Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ilm-fan uchun jonini xatarga qo‘ygan olim – fransiyalik geolog chuqur g‘orda yolg‘iz yashab qanday kashfiyotlar qilgandi?
1972 yilda fransuz geologi AQShdagi chuqurligi 134 metr bo‘lgan g‘orga tushadi va u yerda bir muddat yashaydi. Bu ishdan maqsad – vaqt belgilarisiz inson ongida nimalar sodir bo‘lishini bilish edi. Geolog olti oydan so‘ng Yer yuzasiga chiqadi. Shunda u vaqtni hisoblashda bir oyga adashgani ma’lum bo‘ladi. Geologning bu ishi ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Dunyoda ilm-fan ravnaqi uchun turli tajribalar o‘tkazgan va bu jarayonda o‘z jonini, sog‘ligini xatarga qo‘yganlar juda ko‘p. Hozir hikoya qilmoqchi bo‘lgan odamimiz ham ana o‘shalarning biri hisoblanadi.
Fransiya fuqarosi, kasbi geolog-g‘orshunos bo‘lgan Mishel Siffr bundan 54 yil oldin chuqur g‘orlarning biriga tushib, u yerda vaqtdan uzilib olti oy yashaydi.
Bu ish Mishelning hayotidagi birinchi bunday hodisa emasdi. U avval ham bir necha marta turli g‘orlarda ma’lum vaqt yashagandi.
G‘orlarda yashovchi geolog-g‘orshunos
1939 yilda Fransiyaning Nitssa shahrida tug‘ilgan Mishel Siffr ilk bor g‘orga kirganida 10 yoshda edi. O‘shanda u do‘sti bilan Fransiya Alp tog‘larida joylashgan g‘orga kiradi va u yerdagi ajoyibotdan hayratda qoladi.
Mishel 16 yoshida akademik Jak Burgarning o‘quvchisiga aylanadi va geologiya hamda ummonlar haqida ma’lumot beruvchi okeanografiya fanlarini chuqur o‘rgana boshlaydi.
U o‘sha paytda bir tomondan O‘rta Yer dengiziga tushib, suvosti dunyosini o‘rganadi. Ikkinchi tomondan do‘sti bilan Alp tog‘laridagi turli g‘orlarga kirib chiqadi.
Mishel 20 yoshda ekanida geologiya bo‘yicha diplom ishini munosib himoya qiladi. So‘ng g‘orlarni o‘rgana boshlaydi. 1960 yilda 21 yoshli Mishel Shri-Lankadagi g‘orni o‘rganish uchun boradigan ekspeditsiyaga qo‘shilish uchun grantni yutib oladi.
Bir muddat Osiyo janubida bo‘lgach, Fransiyaga qaytadi. So‘ng 1961 yilda Alp tog‘larining Fransiya va Italiya chegarasida joylashgan qismini o‘rganish maqsadida tashkil etilgan guruhga rahbarlik qiladi.
Birinchi sinov-tajriba
1962 yilda 23 yoshli Mishel insonning biologik ritmlarini kuzatish maqsadida birinchi sinov tajribasini o‘tkazishni boshlaydi. Bu uchun u chuqur g‘orlarning birida soat, taqvim ishlatmasdan, quyoshni ko‘rmasdan yashab ko‘rishga qaror qiladi.
Mishel tanlagan joy Alp tog‘larining Fransiyaga tegishli qismida joylashgan Skarasson g‘ori edi. O‘shanda geolog bu g‘orda 130 metr chuqurlikka tushadi va u yerda 63 kun yashaydi.
G‘orda unda soat va sanalarni ko‘rsatadigan hech narsa yo‘q edi. Mishel vaqtni taxminan hisoblab boradi. Tajriba yakunida uning hisobi bo‘yicha 1962 yil 20 avgust bo‘lishi kerak edi.
Biroq u g‘ordan chiqqanda sana 1962 yil 14 sentabrni ko‘rsatib turardi. Mishel 25 kunga adashgandi. O‘shanda olimlar insonning ichki biologik ritmi 25 soatlik rejimda ishlashini aniqlashadi.
“Men g‘orga 16 iyul kuni kirgan edim va tajribani 14 sentabrda yakunlashni rejalashtirgan edim. Jamoam tashqariga chiqish kuni kelganini xabar qilganida men endigina 20 avgust deb o‘ylagandim. G‘orda hali bir oy vaqtim bor deb hisoblab kelayotgandim”, degan edi u keyinchalik.
O‘shanda fransiyalik yosh tadqiqotchining ikki oy chuqur g‘orda yashashi OAV orqali keng yoritiladi va bu sinov tajribasi Mishelning dunyo bo‘ylab tanilishiga sabab bo‘ladi.
Ikkinchi sinov-tajriba
1972 yilda Mishel Siffr bir paytlar o‘zi boshlagan tajribani davom ettirish maqsadida yana g‘orda yashab ko‘rishga qaror qiladi. Bu safar yanada chuqurroq g‘or tanlanadi va yashash muddati ham uzaytiriladi.
Mishel ikkinchi sinov-tajribasini o‘tkazish uchun AQShning Texas shtatidagi “Midnayt” deb nomlangan g‘orni tanlaydi. 1972 yilda u kerakli jihozlar bilan 134 metr chuqurlikka tushadi. So‘ng taqvim va soatsiz o‘sha yerda yashay boshlaydi.
“Midnayt”dagi kun tartibi ham Alp tog‘laridagi g‘orda o‘tkazilgan jarayon bilan bir xil edi. Mishel vaqtni chamalab uxlaydi, dam oladi va ovqatlanadi.
U barcha jarayonni o‘zi bilan aloqada bo‘lib turgan tadqiqotchilar guruhiga xabar berib turadi. Guruh Mishelning kun tartibini to‘liq yozib boradi, biroq vaqt va sana haqida unga aytmaydi.
Bu safar Mishel g‘orda olti oydan ziyod, aniqrog‘i 206 kun vaqt o‘tkazadi. Bu davr mobaynida u depressiyaga tushib qoladi. Uskunalari ishdan chiqadi, kitob va jurnallari nam tortib, mog‘orlay boshlaydi. Biroq Mishel ortga chekinmaydi va boshlagan tajribasini davom ettiradi.
O‘shanda u o‘z kundaligiga “hayotimdagi eng qiyin davrni boshdan o‘tkazyapman. Umrimni bu behuda tadqiqotga sarflayapman”, deb yozib qo‘yadi.
G‘orda bir necha oy yashagan Mishel bir necha marta 48 soatlik jarayonga o‘tadi. U 12 soat uxlaganidan so‘ng 36 soat davomida bedor bo‘la boshlaydi.
“1972-yilda Texasda men ikki marta 48 soatlik jarayonni boshdan o‘tkazdim. O‘shanda ikki soat uxlagach, 36 soat bedor bo‘ldim. Men bu “uzun kunlarni” yigirma to‘rt soat davom etadigan oddiy kunlardan ajrata olmasdim. O‘shanda g‘orda yozgan kundaligimni o‘rganib chiqdim, vaqt bir jarayondan boshqasiga o‘tganini bildim. Biroq bu kunlarni o‘zgacha kechirganimga hech qanday dalil yo‘q edi. Men 48 soatlik jarayonda ham odatdagidek uch marta ovqatlandim. Ba’zan ikki soat, ba’zan o‘n sakkiz soat uxlardim, lekin ularni ajrata olmasdim. Menimcha, bu barchamiz munosib baholaydigan tajriba bo‘ldi. Sub’yektiv vaqt va tanamizning ritmlari nihoyatda moslashuvchan”, degan edi Mishel keyinchalik.
Mishelning g‘orga tushganiga 206 kun bo‘lganda tadqiqotchilar guruhi tajribani yakunlaydi va olim Yer yuziga chiqariladi. Shunda u yana hayratga tushadi.
Chunki birinchi sinovda bo‘lganidek, bu safar ham Mishel vaqt va sanalarni hisoblashda bir oyga yaqin muddatga adashadi. G‘orda u o‘ylaganidan ko‘proq vaqt o‘tgandi.
O‘shanda Mishelni g‘ordan chiqarib olishganda u jarohatlangan, ruhiyatida kuchli o‘zgarishlar sodir bo‘lgan holda edi.
Keyingi sinovlar
Mishel Siffr keyinchalik ham g‘orlarni o‘rganishda davom etdi va bir qancha sinovlarda qatnashdi. Ana shunday sinovlarning biri 1974 yilda Gvatemala davlatida bo‘lib o‘tadi. Mishel bu davlatda joylashgan g‘orlarning birini o‘rganadi va u yerda ham sinov-tajriba o‘tkazadi.
1988 yilda Mishel fransiyalik g‘orshunos Veronika Le Gen o‘tkazgan tadqiqotda qatnashadi va 111 kun Fransiyadagi g‘orlarning birida yashab, o‘zining biologik ritmini o‘rganadi.
1999 yilda Mishel Siffr Fransiyaning Ero departamentida joylashgan Klamus g‘orida ikki oydan ko‘proq vaqt yolg‘iz yashaydi. Bu sinov-tajriba ham insonning ichki biologik soati bo‘yicha edi.
2021 yilda geolog-g‘orshunos 15 kishilik guruh tuzadi va ular bilan Fransiyaning Ariyejye departamentidagi Lobriv g‘origa tushadi. Guruhga yana bir olim Kristian Klot boshchilik qiladi.
Guruhda bir necha nafar ayol ham bor edi. Ular 40 kun davomida g‘orda vaqt va sanani ko‘rsatuvchi jihozlarsiz yashaydi.
Bu tajribadan maqsad – insonlar g‘orda guruh bo‘lib yashaganda ham Mishel Siffr boshdan kechirgan jarayon sodir bo‘ladimi-yo‘qmi, shuni aniqlash edi. Tajriba yakuniga yetganda insonning ichki biologik soati guruh bo‘lib yashaganda ham ishlashi ma’lum bo‘ladi.
Mishel Siffr 2024 yil 5 avgustda Fransiyaning Nitssa shahrida 85 yoshida vafot etadi.
Mishel Siffr o‘tkazgan tajribaning ilmiy ahamiyati va oqibatlari
Texasdagi g‘orga tushish arafasida taniqli geolog va g‘orshunos bo‘lgan Mishelning ikkinchi sinov-tajribadan so‘ng sog‘ligi yomonlashadi.
Unda xotira pasayadi, o‘zi qattiq tushkunlikka tushib qoladi. Shuningdek, Mishelda gallyutsinatsiyalar kuzatiladi. Ruhiyatida o‘zgarishlar bo‘ladi.
Biroq u qiynalib o‘tagan tajriba natijalari ilm-fan taraqqiyoti uchun muhim yangilik bo‘ladi. Jumladan, uyqu bilan bog‘liq kasalliklar va depressiyaga uchragan odamlarni davolashda uning tajribalari qo‘l keladi.
Bundan tashqari, Mishelning tadqiqotlari NASAni qiziqtirib qoladi va amerikaliklar kosmonavtlarni parvozga tayyorlashda olimning tajribalaridan foydalana boshlaydi.
Mavzuga oid
07:34 / 30.01.2026
Ilmga investitsiya: eng tez o‘sgan mamlakatlar ro‘yxati
14:38 / 01.04.2025
Osiyodagi eng chuqur g‘or joylashgan qishloq – Dehibolo | Manzil
16:30 / 04.11.2024
15 ta piramida sig‘adi – dunyodagi eng katta g‘or haqida nimalar ma’lum?
10:00 / 16.10.2024