O‘zbekiston | 09:26
2052
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda yer savdosida gumonlangan hokim yordamchisi va mahalla raisi qo‘lga olindi

Andijon tumanida mahalla raisi va hokim yordamchisi chorvachilik maqsadida ajratib berilgan yerning 2 sotixi hamda davlat zaxirasidagi 28 sotix yerni 57 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan. Ular kelishilgan pulning bir qismini olganda tezkor tadbirda ushlangan.

Foto: DXX

Andijonda 30 sotix yer savdosi ortidan mahalla raisi va hokim yordamchisi qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Andijon tumanidagi mahallalardan birining raisi va ushbu mahalladagi hokim yordamchisi o‘zaro til biriktirgan. Ular fuqaroga chorvachilik maqsadida ajratib berilgan yer maydonining 2 sotixini hamda davlat zaxirasida bo‘lgan 28 sotix yerni Andijon shahrida yashovchi 37 yoshli shaxs nomiga rasmiylashtirib berishni reja qilgan.

Jami 30 sotix yer maydonining bir qismini noturar, qolgan qismini turar joy toifasiga o‘zgartirib berishni aytgan. So‘ngra yer uchun 57 ming, kadastr idoralaridagi tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirish uchun esa 3 ming dollar talab qilishgan.

Mahalla raisi va hokim yordamchisi oldindan yer maydoni uchun 28 ming, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun 3 ming dollari olgan vaqtida tezkor tadbirda ushlangan.

Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid