Jahon | 09:34
1581
3 daqiqa o‘qiladi

Putin YeIga gaz yetkazib berishni muddatidan oldin to‘xtatish bilan tahdid qilmoqda

Moskva YeIning 2027 yildan Rossiya gaziga embargo joriy etish rejasi, shuningdek Yaqin Sharqdagi voqealar tufayli jahon bozorlaridagi vaziyat sabab, Yevropa uchun gaz ta’minotini muddatidan oldin to‘xtatishi mumkin, dedi Vladimir Putin.

Foto: Aleksey Filippov / Fotoxost-agenstvo brics-russia2024.ru

Rossiya Yevropa bozoriga gaz yetkazib berishni muddatidan oldin to‘xtatib, uni yanada “premium” xaridorlarga yo‘naltirishi mumkin, dedi RF prezidenti Vladimir Putin chorshanba kuni, 4 martda, VGTRK jurnalisti Pavel Zarubinga bergan intervyusida. U bu hozircha “ovoz chiqarib aytilgan fikrlar” ekanini, ularda “siyosiy zamin” yo‘qligini ta’kidladi va bunday mulohazaga YeIning 2027 yilda Rossiya gaziga embargo joriy etish rejasi hamda Yaqin Sharqda keskinlik kuchayishi, jumladan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi sabab jahon bozorlaridagi umumiy vaziyat turtki bo‘layotganini aytdi.

“Hozir boshqa bozorlar ochilyapti. Balki bizga aynan hozir Yevropa bozoriga yetkazib berishni to‘xtatish foydaliroqdir? Shu ochilayotgan bozorlarga ketib, o‘sha yerda mustahkamlanib olish?” — dedi Putin.

Shu kunning o‘zida Kreml rahbari Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto bilan uchrashdi. Budapesht Bratislava bilan birga, Ukrainadagi urush uchun Moskvaga qarshi YeI joriy etgan sanksiyalarga qaramay, Rossiya nefti va gazini sotib olishda davom etmoqda. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Siyyarto Vengriya Moskvadan global energetika inqiroziga qaramay, joriy “o‘zgarmas” narxlarda energiya resurslari yetkazib berilishi bo‘yicha kafolatlar olganini aytdi.

Energiya resurslari ta’minoti bo‘yicha kafolatlar muhokamaning markaziy mavzularidan biri bo‘ldi. Yanvar oxiridan beri Vengriya Ukraina orqali o‘tuvchi “Drujba” tranzit neft quvuri bo‘yicha Rossiya neftini ololmayapti, chunki Kiyev rahbariyati quvur shikastlanganini ma’lum qilgan. Javoban Budapesht YeIning Ukraina uchun 90 mlrd yevro miqdoridagi kreditiga to‘sqinlik qilmoqda.

Yevropa Ittifoqi 2027 yil 1 noyabrga qadar Rossiya gazini yetkazib berishdan to‘liq voz kechadi. Qaror Vengriya va Slovakiya qarshiligiga qaramay, ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilindi. Taqiq ham quvur orqali, ham suyultirilgan tabiiy gaz (STG) yetkazib berishga taalluqli.

STG importi 2026 yil oxirigacha, quvur orqali yetkazib berishlar esa 2027 yil 30 sentabrgacha to‘xtatilishi kerak. Biroq agar YeI davlatlari gaz omborlarini to‘ldirishda qiyinchilikka duch kelsa, muddat 2027 yil 1 noyabrgacha uzaytirilishi mumkin. Bundan tashqari, Rossiya bilan yangi gaz shartnomalari tuzish ham taqiqlanadi.

2024 yilda YeIga kelgan gazning taxminan 19 foizi Rossiya xomashyosi hissasiga to‘g‘ri kelgan. AFP agentligi qayd etganidek, Ukrainaga qarshi Rossiya urush boshlagani munosabati bilan Rossiya neftiga deyarli to‘liq embargo joriy etilgani va Rossiya gazini xarid qilish hajmi sezilarli qisqarganiga qaramay, 2024 yilda Yevroittifoq har oy Rossiya budjetiga taxminan 1,5 mlrd yevro to‘lagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid