O‘zbekiston | 10:50
8500
3 daqiqa o‘qiladi

“Bizni toqqa olib bordi” – 14 yoshli qizga shilqimlik qilgani aytilayotgan PPX xodimi ishdan olindi. IIV holatni tekshirmoqda

Ohangaron shahrida PPX xodimi 14 yoshli qizni dugonasi bilan birga tog‘li hududga olib borib, ularga shilqimlik qilgani aytilmoqda. Bu haqda qizning qarindoshlari ma’lumot tarqatdi. Ularga ko‘ra, voqea 28 aprelga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda PPX xodimi voyaga yetmagan qizlarni tog‘li hududga olib borib, ularga tegajog‘lik qilgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Qizning qarindoshlari tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 28 aprel kuni kechda Ohangaron shahrida sodir bo‘lgan.

“27 aprel kuni soat 21:00 larda dugonalarim bilan uy oldidagi o‘rindiqda o‘tirgandik. Oldimizga Spark kelib to‘xtadi va mashinaga o‘tirishimizni aytdi. Men rad etdim. Lekin u qo‘pol ravishda o‘tirishimni buyurdi. Uni ichki ishlar xodimi, menga hech narsa qilmaydi deb o‘ylagandim”, degan qiz.

Uning qo‘shimcha qilishicha, shundan so‘ng xodim ularni “allaqanday tog‘li hududga” olib borgan. Keyin mashinani to‘xtatib, ularga shilqimlik qila boshlagan. Shundan so‘ng qizlardan birining akasi geolokatsiya orqali o‘sha yerga yetib borgan.

Qizning akasi avtomobilning davlat raqami 10 R077MB bo‘lganini, rulda esa PPX xodimi o‘tirganini aytgan.

“PPX xodimi 14 yoshli singlim bilan tungi soat 1:00 da tog‘da, mashina ichida bo‘lgan. Nima bilan shug‘ullanganini bilmayman. Yordam berishingizni, bu voqeani keng ommaga yoyishingizni so‘rayman. Bu aqlga sig‘maydigan holat”, degan u.

Shuningdek, qizning akasi video va telefon suhbatini yozib olganini, erkak unga tahdid qilayotganini bildirgan.

IIV Jamoat xavfsizligi departamenti holat yuzasidan munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, tarqalgan xabarlar yuzasidan IIV O‘z xavfsizligi bo‘linmasi hamda prokuratura tomonidan birgalikda tekshiruv olib borilmoqda.

“Voqea ishtirokchilari va tafsilotlari aniqlangan. Xodim xizmat vazifasini bajarishdan chetlatilgan. Bayon etilgan faktlar tasdiqlangan taqdirda, uning xatti-harakatlariga qat’iy huquqiy baho beriladi. Hatto jinoiy javobgarlikka tortishgacha chora ko‘riladi”, deyiladi munosabatda.

Tekshiruv natijalari haqida qo‘shimcha ma’lumot berilishi bildirildi. Shuningdek, departament fuqarolardan faqat rasmiy ma’lumotlarga tayanishni so‘ragan.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid