Prezident Shavkat Mirziyoyev narkotiklar savdosi, narko-jinoyatlar va ularning oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Sherzod Kudbiyev tadbirkorlar bilan muloqot chog‘ida qimmatbaho soatda ko‘rinish berdi. Bolalarga nisbatan noqonuniy xatti-harakat sodir etgan pedagoglar ta’lim tizimidan 1 yilga chetlatilishi mumkin. Sovuq qurolga oid qonunbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirildi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Shavkat Mirziyoyev: Narkobiznesni qurol bilan emas, pulsiz qoldirish orqali yengish mumkin
Samarqand shahrida “Jamoat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusida o‘tkazilayotgan xalqaro forum ishtirokchilariga murojaat yo‘llagan prezident Shavkat Mirziyoyev narkotiklar savdosi, narko-jinoyatlar va ularning oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha qator muhim xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi.
“Narkobiznesni qurol bilan emas, pulsiz qoldirish orqali yengish mumkin. Agar biz uning “moliyaviy arteriya”larini bo‘g‘ib qo‘ysak, bu illat o‘z-o‘zidan yo‘qoladi”, dedi prezident.
Shuning uchun kripto-birjalar uchun majburiy identifikatsiya standartlarini global darajada birxillashtirish, offshor yurisdiksiyalar bilan ma’lumot almashinuvi bo‘yicha majburiy kelishuvlar, “noma’lum manba” mablag‘larini avtomatik bloklash mexanizmlarini joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
«Tanqidlar o‘rinli» - Sherzod Kudbiyev qimmatbaho soati yuzasidan izoh berdi
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev tadbirkorlar bilan muloqot chog‘ida qimmatbaho soatda ko‘rinish berishi ortidan boshlangan muhokamalarga munosabat bildirdi.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu soat lyuks model (taxminlarga ko‘ra Vacheron Constantin Overseas yoki Breguet Marine) ekanini va narxi 50 ming dollar turishini taxmin qilishgan.
19 aprel kuni Sherzod Kudbiyev videomurojaat e’lon qildi va unda davlat xizmatchisi kamtar bo‘lishi kerakligini aytdi. Shuningdek, amaldorlar ommaviy tadbirlar va yig‘ilishlarda kasbiy etikaga qat’iy amal qilishi zarurligi haqidagi fikrga qo‘shilgani hamda bo‘lgan voqeadan saboq chiqarganini ta’kidladi.















