Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Markaziy Osiyo turizm halqasi» tashabbusi va elektromobilni quvvatlantirish bo‘yicha qaror loyihasi – mahalliy dayjest
Prezident «Markaziy Osiyo turizm halqasi»ni yaratish tashabbusini ilgari surdi. Elektromobilni quvvatlantirish xarajatlarining bir qismi qaytarilishi mumkin – qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi. O‘zbekistonliklar may oyida necha kun dam olishi haqida ma’lumot berildi. Aholiga bepul beriladigan dori vositalari ro‘yxati tasdiqlandi.
Prezident «Markaziy Osiyo turizm halqasi»ni yaratish tashabbusini ilgari surdi
Shavkat Mirziyoyev bu haqda 4 may kuni Samarqand shahrida Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishida aytib o‘tdi.
Davlat rahbari dunyodagi notinchlik tufayli millionlab sayyohlar xavfsiz yo‘nalishlarni qidirayotganini, Markaziy Osiyo esa ziyorat, madaniy, gastronomik, etno, ekstremal, tibbiyot kabi turizm yo‘nalishlarida katta salohiyatga egaligini ta’kidladi.
«O‘zbekiston mazkur sohaga alohida e’tibor qaratib, zarur infratuzilma, servis, viza va transport, eng muhimi, sayyohlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni amalga oshirdi. Buning hisobiga o‘n yil ichida O‘zbekistonga xorijiy turistlar oqimi 6 karra oshib, 12 million nafarga yetdi», dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev qo‘shni davlatlar, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa hamkorlarni turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar portfelini shakllantirib, birgalikda moliyalashtirishga chaqirdi.
Elektromobilni quvvatlantirish xarajatlarining bir qismi qaytarilishi mumkin – qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi
Energetika vazirligi «Elektromobillarni quvvatlantirish infratuzilmasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.
Hujjatga ko‘ra, 2026 yil 1 maydan elektromobillarni quvvatlantirish shoxobchalarida iste’mol qilingan 1 kW·h elektr energiyasining 300 so‘mdan oshgan qismini davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplash taklif etilmoqda.
Qaror loyihasida keltirilishicha, transport sohasida tabiiy resurslardan samarali foydalanishni ta’minlash, xususan, metan va boshqa uglevodorod yoqilg‘isida harakatlanadigan avtotransport vositalarini bosqichma-bosqich elektr energiyasiga o‘tkazish orqali yoqilg‘i iste’molini qisqartirish hamda atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish maqsad qilingan.
O‘zbekistonliklar may oyida necha kun dam oladi?
May oyida O‘zbekistonda Xotira va qadrlash kuni, shuningdek, Qurbon hayiti munosabati bilan qo‘shimcha dam olish kunlari bo‘ladi.
Prezident farmonida 9 may (shanba) dam olish kuniga to‘g‘ri kelgani sababli bu dam olish kuni 11 may, dushanba kuniga ko‘chirilishi belgilangan.
Shu munosabat bilan quyidagi kunlari dam olinadi:
- 9 may, shanba — odatdagi dam olish kuni;
- 10 may, yakshanba — odatdagi dam olish kuni;
- 11 may, dushanba — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ko‘chirilgan dam olish kuni.
Ushbu farmonda ish haftasining turidan qat’i nazar barcha xodimlar uchun 28 may (payshanba), 29 may (juma) olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun esa 30 may (shanba) qo‘shimcha dam olish kunlari etib belgilangan. Agar Qurbon hayiti 27 mayga to‘g‘ri kelsa (hayit sanasi bir kunga o‘zgarishi mumkin), yakshanba ham dam olish kuni ekani hisobga olinsa, o‘zbekistonliklar ketma-ket besh kun (27–31 may) dam olishi mumkin.
Aholiga bepul beriladigan dori vositalari ro‘yxati tasdiqlandi
Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i bilan Reimbursatsiya dasturiga kiritilgan kasalliklar va ularni davolashda beriladigan dori vositalari ro‘yxati tasdiqlandi. Hujjat 2027 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.
Ro‘yxat Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi bilan kelishilgan bo‘lib, unda onkologik, ruhiy, yurak-qon tomir, endokrin va boshqa kasalliklarni davolashga mo‘ljallangan 69 ta dori vositasi belgilangan. Ular qatorida Aspirin, Bisoprolol, Omeprazol, Tramadol, Ambroksol, Kaliy yodid, Geparin kabi dori vositalari bor.
Reimbursatsiya – xarajatlarni qoplash bo‘lib, surunkali kasalliklarni davolash uchun shifokor buyurgan dorilar xarajatini qoplashni nazarda tutadi. Bunda oilaviy shifokor yozgan elektron retsept asosida bemor Jamg‘arma bilan shartnoma tuzgan dorixonalardan dori vositalarini bepul oladi.
Mavzuga oid
20:06 / 01.05.2026
Toshkentdan Xivaga elektropoyezd va ikkita Malibu ishtirokida sug‘urta firibgarligi – mahalliy dayjest
19:05 / 30.04.2026
Energiya iste’moliga cheklovning taqiqlanishi va matbuot erkinligi bo‘yicha «juda jiddiy» vaziyat – mahalliy dayjest
20:42 / 29.04.2026
Haj mavsumining boshlanish sanasi va haker tomonidan sotuvga qo‘yilgan ma’lumotlar – mahalliy dayjest
19:50 / 28.04.2026