Jahon | 18:49
1004
7 daqiqa o‘qiladi

Kruiz laynerda tarqalgan xantavirus. Nimalar ma’lum?

Kema hozirda Kabo-Verde yaqinida turibdi, ammo yo‘lovchilarga sohilga tushishga ruxsat berilmagan. Kanar orollari hukumati ham laynerni qabul qilishdan bosh tortgan.

AFP / Scanpix / LETA

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 4 may kuni Atlantika okeanidagi kruiz layner bortida xantavirus bilan bog‘liq yetti holat aniqlangani haqida xabar berdi. Virusga chalinganlarning uch nafari allaqachon vafot etgan.

Kasallik tarqalgan «Hondius» nomli kruiz layneri 1 aprel kuni Argentina janubidagi Ushuaya shahridan chiqqan va Kabo-Verde tomon harakatlangan. Bortda ekipaj a’zolari bilan birgalikda 150 nafarga yaqin kishi bo‘lgan. Kruiz qatnashchilari Antarktidada hamda Janubiy Atlantikada o‘z yovvoyi tabiati bilan mashhur bo‘lgan orolda bo‘lishgan.

6 aprel kuni layner yo‘lovchilaridan biri, Niderlandiya fuqarosida isitma, bosh og‘rig‘i va yengil diareya alomatlari paydo bo‘lgan. 11 aprel kunigacha unda nafas yetishmovchiligi rivojlangan va u o‘sha kuniyoq vafot etgan. 24 aprel kuni uning jasadi kemadan Atlantika okeanidagi Avliyo Yelena oroliga yetkazilgan. Uning rafiqasi, Niderlandiya fuqarosi bo‘lgan ayol ham jasadni vataniga qaytarish jarayonida hamrohlik qilish uchun sohilga tushgan. 25 aprel kuni Janubiy Afrika Respublikasiga parvoz vaqtida uning ahvoli yomonlashgan, 26 aprel kuni u ham Yoxannesburgdagi shifoxonada vafot etgan.

Bundan ikki kun oldin, 24 aprel kuni «Hondius»dagi shifokorga Buyuk Britaniya fuqarosi bo‘lgan yana bir yo‘lovchi murojaat qilgan. Unda isitma va nafas qisishi kuzatilgan. Uni ham Yoxannesburgga evakuatsiya qilishgan va intensiv terapiya bo‘limiga yotqizishgan. 4 may kuniga kelib laboratoriya tekshiruvlari u ham xantavirus variantlaridan birini yuqtirib olganini tasdiqladi. Xuddi shu virus vafot etgan niderlandiyalik ayoldan ham chiqqan. Uning vafot etgan turmush o‘rtog‘ida esa hozircha xantavirus tasdiqlanmagan.

Shu bilan birga, laynerda yana bir o‘lim holati ro‘y bergan – 2 may kuni Germaniyadan bo‘lgan yo‘lovchi ayol vafot etgan, uning ham isitmasi ko‘tarilib ketgandi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, u bilan muloqotda bo‘lgan shaxs va ekipajning ikki a’zosida nafas olish va oshqozon-ichak simptomlari aniqlangan. Ular aynan xantavirusdan zararlangani va kasallikni ularga germaniyalik ayol yuqtirgani hozircha tasdiqlanmagan. «Hondius»ning boshqa yo‘lovchilarida xantavirusga xos alomatlar qayd etilmagan.

Qamoqqa aylangan layner

Bir oy muqaddam jami 23 mamlakat fuqarolari bilan Argentinadan yo‘lga chiqqan va olti ming milya masofani suzib o‘tgan layner ayni vaqtda Kabo-Verde yaqinida langar tashlab turibdi va yaqin vaqtlar ichida Kanar orollari tomon suzishni rejalashtirgan. Orollargacha masofani bosib o‘tish uchun uch-to‘rt kun vaqt ketadi.

Kema seshanba kuni Kabo-Verde portiga kirishi kerak edi, ammo mahalliy rasmiylar xavfsizlik nuqtayi nazaridan yo‘lovchilarga sohilga tushishni taqiqladi.

O‘z navbatida, Ispaniya hukumati tomonidan tegishli ruxsat berilganiga qaramay, ushbu qirollik tarkibidagi Kanar orollari hukumati ham laynerni qabul qilishdan bosh tortdi. Orol prezidenti Fernando Klavixo bu qarorini kemadagi vaziyat haqida yetarlicha batafsil ma’lumot yo‘qligi bilan izohlagan.

Niderlandiyaning Oceanwide Expeditions kruiz kompaniyasi bortdagi vaziyat «osoyishta» ekani, qat’iy ihotalash choralari qo‘llanayotganini ma’lum qilgan.

Niderlandiya hukumati bortdagi bemorlarni evakuatsiya qilishga tayyorlanmoqda. Shundan keyin «Hondius» o‘zini qabul qiladigan joyda to‘xtashi va yo‘lovchilar jiddiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi kerak bo‘ladi.

Xantavirus qanday virus?

Laynerdagi kasallanish va o‘lim holatlariga sabab bo‘lgan infeksiya manbayi hozircha aniqlanmadi.

Xantavirus – viruslarning bir turi bo‘lib, u odamga asosan kemiruvchilarning qurigan axlati tarkibidagi zarrachalar bilan nafas olish orqali yuqadi.

Shuningdek, kemiruvchilar tishlashi yoki tirnashi orqali tarqalishi mumkin.

U og‘ir respirator kasalliklarni keltirib chiqaradi. Odamdan odamga yuqishi esa juda kam uchraydi.

JSSTning Epidemiyalar va pandemiyalarga tayyorgarlik departamenti direktori Mariya van Kerhovening fikricha, virus dastlab kemiruvchilardan odamga o‘tgan va keyin odamdan odamga yuqqan bo‘lishi mumkin. Lekin dastlabki zararlanish holati aynan qachon ro‘y bergani aniq emas – bu kema Argentinadagi Ushuaya shahridan chiqishidan oldin ham, yo‘lda to‘xtab o‘tilgan joylardan birida ham ro‘y bergan bo‘lishi mumkin. Kruiz bir oy ichida ko‘plab orollardan o‘tgan, ularning ba’zilarida kemiruvchilar yashaydi.

Xantavirus bo‘yicha mutaxassis, amerikalik Greg Mers The Washington Post nashri bilan suhbatda «Hondius»dagi kasallanish xronologiyasi virus odamdan odamga yuqqaniga ishora qilayotgani va bunday tarqalishi mumkin bo‘lgan yagona xantavirus Janubiy Amerikadagi Andes virusi bo‘lib, u o‘pkani zararlashi haqida gapirgan.

Uning inkubatsion davri bir haftadan sakkiz haftagacha bo‘lib, kechki respirator belgilar – yo‘tal, hansirash, ko‘krak qafasiga bosim rivojlanganda bemorlarning 30 foizdan ortig‘i vafot etadi.

Xantaviruslar butun sayyora bo‘ylab uchraydi. Har yili yuz minglab kasallanish holatlari ro‘yxatga olinadi, shundan aksar qismi Xitoyga to‘g‘ri keladi. G‘arbiy yarimsharda tarqalgan xantaviruslar asosan o‘pkani, sharqiy yarimshardagisi esa esa buyrakni zararlaydi. G‘arbiy yarimshardagi xantavirus infeksiyalari xavfliroq: Osiyo va Yevropada ulardan o‘lim darajasi 15 foizdan oshmaydi, Shimoliy va Janubiy Amerikada esa 50 foizgacha yetishi mumkin.

Xantaviruslarga qarshi vaksinalar yoki maxsus davolash usullari yo‘q – faqat alomatlarni davolash mumkin.

«Ba’zi hollarda kasallik og‘ir kechsa-da, odamdan odamga osonlikcha yuqmaydi. Umuman olganda, aholi uchun xavf darajasi pastligicha qolmoqda. Vahima yoki sayohat cheklovlariga hojat yo‘q», – degan JSSTning Yevropa bo‘yicha mintaqaviy direktori, doktor Hans Klyuge.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid