O‘zbekiston | 07:35
14558
3 daqiqa o‘qiladi

1853 yilgi Orol dengizi xaritasi e’lon qilindi

XIX asrda Orol dengizi eng sersuv davrini boshdan kechirayotgan edi. Yangi tasvirda 1848–1849 yillardagi ekspeditsiya natijalari asosida yaratilgan uning xaritasi keltirilgan.

Foto: Kun.Uz

Orol dengizi dengiz deb atalsa-da, aslida u ko‘l hisoblanadi. XX asrda u dunyodagi hajmi bo‘yicha to‘rtinchi yirik ko‘l sanalgan.

Radiokarbon tahlili ma’lumotlariga ko‘ra, Orol dengizi taxminan 17,6 ming yil avval tog‘ muzliklarining erishi natijasida shakllangan. Dastlab ko‘l toza suvli bo‘lgan, faqat bir necha ming yildan keyin uning sho‘rlanish darajasi sezilarli oshgan. Uning suv sathi doimiy bo‘lmagan, nisbatan sersuv holatiga esa XVI asrning ikkinchi yarmida erishgan.

Orolni o‘rganishga urinishlar XVIII asrda ham bo‘lgan, ammo ular yuzaki xususiyatga ega edi. Orolbo‘yi hududidagi birinchi ilmiy ekspeditsiya 1848–1849 yillarda o‘tkazilgan. Ekspeditsiyaga kapitan-leytenant Aleksey Butakov rahbarlik qilgan. Tadqiqot ishtirokchilari Orol dengizining to‘liq tavsifini tuzgan, jumladan, chuqurliklarini baholagan va orollarini o‘rgangan.

Orol dengizining 1853 yilgi xaritasi / © A. Petermann, The Journal of the Royal Geographical Society of London / Wikipedia

Dengiz vazirligining Gidrografiya departamenti 1950 yilda Orolning dengiz xaritasini nashr etgan. Xaritaga qirg‘oq chizig‘i, quyiladigan daryolar deltalari va irmoqlar batafsil tushirilgan. Shuningdek, qirg‘oq va orol landshaftiga alohida e’tibor qaratilgan. Xaritada tog‘lar, kechuvlar, to‘g‘onlar va aholi punktlari ham ko‘rsatilgan. Xarita masshtabi 1 dyuymda 15 verst bo‘lgan — bu taxminan 1 santimetrda 6,3 kilometrga to‘g‘ri keladi.
 

Orol dengizining 1950 yilgi xaritasi / © Butakov A.I., Pospelov K.Ye. / Dengiz vazirligi Gidrografiya departamenti / rusneb

1853 yilgi variant esa «Qirollik geografiya jamiyati jurnali»da chop etilgan. Gravyura muallifi kartograf Avgust Peterman bo‘lgan.

XX asrning 60-yillari boshida Orol dengizi quriy boshladi. Buning asosiy sabablaridan biri — Amudaryo va Sirdaryodan suvning juda katta hajmda olinishi bo‘ldi. Ushbu suv qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari, avvalo paxta yetishtirishni sug‘orish uchun ishlatilgan. 1989 yilda ko‘l ikki suv havzasiga bo‘linib ketdi. O‘zbekiston hududida joylashgan Janubiy (Katta) Orol deyarli butunlay Orolqum cho‘liga aylandi. Shimoliy Orolda esa suv sathi Ko‘karal to‘g‘oni tufayli asta-sekin barqarorlashmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid