Sport | 18:35
737
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston milliy xokkey jamoasi jahon chempionatining III divizionida g‘olib chiqdi

Xokkeychilar Hongkongda o‘tkazilgan turnir davomida raqiblaridan sezilarli ustunlikni namoyish etib, 97 ta shayba urishga muvaffaq bo‘ldi.

Foto: Federatsiya xokkeya RUz

Xokkey bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi IIHF 2026 yilgi jahon chempionatining III divizioni B guruhida g‘olib chiqdi. Bu nufuzi jihatdan 6-o‘rindagi liga hisoblanadi.

Latviyalik mutaxassis Normunds Seyyeys bosh murabbiyligidagi jamoa Hongkongda o‘tkazilgan turnir davomida raqiblaridan sezilarli ustunlikni va yuqori sermahsullikni namoyish etdi. Jumladan, Mo‘g‘uliston (26:1), Filippin (28:3), KXDR (20:3), Lyuksemburg (14:0) va Hongkong (9:4) mag‘lub etildi.

Yakuniy jadval quyidagicha: O‘zbekiston - 15 ochko, KXDR - 12, Honkong - 9, Lyuksemburg - 6, Mo‘g‘uliston - 3, Filippin - 0.

Turnirning eng yaxshi bombardiri va mergani O‘zbekiston milliy jamoasi vakili Vadim Kravchenko bo‘ldi. Uning hisobida 35 ochko (19 gol va 16 uzatma) bor.

Kelgusi mavsumda O‘zbekiston milliy jamoasi jahon chempionatining III divizioni A guruhida ishtirok etadi. Unga Tayvan, Bosniya va Hersegovina, Tailand, Meksika va Janubiy Afrika raqiblik qiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid