Jahon | 19:54 / 09.03.2026
3075
6 daqiqa o‘qiladi

“Arablar Eron ustidan arz qilyapti” – siyosatshunos

BAA rasmiylari Erondan yo‘llanayotgan zarbalarni keskin qoralab, mamlakat o‘zini himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘rish huquqiga ega ekanini ta’kidladi. Shunga qaramay, yaqin kunlarda Eronga to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy hujum rejalashtirilmaganini bildirdi. Agar hujumlar davom etib, energetika infratuzilmalar nishonga olinsa, javob choralarini ko‘rish ehtimoli istisno qilinmayapti. Xo‘sh, mintaqaning qolgan davlatlari ham shunday harakatga qo‘l urishi mumkinmi? Kun.uzʼning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar shu haqda so‘z yuritdi.

BAA Eronga qarshi mudofaa huquqini e’lon qildi, fors ko‘rfazining boshqa davlatlari ham shunday qilishi mumkinmi?

Shavkat Ikromov: Yuqori martabali rasmiylardan biri shunday bayonot berdi, ular Eronga qarshi harbiy hujum ehtimolini istisno qilmaydi, biroq hozircha bunday reja mavjud emas va bu qadamdan tiyilishga qaror qilingan. Shu bilan birga, rasmiylar mamlakat hududiga Erondan yo‘llanayotgan zarbalarni keskin qoralab, bu harakatlar xalqaro huquq normalariga zid ekanini ta’kidladi.
Birlashgan Arab Amirliklari ham shunga o‘xshash bayonot berib, bu voqealar Eron bilan munosabatlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini bildirdi. Biroq ular vaziyatning to‘liq harbiy to‘qnashuv darajasiga yetib bormasligiga umid bildirgan. Rasmiy bayonotda yana bir muhim jihat tilga olindi: Eron ushbu mojaro davomida mamlakatning mudofaa imkoniyatlarini yetarlicha hisobga olmagan.
Ular qarshilik tezda sinadi, deb o‘ylagan bo‘lishi mumkin, biroq amalda mudofaa tizimlari ancha mustahkam ekani ta’kidlandi. Xususan, Fransiya bilan hamkorlikda tashkil etilgan havo patruli tizimi zarbalarni qaytarishda muhim rol o‘ynayotgani aytildi. Shu bilan birga, Birlashgan Arab Amirliklari yaqin kunlarda Eronga qarshi harbiy hujum boshlamasligini tasdiqladi.
Biroq bu ehtimol butunlay rad etilgani yo‘q. Shunga o‘xshash bayonotni Saudiya arabistoni tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farhan Al Saud ham bildirdi.

U eronlik hamkasbi bilan telefon orqali muloqot qilganini va vaziyat muhokama etilganini aytdi. Saudiya Arabistoni hozircha Eronga qarshi to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy hujum boshlash niyatida emas.

Ammo agar mamlakat hududidagi energetika infratuzilmasi, neft konlari, neftni qayta ishlash zavodlari yoki eksport terminallariga zarbalar berilsa, javob choralarini ko‘rish ehtimoli istisno qilinmasligi ham qayd etildi. Bundan tashqari, Bahrayn Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashiga a’zo davlatlar nomidan BMTga murojaat qilib, Eronga nisbatan choralar ko‘rish hamda mintaqadagi hujumlarni to‘xtatish bo‘yicha rezolyutsiya taklif qildi.

Asosiy savol shundaki: agar zarbalar davom etsa, mintaqa davlatlari qanchagacha sabr qiladi?! Ular faqat mudofaa bilan cheklanib qoladimi yoki mojaro kengroq harbiy eskalatsiyaga aylanadimi?

Ba’zi tahlilchilarga ko‘ra, aynan shunday eskalatsiya Isroil manfaatlariga mos kelishi mumkin. Chunki mintaqadagi keng ko‘lamli urush Eronni zaiflashtirishi ehtimoli bor.
Shu bilan birga, bunday mojaro boshqa davlatlarga, jumladan, Saudiya Arabistoniga ham jiddiy iqtisodiy zarar yetkazishi mumkin. Shu sababli arab davlatlari hozircha urushdan tiyilib, diplomatik yo‘lni tanlashga harakat qilmoqda.
Ular bir tomondan AQSh, ikkinchi tomondan Xitoy bilan faol diplomatik aloqalarni davom ettirib, mojaroning keng urushga aylanishi oldini olishga intilmoqda. Arab davlatlarining asosiy maqsadi — Eron bilan ochiq harbiy to‘qnashuvga kirishmasdan, yillar davomida shakllantirilgan iqtisodiy barqarorlik va farovonlikni saqlab qolishdir. Chunki urush nafaqat siyosiy, balki jiddiy iqtisodiy yo‘qotishlarga ham olib kelishi mumkin.

Shuhrat Rasul: Rasmiy bayonotlarga ko‘ra, nafaqat BAA, balki Saudiya Arabistoni vakillari ham agar agressiv harakatlar davom etsa, albatta, adekvat javob choralarini ko‘rishlarini bildirmoqda.

Bu bayonotlar mintaqadagi keskinlik hali ham saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi. Bugungi vaziyatda Eron ichidagi siyosiy jarayonlar ham muhim rol o‘ynamoqda. Avvalroq prezident Mas’ud Pizishkiyon mojaroni yumshatishga qaratilgan bayonotlar bergan edi.
Biroq keyingi voqealar fonida uning dastlabki pozitsiyasi qayta talqin qilinayotgani sezilmoqda. Ayrim tahlilchilarning fikricha, mamlakat ichidagi siyosiy va diniy doiralarning bosimi prezidentni yanada keskinroq bayonotlar berishga majbur qilgan bo‘lishi mumkin. Xususan, Islom inqilobi qo‘riqchilar korpusi kabi kuch tuzilmalari va ayrim diniy yetakchilarning keskin pozitsiyasi Eron siyosatiga ta’sir o‘tkazayotgani haqida ham gapirilmoqda.
Natijada Tehronning qo‘shni davlatlarga nisbatan siyosiy kursi yanada qattiqlashishi ehtimoli tilga olinmoqda. Shu sababli ayrim kuzatuvchilar mojaroning hali tugamaganini, balki yangi bosqichga o‘tishi mumkinligini aytmoqda. Agar zarbalar davom etsa, mintaqada eskalatsiya xavfi ortishi ehtimoli bor va bunday vaziyatda javobgarlik masalasi yana kun tartibiga chiqishi mumkin.

Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid