O‘zbekiston | 11:32
603
2 daqiqa o‘qiladi

Voyaga yetmaganlar xavfsizligiga doir yangi huquqiy normalar joriy etildi

Yangi qonunga ko‘ra, voyaga yetmaganlarni zo‘ravonlik va noqonuniy kontentdan himoya qilishga qaratilgan javobgarlik choralari kuchaytirilib, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha mexanizmlar joriy etildi.

Foto: Kun.uz

O‘RQ–1130-sonli qonun bilan Jinoyat kodeksi va boshqa qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Unga muvofiq, voyaga yetmagan shaxs tasvirlangan yoki ishtirok etgani aybdorga ayon bo‘lgan pornografik mahsulotni tarqatish maqsadida saqlash, agar bunday harakatlar uchun avval ma’muriy jazo qo‘llanilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bunday hollarda aybdorga katta miqdorda jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazolari qo‘llanilishi mumkin.

Shuningdek, qonunchilikka voyaga yetmagan guvohning qonuniy vakili tushunchasi kiritildi. Endi guvoh voyaga yetmagan shaxs bo‘lgan taqdirda, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida qonuniy vakil ishda ishtirok etadi.

Qonuniy vakil sifatida ota-ona, farzandlikka olgan shaxs, vasiy yoki homiy, shuningdek vasiylik va homiylik organi vakillari ishtirok etishi mumkin. Ularning ishda qatnashishi surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror qarori, sud tomonidan esa ajrim asosida ta’minlanadi.

Bundan tashqari, voyaga yetmaganlar tasvirlangan pornografik mahsulotlarni tarqatish maqsadida saqlaganlik uchun ma’muriy javobgarlik ham belgilandi.

Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid