Jahon | 08:58
1646
2 daqiqa o‘qiladi

Sem Altmanning uyiga “Molotov kokteyli” uloqtirildi

Yigirma yoshli erkak OpenAI hammuassisi Sem Altmanning uyiga yonilg‘i aralashmasi solingan shishani otgan va kompaniya shtab-kvartirasini yoqib yuborish bilan tahdid qilgan. Villaning darvozasi yongan, ammo hech kim jabrlanmagan. Hujum qilgan shaxs qo‘lga olingan.

Foto: AP

Juma, 10 aprel kuni, San-Fransiskodagi OpenAI hammuassisi va bosh direktori Sem Altmanning villasiga hujum qilindi: mahalliy politsiya ma’lumotiga ko‘ra, 20 yoshli erkak uyga yonilg‘i aralashmasi solingan shishani otgan, oqibatda darvoza yongan, ammo odamlardan hech kim jabr ko‘rmagan.

Hujum qilgan shaxs voqea joyidan qochib ketgan, ammo keyinroq qo‘lga olingan. U, shuningdek, kompaniyaning San-Fransiskodagi bosh ofisiga o‘t qo‘yish bilan ham tahdid qilgan.

San Francisco Chronicle mahalliy nashri ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi Alexandro Daniel Moreno-Gama ismli shaxs bo‘lib, u hibsga olingan.

Politsiya hujum sababi hozircha noaniq ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, keyingi vaqtlarda sun’iy intellekt asosida ishlovchi ChatGPT chat-botini yaratgani bilan tanilgan OpenAI kompaniyasi va uning rahbari Sem Altman sun’iy intellektga qarshi chiqqan norozilarning nishonlaridan biriga aylangan. Ular bu texnologiyani insoniyat uchun tahdid deb hisoblaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid