Jahon | 16:12
10897
7 daqiqa o‘qiladi

Chumolilar yerga qulab, komaga tushgan parashyutchi ayolni qanday qutqargandi?

1999 yilda amerikalik parashyutchi ayol 4,4 ming metr balandlikdan pastga sakraydi. Shunda uning asosiy parashyuti ochilmaydi. Ayol yerga 200 metr qolganda zaxira parashyutini ochadi, biroq uning iplari o‘ralib qoladi. Oqibatda ayol soatiga 130 km tezlikda yerga kelib uriladi va komaga tushadi.

Dunyoda har kuni turli insonlar bilan turli g‘aroyib hodisalar sodir bo‘ladi. Kimdir mo‘jiza tufayli tirik qoladi, boshqa birov oddiy zirapcha kirishi ortidan vafot etadi.

Hozir hikoya qilmoqchi bo‘lganimiz, amerikalik parashyutchi ayol Joan Myurrey ham o‘lim bilan tugashi kerak bo‘lgan vaziyatda mo‘jiza tufayli omon qoladi. Aniqrog‘i, uning hayotini chumolilar qutqarib qoladi.

Parashyut sporti bilan shug‘ullangan bank xodimi

1952 yilda tug‘ilgan Joan Myurrey ulg‘ayganidan so‘ng iqtisodchi kasbini egallaydi va Shimoliy Karolinaning Sharlott shahridagi banklarning birida ishlaydi.

U 30 yoshgacha hech qanday ekstremal sport turi yoki boshqa ishlar bilan shug‘ullanmaydi va odatiy hayot kechiradi. 30 yoshdan o‘tganda esa negadir parashyutdan sakrashga qiziqib qoladi.

Ayol avval parashyutdan sakrash bo‘yicha mashg‘ulotlarga qatnashadi. So‘ng asta-sekin turli balandliklardan sakray boshlaydi.

1990-yillarning ikkinchi yarmiga kelib Joan Myurrey tajribali parashyutchi bo‘lib qolgan va yiliga o‘rtacha 25-30 ta sakrashni amalga oshirardi.

Parashyutdan sakrash Joan uchun shunchaki yoqtirgan mashg‘uloti emas, balki qobig‘idan chiqib, erkinlikni his qilish, kundalik odatiy zerikarli hayotdan qochish edi.

Soatiga 130 km tezlikda qulash

1999 yil 25 sentabr kuni 37 yoshli Joan Myurrey navbatdagi sakrashni amalga oshirish uchun belgilangan aerodromga yetib boradi. O‘sha kuni Shimoliy Karolinada havo ochiq, yengil shabada esib turgandi.

O‘sha yili u jami 36 marta parashyutda sakragan va navbatdagisi 37-sakrash edi. Ayol parashyutni taqadi, uning bog‘ichlarini sinchiklab tekshiradi. Zaxira parashyutni ko‘zdan kechiradi. Har ikkala parashyut to‘g‘ri taqilgan, arqonlari joyida edi.

Samolyot Yer sathidan 4 400 metr balandlikka chiqqanda ayol pastga sakraydi. Joan ma’lum vaqt erkin uchib tushadi va parashyutni ochmoqchi bo‘ladi. Biroq u ochilmaydi.

Joanning pastga uchib tushishi yanada tezlashadi. Shunda ayol zaxira parashyutni ochadi. O‘sha paytda yergacha taxminan 200 metr atrofida masofa qolgandi.

Zaxira parashyut ochilgan zahoti uning arqoni o‘ralib qoladi va Joan pastga katta tezlikda uchib tusha boshlaydi. Oradan bir necha soniya o‘tib ayol soatiga 130 km tezlikda yerga kelib uriladi.

Bunday uchib tushish muqarrar o‘lim bilan tugashi lozim edi. Ayolning qovurg‘alari, umurtqasi va boshqa suyaklari sinadi, biroq u tirik qoladi. Faqat yerga kelib urilganda u hushini yo‘qotadi.

Uning tirik qolishiga ayol qattiq yerga emas, balki chumolilar uyasi ustidagi bo‘sh to‘proqqa tushgani sabab bo‘lgandi.

Xaloskor chumolilar

Joan komaga tushgan va uning yuragi juda sekin urardi. U chumoli uyasi ustiga kelib urilar ekan, bundan chumolilar bezovta bo‘lishadi va g‘azablanishadi. So‘ng ular uya tepasida yotgan ayolga hujum qiladi. Chumolilar galasi Joanga yopirilib, uning tanasini chaqa boshlaydi.

Shu joyda chumolilar ayolni 200 martadan ortiq chaqadi. Ayolning tanasiga chumoli zahri kiradi, vaziyat yomonlashish o‘rniga bu ayolga naf beradi.

Keyinchalik shifokorlar Joanga chumolilarning zahri tanada adrenalin ajralishiga va yurakning tez urishiga sabab bo‘lganini, ana shu holat uning tirik qolishini ta’minlaganini tushuntirib berishadi.

Hodisa joyiga qutqaruv brigadasi va shifokorlar yetib kelganda Joan chalajon holda, chumolilar chaqqani oqibatida butun tanasi qizarib, momataloq holda yotgandi.

Uni yaqin oradagi shifoxonaga olib ketishadi. O‘shanda Joanni dastlabki tekshiruvdan o‘tkazgan shifokorlar uning yashab ketish ehtimolini 2 foiz deb baholaydi.

Shifokorlar adashgandi, Joan sog‘aya boshlaydi, biroq to‘liq tuzalib ketishi ancha vaqtni talab qiladi. Bunda fizioterapiya muolajalari, psixolog hamda oila a’zolarining, jumladan ikki nafar qizining qo‘llashi ayolning sog‘ayib ketishiga sabab bo‘ladi.

Joan ikki hafta komada yotadi va o‘ziga keladi. Ayolning singan suyaklarini butlash uchun 20 marta jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi.

Unga 17 marta qon quyiladi. Singan suyaklarni qotirish uchun ayolning tanasiga ko‘plab temir bo‘laklari va tayoqchalari tiqiladi.

Irodasi kuchli ayol

Joan Myurrey shifoxonada bir yildan ortiq qoladi va sog‘ligini biroz tiklaydi. Biroq u baribir nogiron bo‘lib qoladi. Ayolga nogironlik nafaqasini taklif etishadi.

Joan nafaqaga chiqishni rad etadi va bankdagi ishiga qaytadi. Biroq uzoq ishlay olmaydi va bir necha yildan keyin baribir nafaqaga chiqishga majbur bo‘ladi.

Ayol bu bilan cheklanib qolmaydi, u o‘zidagi qo‘rquvlarni yengib o‘tadi va qulab tushganiga ikki yil bo‘lganda, 2001 yilda yana o‘zida kuch topib parashyutdan sakraydi. U bu ishi bilan hayot fojiadan kuchliroq ekanini isbotlaydi.

Joan yana parashyutdan sakragach unga OAVlar e’tibor qaratadi va ayol mashhur bo‘lib ketadi. Uning boshidan o‘tkazgan hodisalarni hikoya qilgan asari mashhur People jurnalida chop etiladi.

O‘sha hikoyasida u hayotga bo‘lgan qarashlari bilan o‘rtoqlashadi va shunday deydi: “Men ertalab poyabzalimni kiyishdan ham quvonch olaman”.

Shundan so‘ng Joanni turli yig‘inlarga chaqirishadi va u imkonsiz holatda qanday qilib tirik qolganini aytib ma’ruzalar qiladi.

Keyinroq Joan Myurrey saraton xastaligiga chalinadi va kasallik bilan uzoq kurashdan so‘ng 2022 yil may oyida 70 yoshida vafot etadi.

Joanning hikoyasi inson irodasining cheki yo‘qligiga va tabiat insonga qanday marhamat ko‘rsatishini oldindan aytib bo‘lmasligiga yorqin dalil sifatida qoldi.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid