Moliya | 11:30
4986
7 daqiqa o‘qiladi

Islomiy moliya: Nega aynan O‘zbekiston va nega aynan hozir?

MDH mintaqasida islomiy moliya va islomiy bank tizimini rivojlantirish uchun ehtimol eng yaxshi fundamentga ega mamlakat – aynan O‘zbekistondir.

Sababi oddiy: bu yerda sun’iy ravishda yaratib bo‘lmaydigan muhim omil mavjud – islomiy moliyani qadrlovchi mijozlarning katta bazasi. Bu mijozlar:

  • islomiy moliya tamoyillarining qadriyatini tushunadi;
  • adolatli va shaffof bitimlar konsepsiyasi ishonadi;
  • moliya real iqtisodiyot va aktivlarga yo‘naltirilishini xohlaydi.

Ko‘plab boshqa bozorlarda islomiy bank tizimi asosan yuqoridan, tartibga solish orqali joriy etiladi. O‘zbekistonda esa unga bo‘lgan talab tabiiy ravishda pastdan shakllanmoqda. Aynan shuning uchun bu yerda salohiyat ayniqsa yuqori.

Mamlakatda islomiy bank tizimi endigina shakllana boshlagan bo‘lsa-da, zarur poydevor allaqachon mavjud:

  • demografik salohiyat yuqori;
  • ijtimoiy-diniy asoslar mavjud;
  • iqtisodiyot o‘sib bormoqda;
  • tadbirkorlar faolligi yuqori.

Bularning barchasi O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda islomiy moliya uchun eng istiqbolli bozorlardan biriga aylantiradi.

Nega islomiy moliya bank sektori o‘sishining drayveriga aylanishi mumkin?

1. Bozorni kengaytirish

Islomiy moliyaviy mahsulotlar an’anaviy bank instrumentlaridan foydalanmaydigan mijozlarga bozorga kirish imkonini beradi.

Biroq bundan ham muhim jihati shundaki, bunday mahsulotlar quyidagilarni qadrlaydigan an’anaviy mijozlarni ham jalb qiladi:

  • tuzilmalarning shaffofligi;
  • real aktivlarga asoslangan bitimlar;
  • risklarni taqsimlashga asoslangan bitimlar.

Natijada banklar chakana mijozlar, kichik va o‘rta biznes hamda korporativ sektor hisobiga mijozlar bazasini kengaytirishi mumkin.

2. Aholi mablag‘larini jalb qilish

Eng kam baholanayotgan omillardan biri – investitsion depozitlar salohiyatidir.

O‘zbekistonda aholida sezilarli miqdorda jamg‘armalar to‘plangan, biroq tushunarli va qulay investitsiya instrumentlari soni juda kam.

Shunday sharoitda islomiy investitsiya hisoblari ushbu mablag‘larni jalb qilish uchun tabiiy kanalga aylanishi mumkin. Bu esa bir vaqtning o‘zida bir nechta ijobiy natijalarni beradi:

  • banklar barqaror va uzoq muddatli resurs bazasiga ega bo‘ladi;
  • iqtisodiyot real sektorni moliyalashtirish uchun qo‘shimcha manbaga ega bo‘ladi;
  • aholi passiv daromad olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

3. Mijozlarni jalb qilish iqtisodiyoti

Ishonch – o‘sishning eng kuchli drayverlaridan biridir. Mahsulotlar tushunarli bo‘lsa, real bitimlarga (savdo, ijara) asoslangan bo‘lsa va muvofiqlik nazoratidan o‘tsa, mijozlar ularni boshqacha qabul qiladi.

Eng muhim omil – fikrlash tarzi va xabardorlik

Islomiy bank tizimini joriy etishda asosiy muammo texnologiya yoki mahsulotlarda emas, balki bozorning bu mahsulotlarni qanchalik tushunishida.

Aholining katta qismi islomiy moliyaviy instrumentlar haqida hali ham yaxshi bilmaydi. Odamlar o‘nlab yillar davomida foizli kredit va depozitlardan foydalangan, shuning uchun muqobil moliyalashtirish modeli haqida barqaror tushunchalar shakllanishi va qabul qilinishi uchun vaqt kerak.

Islomiy mahsulotlar boshqa terminologiyadan, boshqa iqtisodiy mantiqdan va boshqa huquqiy konstruksiyalardan foydalanadi (savdo, ijara va hamkorlikka asoslangan). Shu sababli ularni muvaffaqiyatli joriy etish uchun moliyaviy savodxonlikni oshirish va xabardorlikni kengaytirish bo‘yicha tizimli ish olib borish zarur.

Bu yerda quyidagilar muhim rol o‘ynaydi:

  • banklardagi kadrlarning malakasi;
  • mijozlar uchun tushunarli va shaffof kommunikatsiya;
  • bank xodimlarining mahsulotni oddiy va aniq tilda tushuntira olish qobiliyati.

Ko‘pincha eng yaxshi marketing – bu bank xodimi bo‘lib, u mijozga 120 soniya ichida islomiy mahsulot qanday ishlashini va uning iqtisodiy mantiqi nimada ekanini tushuntirib bera olishi lozim.

Shuning uchun islomiy bank tizimini joriy etish shunchaki IT-loyiha yoki mahsulotlar qatorini o‘zgartirish emas. Bu bank ichida ham, mijozlar orasida ham fikrlash tarzini o‘zgartirish va yangi moliyaviy madaniyatni shakllantirishdir.

Aynan shu sababli inson kapitali va to‘g‘ri kommunikatsiya strategiyasi islomiy moliya mahsulotlarini muvaffaqiyatli joriy etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Avval maqsad, keyin strategiya

Strategiya – xodimlar ishonadigan hikoya bo‘lishi kerak, hech kim o‘qimaydigan prezentatsiya emas.

Odamlar platformalardan muhimroq. Hech qanday mukammal AT tizimi quyidagilarni o‘rnini bosa olmaydi:

  • yagona missiya;
  • to‘g‘ri siyosat;
  • xodimlarni o‘qitish;
  • to‘g‘ri rag‘bat tizimi.

Islomiy moliya mahsulotlari bo‘yicha kuchli mutaxassisni jalb qilish juda muhim. U:

  • islomiy moliya talablarini tushunishi;
  • mahsulotlarni to‘g‘ri tizimlashtirishi;
  • to‘liq mahsulotlar liniyasini shakllantira olishi kerak.

Bu O‘zbekistonga nima beradi?

O‘zbekistonda islomiy moliyani rivojlantirish nafaqat mumkin, balki strategik jihatdan muqarrar jarayondir. Bu qadriyatlarga asoslangan katta bozorga kirish imkonini beradi va yanada barqaror moliyalashtirish manbalarini yaratadi.

Bundan tashqari, islomiy moliyani joriy etish iqtisodiy o‘sishni quyidagi yo‘llar orqali rag‘batlantiradi:

  • savdo va ishlab chiqarishning kengayishi;
  • davlat uchun soliq tushumlarining ortishi;
  • biznes faolligi va tadbirkorlikning rivojlanishi;
  • xavfsiz investitsiyalar orqali aholi farovonligining oshishi;
  • iqtisodiyotga yangi moliyaviy resurslarning kirib kelishi.

Albatta, bu mamlakat uchun oson yo‘l emas. Bu shunchaki biznes modelini o‘zgartirish emas, balki tizimli transformatsiyadir. Biroq to‘g‘ri strategiya, malakali kadrlar va intizom bo‘lsa, bu transformatsiya muvaffaqiyatli, barqaror va o‘z vaqtida amalga oshishi mumkin.

Ehtimol, eng muhimi

Bugun O‘zbekiston noyob bosqichda turibdi.

Mamlakat islomiy moliya infratuzilmasini endigina shakllantirmoqda. Bu esa o‘yin qoidalari, standartlar va eng yaxshi amaliyotlar aynan hozir shakllanayotganini anglatadi.

Bugun ushbu bozorga kirganlar shunchaki ishtirokchilar bo‘lib qolmaydi – ular Markaziy Osiyodagi islomiy moliya bozorining kelajak me’morlariga aylanishadi.

Xondamir Nusratxo‘jayev,
moliya sohasida xalqaro mutaxassis,
ibf.mufeed.uz kursi muallifi

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid