O‘zbekiston | 11:24
12827
7 daqiqa o‘qiladi

“Men Belbekov Jandosman” – O‘zbekistonda kiberfiribgarlar yangi nayrang o‘ylab topdi

Shu kunlarda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Asrorjon Asqarov nomidan tizimida faoliyat yuritayotgan mas’ul xodimlarga maxfiy topshiriq bora boshladi. Unda “yaqin vaqt ichida DXX xodimi Belbekov Jandos bog‘lanib, bir qator savollar berishi va muammo mohiyatini tushuntirishi” aytilgan. Ushbu ma’lumot qat’iy maxfiy hisoblanishi ma’lum qilingan. Jandos Belbekov kim va u qo‘ng‘iroq qilganida qanday savollar beradi?

So‘nggi vaqtlarda kiberjinoyat olamida Jandos Belbekov ismi bot-bot takrorlana boshladi. Bu ismga aldanib, boridan ayrilganlar ham talaygina. Xo‘sh, Jandos Belbekov kim va bu ismdan firibgarlar tomonidan qanday qurol sifatida foydalanilmoqda?

Jinoiy sxema

Telegram yoki telefon orqali noma’lum shaxs aloqaga chiqadi. U o‘zini Davlat xavfsizlik xizmati tergovchisi mayor Jandos Belbekov deb tanishtiradi. Jiddiy ohangdagi bu tanishtiruv har qanday kishini bir lahzada o‘ylantirib qo‘yadi. Ushbu psixologik hujumdan so‘ng u maqsadga o‘tadi.

“Jandos Belbekov” bank hisobraqamiga kiberhujum bo‘layotganini ma’lum qiladi. Tez orada Markaziy bank xodimi bog‘lanib, hisobraqamlarni bloklab berishini bildiradi. Shu bilan aloqa tugaydi.

Ko‘p o‘tmay o‘zini Markaziy bank xodimi deb tanishtiradigan erkak aloqaga chiqadi. Ko‘p hollarda uning ismi “Dmitriy” bo‘ladi. U “noma’lum shaxs tomonidan sizning nomingizga turli banklardan kredit rasmiylashtirilmoqda. Pul o‘tkazmalari shubhali bo‘lyapti”, deydi.

Shundan so‘ng “Dmitriy” aloqaga chiqqan odamidan ayni vaqtda qayerda ekanini so‘raydi. Javobdan so‘ng eng yaqin bankka borib, o‘z nomiga kattaroq summada kredit rasmiylashtirishni aytadi. “Bu orqali nomingizga boshqa banklardan rasmiylashtirilayotgan kreditlarni to‘xtatish mumkin”, deya ma’lum qiladi u.

Shu tariqa, “Dmitriy” nishonga olingan shaxsni boshqara boshlaydi. Unga kredit oldirtirib, go‘yoki summani so‘ndirishini, bu “noma’lum shaxslar kredit rasmiylashtirib olishini to‘xtatish uchun moliyaviy aylanma” ekanini aytgan holda o‘zi tomonidan taqdim qilingan bank kartasiga o‘tkazdirib oladi.

Pogoni”da xatolik bor edi”

O‘zbekistonda ushbu jinoiy sxemaga aldanganlar talaygina. Masalan, Qarshi shahrida yashovchi erkak “Jandos Belbekov”ga chuv tushganlardan biri.

U o‘zini Markaziy bank xodimi deb tanishtirgan “Dmitriy”ning ko‘rsatmasi bilan bitta bankdan 100 mln so‘m kredit olib, shuning 92 mln so‘mini Ayat Allamuratov nomiga rasmiylashtirilgan bank kartasiga o‘tkazib bergan. Ikkinchi bankdan esa 18 mln so‘m kredit rasmiylashtirgan va uning ustiga o‘zidan qo‘shgan holda 25 mln so‘m qilib, “Dmitriy” taqdim qilgan bank kartasiga PTP ko‘rinishida o‘tkazib bergan.

Shu tariqa “o‘lja” uchinchi bankka yo‘naltirilgan. Ammo shu nuqtaga kelganda jabrlanuvchi shubhalana boshlagan.

So‘ng menga tergovchi “Jandos Belbekov” bilan gaplashib olishim kerakligini ma’lum qilishdi. Men unga aloqaga chiqib, videoqo‘ng‘iroq orqali gaplashib olishni aytdim. U videoqo‘ng‘iroq qildi. Taxminan 28-30 yoshdagi soqolli shaxs ekan. Egnidagi xizmat kiyimi “pogoni”da xatolik borligini ko‘rganimdan so‘ng shubhalandim va bo‘lib o‘tgan holat bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlariga ariza bilan murojaat qildim”, degan jabrlanuvchi sudda.

Ushbu jinoyatni Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida yashovchi 25 yoshli yigit sodir qilgani aniqlangan. Biroq sudlanuvchi sudda bu qilmishiga iqror bo‘lmagan va hech kimni aldamaganini bildirgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining 2025 yil 14 noyabrdagi hukmi bilan sudlanuvchi jinoiy jazoga tortilgan.

Ushbu sud ishidan so‘ng ham “Jandos Belbekov” ismiga oid firibgarliklar to‘xtamadi. Bu ismdan hozirgi kunga qadar kiberqurol sifatida foydalanib kelinmoqda.

Maxfiy topshiriq

Og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi: moliyaviy piramidalardan, kiberfiribgarlardan kuyganlar yoki bu haqda eshitganlarda bunday turdagi aldovlarga qarshi “immunitet” shakllanib bormoqda. Bu esa firibgarlarni yangi usullar o‘ylab topishga majburlayapti. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJda shunday holatlardan biri kuzatildi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Asrorjon Asqarov nomidan tizimida faoliyat yuritayotgan mas’ul xodimlarga maxfiy topshiriq bora boshlagan. Unda “yaqin vaqt ichida DXX xodimi Belbekov Jandos bog‘lanib, bir qator savollar berishi” aytilgan.

“Hozirda bizda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ vakillari shaxsiy ma’lumotlarining noqonuniy tarqalishi bilan bog‘liq ichki tekshiruv o‘tkazilmoqda. Yaqin vaqt ichida siz bilan DXX xodimi Belbekov Jandos bog‘lanib, bir qator savollar beradi va muammo mohiyatini batafsil tushuntiradi. Iltimos, ushbu ma’lumot qat’iy maxfiy hisoblanishini inobatga oling. Tekshiruv jarayoni va mazkur xabar mazmunini hech kimga, jumladan, hamkasblaringizga ham oshkor etmang. Hamkorligingiz va professionalligingiz uchun rahmat”, deyiladi boshqaruv raisi nomidan borgan xabarda.

Aslida bu xabar feyk bo‘lib, Asrorjon Asqarov nomiga ochilgan soxta profildan jo‘natilgan. So‘ngra ushbu xabar jo‘natilgan tizim vakillariga aloqaga chiqilib, yuqorida jinoiy sxema orqali chuv tushirish maqsad qilingan.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmati holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berib, tizim xodimlarini ogohlantirgan va bu xabarga ishonmaslikni so‘ragan.

Ushbu usul istalgan tashkilot yoki korxonada takrorlanishi va bunga ishonganlar chuv tushishi mumkin.

Nima qilish kerak?

Bu turdagi kiberfiribgarliklardan himoyalanishning eng yaxshi usullaridan biri nomingizga kredit olishni cheklab qo‘yish. Bu juda oddiy.

Play Market’dan OneID ilovasini yuklab oling.

Ushbu ilovaning boshqaruv bo‘limiga kirib, qidiruv qismiga tegishli bank nomini kiritasiz. Kerakli bankni topib olgach, birgina tugmani bosish orqali o‘z nomingizga kredit olishni cheklash yoki cheklovni olib tashlashingiz mumkin. Ayni vaqtda ko‘pchilik uchun o‘z nomiga kredit olish imkoniyati avtomatik cheklab qo‘yilgan.

Shuningdek, firibgarlarga aldanib qolmaslik uchun shaxsiy ma’lumotlar so‘ralgan har qanday holat ishonchli manbalardan tekshirib ko‘rilishi tavsiya etiladi.

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid