Jahon | 09:11 / 04.04.2026
8781
3 daqiqa o‘qiladi

Eron: AQSh Yaqin Sharqda yana bir jangovar samolyotini yo‘qotdi

Eron armiyasi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat havo hujumidan mudofaa vositalari Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hududida AQShning A-10 hujumkor samolyotini tutib qolgan. The New York Times nashri xabar berishicha, uchuvchi qutqarib qolingan.

Foto: Getty images

Eron harbiylari 3 aprel, juma kuni kechqurun AQShning A-10 hujumkor samolyoti Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofida mamlakat havo hujumidan mudofaa vositalari tomonidan urib tushirilganini ma’lum qildi. “AQShning A-10 samolyoti armiya havo hujumidan mudofaa vositalari tomonidan urib tushirildi va Fors ko‘rfazi suvlariga qulab tushdi”, — deyiladi Eron davlat teleradiokompaniyasi IRIB keltirgan armiya bayonotida.

Bundan oldin The New York Times gazetasi ikki nafar amerikalik amaldorga tayanib, AQSh Harbiy-havo kuchlariga qarashli A-10 Thunderbolt II hujumkor samolyoti Fors ko‘rfazi hududida halokatga uchraganini yozgan edi. Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, samolyot Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinida qulagan, uchuvchi esa qutqarib qolingan. Hujumkor samolyotning qulash sababi haqida xabar berilmagan.

Bu hujumkor samolyot, ehtimol, so‘nggi 24 soat ichida Yaqin Sharqda yo‘qotilgan AQSh Harbiy-havo kuchlarining ikkinchi jangovar samolyotiga aylangan. Bundan avval, juma kuni Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi ham Eron havo mudofaa kuchlari AQShning qiruvchi samolyotini urib tushirishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qilgan edi. Dastlab Eron tomoni urib tushirilgan samolyot F-35 ekanini aytgan, ammo chop etilgan parcha-bo‘laklar suratlarini o‘rgangan ekspertlar gap aslida F-15E haqida ketayotganini aniqlagan.

AQSh ma’muriyati jangovar samolyot yo‘qotilganini tasdiqladi. Uchuvchilarni qidirish ishlari har ikki tomondan olib borilmoqda. Amerika OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ikki kishilik ekipajning bir a’zosi qutqarib olingan, ikkinchi uchuvchining taqdiri hozircha noma’lum.

AQSh prezidenti Donald Tramp jangovar samolyotlar yo‘qotilishiga NBC News mediakompaniyasiga telefon orqali izoh berar ekan, bu holat Eron bilan muzokaralarga ta’sir qilmasligini aytdi.

“Yo‘q, mutlaqo yo‘q. Bu urush”, — dedi u.

Tramp urib tushirilgan F-15E samolyoti ekipajining ikkinchi a’zosi asir olingani yoki yaralangani ma’lum bo‘lsa, qanday chora ko‘rishi haqidagi savolga javob bermadi.

“Bu haqda izoh bera olmayman, chunki biz bunday bo‘lmasligiga umid qilyapmiz”, — dedi u.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid