Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Olimlar: dengiz sathi biz o‘ylagandan ancha baland
Yangi tadqiqotga ko‘ra, dunyo sohil chiziqlari bo‘ylab dengiz sathi avval o‘ylanganidan ancha baland - ayrim mintaqalarda 3 futdan ham ortiq. Bu esa dunyo tahdid ko‘lamini va sohillar qanchalik tez yo‘qolib borishi mumkinligini kam baholayotgani haqida xavotir uyg‘otmoqda.
Foto: REUTERS
Dengiz sathining ko‘tarilishi inson faoliyati tufayli yuzaga kelgan iqlim inqirozining eng ko‘zga ko‘rinarli va xavotirli oqibatlaridan biri bo‘lib, dunyo sohillari bo‘ylab yashovchi yuzlab million odamlarga tahdid soladi. Olimlar hisob-kitobicha, 2050 yilgacha global dengiz sathining taxminan 6 dyuymga ko‘tarilishiga allaqachon “mahkum” bo‘lib qolingan.
Biroq, Nature jurnalida chorshanba kuni e’lon qilingan ushbu tadqiqotga ko‘ra, bu hisob-kitoblar to‘g‘ri boshlang‘ich nuqtadan boshlanmayotgan bo‘lishi mumkin.
Sohilbo‘yi jamoalariga dengiz sathining ko‘tarilishi qanday ta’sir qilishini bashorat qilish uchun olimlar ko‘pincha Yerning tortishish maydoni va aylanishini hisobga olib dengiz sathini baholaydigan modeldan foydalanadi. Ammo bu usul suv ko‘tarilishiga ta’sir qiluvchi boshqa omillarni — masalan, suv qaytishi va kelishi, shamollar, okean oqimlari, harorat va sho‘rlikni hisobga olmaydi.
Niderlandiyadagi Wageningen University and Research universitetining dotsenti va tadqiqot mualliflaridan biri Filip Minderxaudning aytishicha, ishonchli dengiz sathi ma’lumotini olish uchun modelni dengiz sathini aniq o‘lchay oladigan haqiqiy sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari bilan birlashtirish kerak.
Hisobot mualliflari so‘nggi 15 yil ichida dengiz sathining ko‘tarilishi va uning sohillarga xavflari haqida chop etilgan 385 ta taqrizdan o‘tgan ilmiy tadqiqotni tahlil qildi. Ular shuni aniqladiki, 90 foizi haqiqiy o‘lchangan kuzatuvlar emas, balki faqat model taxminlariga tayangan.
Minderxaudning aytishicha, bu «metodologik ko‘r nuqta» bo‘lib, u sohillardagi dengiz sathi va u bilan bog‘liq xavflarga odamlarning duchor bo‘lish darajasini keng miqyosda kam baholashga olib kelgan.
Hisobotga ko‘ra, dunyo bo‘ylab sohillardagi dengiz sathi o‘rtacha hisobda hozir taxmin qilinayotgandan taxminan 1 fut balandroq. Ayrim joylarda — masalan, Janubi-Sharqiy Osiyo va Tinch okeanining ba’zi qismlarida bu farq 3 futgacha yetadi.
Topilmalar shuni ko‘rsatadiki, agar dengiz sathi taxminan 3 futga ko‘tarilsa, bu hozir o‘ylanganidan 37 foizga ko‘proq yer maydonini suv ostida qoldiradi va dunyo bo‘ylab 132 milliongacha insonga ta’sir qilishi mumkin.
Minderxaud shunday dedi: «Oddiy qilib aytganda, agar sizning orolingiz yoki sohil bo‘yidagi shahringiz uchun haqiqiy dengiz sathi avval taxmin qilinganidan baland bo‘lsa, dengiz sathi ko‘tarilishining oqibatlari kutilganidan ertaroq yuz beradi».
Tadqiqotda ishtirok etmagan Bristol universiteti dotsenti Mett Palmerning aytishicha, ushbu natijalar «iqlim o‘zgarishi sharoitida dengiz sathi ko‘tarilishining ta’siri tizimli ravishda kam baholanganini» ko‘rsatadi.
Taxminan 20 yil davomida dengiz sathi ko‘tarilishi ustida ishlab kelgan, Bristol Glyatsiologiya markazi direktori Jonatan Bamber esa bu natijalar uni «chindan ham hayratda qoldirganini» aytdi.
Bamberning, shuningdek, tadqiqotda ishtirok etmagan holda bildirishicha, dengiz sathining bugungi kundagi holati haqidagi noto‘g‘ri taxminlar kelajak uchun «ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan hududlar va odamlar soni nuqtai nazaridan» muhim oqibatlarga ega bo‘ladi. Ammo, u qo‘shimcha qilganidek, bu kelajakda dengiz sathi qancha ko‘tarilishi mumkinligi haqidagi prognozlarning o‘ziga ta’sir qilmaydi.
Tadqiqot mualliflari dunyo bo‘ylab dengiz sathini, shuningdek, hozir va kelajakda sohilbo‘yi jamoalari uchun yuzaga keladigan xavflarning to‘liq oqibatlarini qayta baholash uchun yanada ko‘proq ish talab qilinishini aytdi.
Mavzuga oid
00:12 / 19.03.2025
Yaqin 75 yil ichida dengiz sathi uch metrga ko‘tarilishi mumkin - olimlar
22:33 / 07.12.2024
Olimlar Daniya poytaxti suv ostida qolishi mumkinligidan ogohlantirdi
22:44 / 25.09.2024
Olimlar tezkor uyquni yaxshilaydigan asosiy retseptorni aniqladi
08:53 / 01.09.2019