Jahon | 12:00
795
3 daqiqa o‘qiladi

Sudanda shifoxonaga hujum: o‘nlab qurbonlar

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adxanom Gebreyyesus ma’lumotiga ko‘ra, Sudanning Ad-Dueym shahridagi shifoxonaga qilingan hujum natijasida 64 kishi halok bo‘lgan, 89 kishi yaralangan. RSF isyonchilari bu hujum uchun mas’uliyatni Sudan qurolli kuchlari zimmasiga yuklamoqda, ammo ular aybni rad etmoqda.

Foto: X / DrTedros

Sudanda Ad-Dueym shahridagi shifoxonaga qilingan hujum oqibatida kamida 64 kishi, jumladan 13 nafar bola halok bo‘lgan. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Adxanom Gebreyyesus 21 mart, shanba kuni X tarmog‘idagi mikroblogida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yana 89 kishi, jumladan 8 nafar tibbiyot xodimi yaralangan.

2023 yil aprelidan buyon Sudan Qurolli kuchlariga qarshi urush olib borayotgan Sudandagi harbiylashtirilgan isyonchi guruh — Tezkor harakat kuchlari (RSF) shifoxonaga qilingan hujumda Sudan armiyasini aybladi. RSF iddaosiga ko‘ra, hujumda turk dronlaridan foydalanilgan. Sudan Qurolli kuchlari esa bu ayblovlarni rad etib, RSF'ga qarshi kurashda xalqaro qonunlar va qoidalarga amal qilayotganini bildirdi.

Ad-Dueym shahri Sudanning g‘arbiy qismidagi Sharqiy Darfur viloyatida joylashgan bo‘lib, u RSF isyonchi kuchlari nazorati ostida. JSST ma’lumotiga ko‘ra, mahalliy shifoxonaga, u yerda bo‘lajak tibbiyot xodimlari tahsil olayotgan paytda, 20 mart kuni kechqurun hujum qilingan. Tibbiyot muassasasi “og‘ir qurollar”dan o‘qqa tutilgan.

Hujum natijasida bolalar bo‘limi, tug‘uruq bo‘limi va shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi zarar ko‘rgan. Gebreyyesusning aniqlashtirishicha, bir nafar shifokor, ikki nafar hamshira va ko‘plab bemorlar halok bo‘lgan. Katta zarar yetkazilgani sababli shifoxona hujumdan keyin o‘z faoliyatini qayta tiklay olmagan.

BMTning Sudandagi humanitar masalalar bo‘yicha vakolatxonasi shifoxonaga qilingan hujumdan “larzaga tushganini” bildirdi.

2023 yil aprel o‘rtalaridan buyon jang harakatlarining yangi bosqichi tufayli Sudan eng dahshatli humanitar falokatlardan birini boshdan kechirmoqda. Kuz faslida Al-Fasher shahri (Shimoliy Darfur viloyati) isyonchi Tezkor harakat kuchlari tomonidan egallanganidan keyin tinch aholiga qarshi ommaviy qotilliklar va shafqatsizliklar sodir etilgan hududga aylandi.

Mojaroning keskinlashuvi RSF va Sudanning muntazam armiyasi — SAF RSF bo‘linmalarini qurolli kuchlar tarkibiga qo‘shish shartlari borasida kelisha olmaganidan keyin boshlangan.

Humanitar tashkilotlar va BMT ma’lumotlariga ko‘ra, mojaro qurbonlari soni 140 ming nafardan oshgan. Sudanning 51 millionlik aholisining taxminan yarmi xorijiy humanitar yordamga muhtoj.

JSST ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yildan beri Sudanda tibbiyot muassasalariga qilingan 213 ta hujum natijasida 2036 kishi halok bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid