Jahon | 12:19
7100
5 daqiqa o‘qiladi

Michigandagi sinagogga hujum uyushtirildi

Qurollangan shaxs Detroyt chekkasidagi sinagog ichkarisiga avtomobilida kirib borgan va o‘t ochgan. Uning o‘zi halok bo‘lgan.

12 mart kuni Michigan shtati, Oklend okrugidagi Uest-Blumfild shaharchasida joylashgan sinagog yonida otishma ro‘y berdi.

Oklend okrugi sherifi Maykl Bushar jurnalistlarga ma’lum qilishicha, hujum qilgan shaxs halok bo‘lgan, sinagog qo‘riqchisi jarohat olgan.

Gumonlanuvchi o‘z boshqaruvidagi yuk mashinasida Uest-Blumfild shahridagi Temple Israel sinagogiga bostirib kirgan va vestibyul tomon harakatlanib, qo‘riqchilardan birini urib ketgan – u hushidan ketgan. Ikkinchi qo‘riqchi esa unga qarata o‘t ochgan.

Sherifning aytishicha, avtomobil yonib ketgan. OAVda e’lon qilingan videolarda sinagog tomidagi ventilyatsiya quvurlaridan chiqayotgan quyuq tutunni ko‘rish mumkin.

Uest-Blumfild Detroyt yaqinida joylashgan shaharcha. Temple Israel – AQShdagi eng yirik reformistik sinagoglardan biri hisoblanadi. Uning binosi joylashgan kompleksda bolalar bog‘chasi ham bo‘lib, hodisa vaqtida u yerdagi o‘nlab bolalar evakuatsiya qilingan.

Hodisa vaqtida sinagog qoshidagi bolalar bog‘chasida o‘nlab bolalar bo‘lgan.

Ichki xavfsizlik vazirligi gumonlanuvchi Livanda tug‘ilgan va 2011 yilda AQShga kelib fuqarolik olgan 41 yoshli Ayman Muhammad G‘azaliy ekanini ma’lum qildi.

Sherifning so‘zlariga ko‘ra, 30 nafar politsiyachi is gazidan zaharlanish oqibatida shifoxonaga yotqizilgan. U yong‘in sababi tekshirilayotganini qo‘shimcha qilgan.

Politsiya gumonlanuvchi qanday halok bo‘lganiga aniqlik kiritmagan. Sherifning aytishicha, avtomobil yonib ketgani tufayli uning o‘limi sababini aniqlash qiyin.

«Ayni vaqtda biz uning o‘limiga aynan nima sabab bo‘lganini aytishimiz qiyin. Ammo xavfsizlik xizmati xodimi gumonlanuvchiga qarata o‘t ochgan», – deydi Bushar.

U politsiyachilar «xavfsizlik nuqtayi nazaridan» avtomobilda portlovchi qurilma bor yoki yo‘qligini tekshirishganini qo‘shimcha qilgan.

Hodisa joyiga shtat huquq-tartibot organlari xodimlari va mahalliy rasmiylar, shuningdek, Federal qidiruv byurosi agentlari yetib kelishgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp payshanba kuni Oq uydagi marosimda chiqish qilaturib, «Michigandagi yahudiylar jamoasiga va Detroytning barcha aholisiga o‘z muhabbatini izhor qilmoqchiligi»ni aytdi. «Bu dahshatli», – deydi u.

«Men sinagog xavfsizlik xizmatining jasur xodimlariga tezkor harakatlari uchun minnatdorchilik bildiraman. Bu insonlar hayotini saqlab qoldi. Biz antisemit hujumlarga bo‘yin egmaymiz va men prezident Trampdan Amerikadagi antisemit hujumlarga qarshi qat’iy pozitsiyasi uchun minnatdorman», – dedi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu.

«Michiganda antisemitizmga o‘rin yo‘q, biz unga toqatsiz bo‘lishimiz lozim. Bunday paytlarda birlashish, qo‘shnilarimizni qo‘llab-quvvatlash, nafratning har qanday ko‘rinishiga qarshi turish va jamoalarimizni mustahkamlash ayniqsa muhimdir», – deya shtat bosh prokurori Dana Nesselning so‘zlarini keltiradi CNN.

Temple Israel sinagogiga 20 yildan ortiq vaqt buyon qatnovchi Liza Stern OAV bilan suhbatda hujum haqidagi yangilikni eshitganidan keyin do‘stlarining ahvolidan xabar olish uchun yo‘lga tushganini aytadi. U yo‘l bo‘yida bog‘chadagi farzandlarining oldiga shoshilayotgan ota-onalarni ko‘rgan.

«Ularning ba’zilari hech narsani bila olmasdan, hushidan ketdi. Faqat bir necha daqiqa o‘tib ularga bolalar xavfsizlikda ekani atildi», – deydi u.

Bolalarning barchasi evakuatsi qilindi va shahar tashqarisidagi klubga olib ketildi, deyiladi sinagogning feysbukdagi sahifasida. 140 nafar tarbiyalanuvchi va xodimlar topilgani va xavfsiz joydaligi qayd etilgan.

Sternning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yil oktyabrida Isroil va Hamas o‘rtasida urush boshlangach, AQShda antisemitizm kayfiyati o‘sishi kuzatilgan va barcha sinagoglarni qo‘riqlash va xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga qarshi urush boshlagach, huquq-tartibot organlari Michigandagi sinagoglar va boshqa diniy muassasalar bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘ygan, deydi Stern.

Temple Israel sinagogiga 1941 yilda asos solinga, unga keluvchilar 12 mingga yaqinni tashkil etadi. Uest-Blumfild – Detroyt chekkasidagi shahar bo‘lib, bu yerda yahudiylarning katta jamoasi mavjud. Detroyt yahudiylar federatsiyasi o‘tkazgan so‘nggi so‘rovlarga ko‘ra, bu hududda 71 ming atrofida yahudiylar istiqomat qiladi, bu esa Michigan shtatidagi jami yahudiylarning ko‘pchilik qismini tashkil etadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid