yashil zona» yaqinida to‘plangan namoyishchilarni tarqatish uchun shovqinli granatalar va gaz ishlatdi.

G‘arbda esa bayram kayfiyati: eronlik muhojirlar oyatulloh Ali Xominaiyning o‘limini tantana bilan nishonlamoqda.

Parijda minglab odamlar Eronning inqilobdan oldingi monarxiya bayroqlarini hilpiratib, qizil gullar bilan bayram qilgan. Lissabonda esa muhojirlar Eron elchixonasi oldida yig‘ilib, tuni bilan raqsga tushgan.

Texasda ommaviy otishma

AQShning Texas shtatida ommaviy otishma sodir bo‘ldi. Voqea yakshanba kuni Ostin shahridagi bar yaqinida yuz bergan. Hujumchi yo‘ltanlamas avtomobilida kelib, oynani tushirgan va to‘pponchadan bar hovlisidagi mijozlarga qarata o‘t ochgan.

So‘ngra mashinadan tushgan va yo‘lakdagi piyodalarga qarata o‘q uzishni davom ettirgan.

Hujumda kamida ikki kishi halok bo‘ldi va 14 kishi yaralandi. Qurollangan shaxsning o‘zi ham voqea joyida politsiya bilan otishmada halok bo‘lgan. Yaradorlardan uch kishi og‘ir ahvolda qolmoqda.

Hujumchi asli senegallik, AQSh fuqaroligini olgan Ndiaga Diane ekani aniqlangan. Uning ruhiy xastaliklar tarixi bo‘lgani aytilmoqda.

Uning ustida Eron bayrog‘i tasvirlangan va old tomonida «IRAN» deb yozilgan ko‘ylak bo‘lgan. Rasmiylar ushbu hujumga AQSh va Isroilning Eronga qo‘shma zarbalari sabab bo‘lgan-bo‘lmaganini motiv sifatida o‘rganmoqda.

FQB esa ushbu jinoyatning terrorizm bilan bog‘liqlik ehtimolini tekshirmoqda.

Kobul yaqinida Pokiston samolyotlari nishonga olindi

Yakshanba kuni Kobul yaqinida Pokiston harbiy samolyotlari Afg‘oniston «Tolibon»i tomonidan nishonga olindi.

Reutersʼning yozishicha, yakshanba tongida Kobulning bir necha qismlarida portlashlar, so‘ngra o‘q ovozlari eshitilgan. Portlashlar oqibatida qurbonlar bor-yo‘qligi hozircha noma’lum.

«Tolibon» matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid aholini bosiqlikka chaqirdi: «Kobul aholisi xavotirga tushmasligi kerak. Kobulda Pokiston samolyotlariga qarshi havo hujumidan mudofaa zarbalari berildi», - dedi u.

Pokiston juma kuni Afg‘onistonning yirik shaharlariga, jumladan, poytaxt Kobul, «Tolibon» oliy rahbari Haybatulloh Oxundzoda joylashgan Qandahorga zarbalar bergandi.«Tolibon» esa avvalroq chegara bo‘ylab hujumga o‘tib, ayrim blok postlarni egallaganini bildirgan.

Saudiya Arabistoni va Qatar tomonidan olib borilayotgan diplomatik sa’y-harakatlar hozircha o‘t ochishni to‘xtatishga erisha olmadi. Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif janglar sababli Rossiyaga rejalashtirilgan safarini bekor qildi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid