Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShda sakkiz nafar bola otib o‘ldirildi
AQShning Luiziana shtatidagi Shrivport shahrida noma’lum erkak sakkiz nafar bolani otib o‘ldirdi. Yana ikki kishi jarohat oldi. Hujum qilgan shaxs o‘g‘irlangan avtomashinada qochishga uringan, ammo politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan.
Foto: REUTERS
AQShning Luiziana shtatida joylashgan Shrivport shahrida 19 aprel, yakshanba kuni ertalab noma’lum erkak uyushtirgan otishma oqibatida sakkiz nafar bola qurbon bo‘ldi. Yana ikki kishi jarohat olgan. Bu haqda NBC News telekanali o‘z saytida Shrivport politsiyasi matbuot kotibi Kristofer Bordelonga tayanib xabar berdi.
Politsiyaning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu hodisa oilaviy zo‘ravonlik holati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Politsiya vakilining bayonotida aytilishicha, jinoyat sodir etilgan hudud bir mahallada joylashgan ikki uyni, shuningdek, otishma boshlanganidan so‘ng jabrlanuvchilardan biri yashirinishga uringan yaqin atrofdagi yana bir uyni qamrab olgan.
Xabar qilinishicha, gumonlanuvchi jinoyatchi avtomashina o‘g‘irlab, qochishga uringan. Ammo Shrivport patrul politsiyasi uni ta’qib qila boshlagan. Natijada, u politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan.
Xabar e’lon qilingan paytga kelib, hujumchining shaxsi va uning ehtimoliy motivlari haqida batafsil ma’lumot berilmagan. Shu bilan birga, politsiya halok bo‘lgan bolalarning ayrimlari mazkur erkakning qarindoshlari bo‘lganini bildirgan.
“Bu fojiali vaziyat, ehtimol, Shrivportda hech qachon sodir bo‘lmagan eng og‘ir fojialardan biridir”, — dedi Bordelon.
“Shu bois hozir biz barcha ma’lumotlarni sinchiklab o‘rganamiz va bu ish ishonchli qo‘llarda”, — deya qo‘shimcha qildi u.
O‘z navbatida, shahar meri Tom Arseno motam e’lon qildi.