Ta’lim | 09:31
897
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik talabalar Britaniya diplomini ham olishi mumkin

O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida kasbiy ta’lim sohasida hamkorlikni kuchaytirish doirasida talabalarga ikki davlat diplomini berish imkoniyati muhokama qilindi.

Foto: Dunyo

O‘zbekiston Kasbiy ta’lim agentligi hamda Buyuk Britaniyaning Harrow, Richmond and Uxbridge Colleges (HRUC) ta’lim muassasasi o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tomonlar kasbiy ta’lim sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish, ta’lim dasturlarini takomillashtirish va xalqaro standartlarni joriy etish masalalarini muhokama qildi. Xususan, talabalarga bir vaqtning o‘zida ikki davlat diplomini berish imkoniyati yuzasidan fikr almashildi.

Ta’kidlanishicha, HRUC Buyuk Britaniyada qo‘shimcha ta’lim sohasida yetakchi muassasalardan biri bo‘lib, u 1965 yilda tashkil etilgan va turli yo‘nalishlarda zamonaviy ta’lim dasturlarini taklif etadi.

Muzokaralar davomida Britaniya mehnat bozori talablariga mos malakali kadrlar tayyorlash, ularni xalqaro mehnat bozoriga chiqarish, qo‘shma ta’lim loyihalarini amalga oshirish va ilg‘or o‘quv standartlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar pilot loyihalarni yo‘lga qo‘yish va hamkorlikni izchil davom ettirish bo‘yicha kelishib oldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid