Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sangardakda yo‘qolgan 2 yoshli bola: otasi farzandini o‘g‘irlab ketishganidan shubha qilmoqda
Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida joylashgan Sangardak dam olish maskanida yo‘qolgan ikki yoshli bola 10 kundan beri topilmayapti. Uning otasi Kun.uz bilan bog‘lanib, farzandi o‘g‘irlab ketilgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Tuman IIB esa “kechiktirib bo‘lmas tezkor qidiruv tadbirlari” davom ettirilayotganini bildirdi.
Yo‘qolgan bolaning otasi Sardor Iskandarovning Kun.uz'ga aytishicha, uning oilasi 26 aprel kuni Termiz shahridan hordiq chiqarish uchun Sangardak dam olish maskaniga borgan. Bolaning onasi farzandiga kerakli buyumni olish uchun bir necha daqiqaga mashinaga ketgan vaqtda ikki yoshli Zubayr dam olish joyi yaqinidagi qum uyumi ustida o‘ynab o‘tirgan bo‘lgan. Biroq ona qaytib kelganida bola g‘oyib bo‘lgan.
Otaning ta’kidlashicha, dastlabki daqiqalardagi stress va vahima oqibatida ona farzandi yaqin atrofdagi anhorga tushib ketgan bo‘lishi mumkinligini aytgan va shu sababli asosiy qidiruv ishlari g‘avvoslar yordamida suvdan izlashga qaratilgan.
Biroq Sardor Iskandarov ushbu taxmindan shubhalanmoqda. Uning ta’kidlashicha, o‘tgan o‘n kun davomida daryodan hech qanday iz topilmagan. Daryoga qaratilgan kuzatuv kameralari ham sinchiklab ko‘rib chiqilgan.
Bundan tashqari, qidiruv davomida bolaning so‘rg‘ichi daryo qirg‘og‘idan emas, balki voqea joyidan nariroqdagi daraxt tagidan topilgan. Ota qidiruvga jalb qilingan xizmat itlari ma’lum bir yo‘nalish bo‘ylab hid olgani, biroq o‘sha vaqtda bu yo‘nalish yetarlicha tekshirilmagani aytmoqda.
Iskandarovning iddao qilishicha, hududdagi sotuvchi ayollardan biri o‘sha kuni shubhali shaxs ikki yoshli bolaga mos keladigan gigiyenik tagliklar sotib olganini aytgan. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda bola yo‘qolganini aytib qo‘yilgan xabarlar ostida yangi ochilgan profillardan «bola tirik, menda» mazmunidagi izohlar yozilgan. Sardor Iskandarov o‘n kundan buyon IIB xodimlari asosiy e’tiborni faqat suvga qaratayotganidan xavotirda ekanini bildirib, farzandini topishda va qidiruv yo‘nalishini o‘zgartirishda amaliy yordam so‘ramoqda.
Kun.uz Zubayr Salimovning yo‘qolgani yuzasidan Sariosiyo tuman IIB bilan bog‘landi.
“Z.Salimov suv qirg‘og‘iga yaqin joyda qarovsiz qolgani va uning daryoga tushib ketish xavfi yuqori bo‘lgani sababli, IIB va FVB xodimlari tomonidan daryoning quyi oqimi bo‘ylab keng qamrovli qidiruv hamda aholi o‘rtasida surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, 2026 yil 1 may kuni bolani topish bo‘yicha rasmiy qidiruv yig‘ma jildi ochilgan. Hozirda voyaga yetmagan bolaning jinoyat qurboni bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlar ham istisno qilinmagan holda, kechiktirib bo‘lmaydigan tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda”, — deyiladi idora izohida.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Xorazm viloyatidan Zomin tumanidagi tog‘li qishloqqa sayohatga kelgan oilaning ikki yoshli farzandi ham sirli ravishda g‘oyib bo‘lib, bir necha kundan so‘ng uning jasadi topilgan edi. Keyinchalik uni «Zomin» sanatoriysida feldsher bo‘lib ishlagan erkak mashinasida urib yuborgani va izni yo‘qotish maqsadida jasadni yashirgani aniqlangandi.
Mavzuga oid
11:37 / 28.04.2026
“Endi piyoda borishmaydi” - chekka joylardagi maktablarga avtobuslar topshirildi
17:40 / 25.04.2026
Samarqandda vasiy ayol qizaloqlarga zo‘ravonlik qildi
10:35 / 25.04.2026
Norvegiyada bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanadi
20:04 / 16.04.2026