Jamiyat | 13:20
8592
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda taqiqlangan 1800 dan ortiq manbalar e’lon qilindi (to‘liq ro‘yxat)

Oliy sud diniy ekstremistik va terroristik, deb topilgan hamda O‘zbekistonga olib kirish, tarqatish taqiqlangan manba va kontentlarning yangi ro‘yxatini e’lon qildi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

Oliy sud internet jahon tarmog‘idagi diniy ekstremistik, terroristik va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan deb topilgan hamda O‘zbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash, saqlash, tarqatish va namoyish etilishi taqiqlangan manba va kontentlarning yangi ro‘yxatini e’lon qildi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ma’lum qilishicha, 2025 yil 8 yanvardan 2026 yil 6 aprelga qadar jami taqiqlangan resurslar soni 244 taga oshib 1837 taga yetgan.

Tahlillarga ko‘ra, eng katta o‘sish Instagram’da – 121 ta bo‘lgan. Shuningdek, taqiqlangan manbalar Telegram’da 65 ta, YouTube’da 23 ta, Facebook’da 21 taga oshgan. TikTok, Odnoklassniki va veb-saytlarda ham kamroq o‘sish mavjud. Ilk bor Threads platformasida 1 ta taqiqlangan kontent aniqlangan.

«Bu holat radikal kontentning tarqalish tendensiyasi saqlanib qolayotgani, ayniqsa vizual va qisqa formatli platformalar (Instagram, TikTok) orqali tarqalishi davom etayotganini ko‘rsatadi», deyiladi Diniy qo‘mita bayonotida.

2026 yil 6 aprel holatiga taqiqlangan materiallar:

  • Telegram messenjerida 855 ta kanal va postlar;
  • Instagramʼda 386 ta profil va materiallar;
  • Facebookʼda 270 ta turli profil, sahifa va maqolalar;
  • Youtubeʼda 190 ta kanal va media mahsulotlar;
  • Tik-tokʼda 62 ta profil;
  • Odnoklassnikiʼda 39 ta profil;
  • Threadsʼda 1 ta manba;
  • 14 ta turli sayt va dasturlar;
  • 20 ta kitob va ma’ruzalar O‘zbekiston hududida taqiqlangan manbalar qatoriga kiritilgan.

Diniy idora fuqarolarni «aqidaparastlik, ekstremizm va terrorizm tuzog‘iga tushib qolishdan saqlanishga» chaqirdi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid