Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Uzum O‘mon suveren tuzilmalaridan 130 mln dollardan ortiq investitsiya jalb qildi
Uzum raqamli ekotizimi strategik investitsiya raundi doirasida 130 mln dollardan ortiq mablag‘ jalb qildi. Yetakchi investor O‘mon Sultonligi suveren investitsiya fondi bo‘ldi, shuningdek, moliyalashtirish raundida kompaniyaning joriy investorlari: VP Capital, Tencent va FinSight Ventures ishtirok etdi.
Bitim kompaniyaning aksiyadorlik kapitaliga investitsiyalarni va tizimli moliyalashtirishni o‘z ichiga oladi. Bitim doirasida Uzum ekotizimining investitsiyalarni jalb qilishdan oldingi (pre-money) bahosi 2,3 mlrd dollar darajasida qayd etildi.

Yuqori texnologiyali sohalarni rivojlantirishga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish vazifalari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025 yil dekabr oyida mamlakat xalqiga yo‘llangan murojaatda ta’kidlangan edi. 2026 yilda 50 mlrd miqdorida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish vazifasi qo‘yilib, Yaqin Sharq investorlaridan mablag‘larni jalb etuvchi yangi kelishuv mamlakatga ushbu maqsad sari muhim qadam tashlash imkonini beradi.
O‘mon Sultonligi suveren jamg‘armasi investitsiyalarini jalb qilish xalqaro hamkorlarning mintaqadagi eng jadal rivojlanayotgan raqamli bozorlardan biri sifatida O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini aks ettiradi. Bitim O‘zbekiston va Yaqin Sharq mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.

Jalb etilgan mablag‘lar ekotizimning asosiy yo‘nalishlari: elektron tijorat, fintex servislarini yanada rivojlantirish, shuningdek, texnologik infratuzilmani kengaytirish va mamlakatning barcha hududlari aholisi uchun zamonaviy raqamli servislardan foydalanish imkoniyatini oshirishga yo‘naltiriladi.
— Uzum dunyoning yetakchi investorlari ishonchini qozonib, mamlakat iqtisodiy salohiyatini qanday ro‘yobga chiqarish mumkinligiga yorqin misol bo‘ldi. Va, albatta, biz uchun O‘mon Sultonligining suveren jamg‘armasidan investitsiyalarni jalb qilish nafaqat davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning mustahkamlanishidan dalolat beradi, balki O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan izchil ishlarning muhim natijasidir. Biz xalqaro hamkorlik kengayib borayotganini va iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan loyihalarda global investorlar ishtirok etayotganini olqishlaymiz, — dedi O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov.
— Biz zamonaviy raqamli servislarni millionlab odamlar va biznes uchun ochiq qiladigan milliy miqyosdagi texnologik infratuzilmani izchil yaratmoqdamiz, — dedi Uzum asoschisi va bosh direktori Jasur Jumayev. — Bugungi kunda biz uchun nafaqat o‘monlik hamkorlarning yuqori bahosi, balki strategiyamizni qo‘llab-quvvatlab, Uzum o‘sishiga sarmoya kiritishda davom etayotgan dastlabki investorlarimizning ishonchi ham muhimdir. Mamlakatimiz ulkan salohiyatga ega va bugun biz buni yana bir bor butun dunyoga namoyish etdik.

Bugungi kunda Uzum servislaridan oyiga 20 milliondan ortiq o‘zbekistonliklar foydalanmoqda, 2025 yilda ekotizimning elektron tijorat yo‘nalishining aylanmasi 1,5 barobarga o‘sib, 500 million dollardan oshdi. Ekotizim tashkil etilganidan buyon mamlakat iqtisodiyotini raqamlashtirishning drayverlaridan biri bo‘lib qolib, O‘zbekistonning jahon investitsiya hamjamiyatidagi mavqeyini mustahkamlab kelmoqda.
Mavzuga oid
16:00 / 26.11.2025
Amerikaning VR Capital jamg‘armasi Uzumʼga 25 mln dollar ajratdi
15:00 / 24.09.2025
Uzum va DataVolt O‘zbekistonda IT infratuzilmasini rivojlantirish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirmoqda
16:00 / 16.09.2025
Uzum O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining rasmiy hamkoriga aylandi
19:37 / 23.08.2025