Texnologiya | 01:04
352
2 daqiqa o‘qiladi

Unitree kompaniyasi AliExpress orqali 4000 dollarlik odamsimon robotlar sotuvini boshlaydi 

Kompaniya hozircha robotning jahon bozoridagi narxini e’lon qilgani yo‘q. Xitoyda uning boshlang‘ich narxi 29 900 yuan (taxminan 4370 AQSh dollari)ni tashkil etadi va u dunyodagi eng arzon humanoid robotlardan hisoblanadi. 

Foto: Unitree

Xitoyning Unitree Robotics kompaniyasi o‘zining eng arzon humanoid robotini global bozorga chiqarish rejasini e’lon qildi. Kompaniya R1 deb nomlanuvchi odamsimon robotni AliExpress platformasi orqali Shimoliy Amerika, Yevropa, Yaponiya hamda Singapur kabi asosiy bozorlarga chiqaradi.  

Unitree o‘z robotini AliExpress’ning Brand+ kanali orqali taqdim etadi. Bu kanal dunyo bo‘ylab tan olingan brendlarga ixtisoslashgan bo‘lib, bepul yetkazib berish va qaytarish xizmatlarini taklif qiladi. Kompaniya o‘tgan yili AliExpress’da o‘z do‘konini ochgan va xalqaro faoliyatini yanada kengaytirishni rejalashtirmoqda.

South China Morning Post nashri xabariga ko‘ra, e’tibor dastlab yirik bozorlarga qaratiladi, keyinchalik esa qamrov kengaytiriladi. Unitree hozircha robotning jahon bozoridagi narxini e’lon qilgani yo‘q. Xitoyda uning boshlang‘ich narxi 29 900 yuan (taxminan 4370 AQSh dollari)ni tashkil etadi va u dunyodagi eng arzon humanoid robotlardan hisoblanadi. 

R1 robotining bo‘yi 123 santimetr, vazni esa 27 kilogrammni tashkil etadi. Robot gir aylanish, yotgan holatidan turish va tog‘da yugurish kabi amallarni bajara oladi. Bahor festivalida 16 ta H1 odamsimon robot sinxron raqs ijro etganidan so‘ng Unitree Xitoyda barchaning e’tiboriga tushdi. 

Unitree humanoid robotlar yetkazib berish bo‘yicha ko‘plab raqobatchilarni ortda qoldirmoqda. Kompaniya 2025 yilda 5500 dan ortiq robot yetkazib berdi. Tesla, Figure AI va Agility Robotics kompaniyalarining har biri o‘tgan yili 150 donadan robot yetkazib bergan.

Kompaniya joriy yilda 10000 dan 20000 donagacha robot yetkazib berishni rejalashtirgan.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid