Jahon | 17:38
2339
2 daqiqa o‘qiladi

Malida isyonchilar Rossiya vertolyotini urib tushirdi

Ekipaj a’zolari halok bo‘lgan.

Foto: Videodan kadr

Malida qurollangan isyonchilar Rossiya mudofaa vazirligining «Afrika korpusi»ga tegishli vertolyotni urib tushirgan. Bu haqda dastlab 26 aprel kuni Fighterbomber kanali xabar xabar berdi, keyinroq bu ma’lumotni boshqa harbiylashgan pabliklar ham tarqatdi.

Xabarda vertolyotga zenit-raketa kompleksi orqali zarba berilgani qayd etilgan.

«Ekipaj va bortda bo‘lgan mobil o‘t ochish guruhi halok bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisaga tashqaridan zarba berilishi sabab bo‘lgan», – deyiladi Fighterbomber xabarida.

Vertolyot turi va qurbonlar soni aniqlashtirilmoqda. RF mudofaa vazirligi va Rossiya tashqi ishlar vazirligi vertolyot halokati yuzasidan munosabat bildirmadi.

Malida 2021 yilgi davlat to‘ntarishi orqali hokimiyatga kelgan harbiylar bir necha yildan buyon mamlakat shimolida o‘z mustaqil davlatini tuzishni maqsad qilgan isyonchi tuareglar bilan qurolli kurash olib boradi.

RF mudofaa vazirligining «Afrika korpusi» 2024 yilda Maliga yuborilgan, ushbu tuzilma u yerda «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi o‘rnini egallagan. Rossiyaliklar harbiy xunta tomonida turib jang qiladi.

25 aprel kuni tuareglar va «Al-Qoida» ta’siridagi boshqa guruhlar mamlakatning bir necha shahrigadagi pozitsiyalarga, jumladan, poytaxt Bamakoga muvofiqlashtirilgan hujumlar seriyasini amalga oshirgan. Rasmiy hukumat hujum qaytarilgani va «yuzlab» jangarilar o‘ldirilgani to‘g‘risida xabar bergan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid