Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Denovdagi kurash musobaqasi qotillik bilan yakunlandi: taniqli polvon pichoqlab o‘ldirildi
Surxondaryo viloyatining Denov tumanida o‘tkazilgan milliy kurash musobaqasida mudhish qotillik yuz berdi. Musobaqa davomida kelib chiqqan nizo oqibatida vohaning taniqli polvonlaridan biri Nizomiddin Cho‘tboyev hayotdan ko‘z yumdi.
Foto: Illyustrativ surat / SI
Kun.uz manbasining xabar berishicha, voqea joriy yilning 9 may kuni soat 14:30 larda Denov tumanidagi tibbiyot texnikumi o‘yingohida sodir bo‘lgan. U yerda milliy kurash bo‘yicha ommaviy tadbir o‘tkazilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, davrada Nizomiddin polvonning o‘g‘li Ayubxon Xurramov raqibi Bo‘stonbek Jabborovni kurash musobaqasida yenggan. Ukasining mag‘lubiyatidan g‘azablangan Doston Jabborov Nizomiddin polvonning orqa tomonidan kelib, bir necha bor unga pichoq bilan zarba bergan.
Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning Kun.uz’ga tasdiqlashicha, og‘ir jarohatlar olgan Nizomiddin polvon zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. Biroq jonlantirish bo‘limida ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, u vafot etgan.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumning tanasiga to‘rt marotaba og‘ir pichoq zarbasi berilgan. Ko‘krak qafasi, bel va dumba sohalariga yetkazilgan jarohatlar ichki organlarni teshib o‘tgan va hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati sifatida baholangan.
Mazkur holat yuzasidan shu kunning o‘zida Denov tuman prokuraturasi tomonidan D. J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «l» bandi (bezorilik oqibatida qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Gumonlanuvchi JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan. Hozirda tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, Doston Jabborov muqaddam sudlangan bo‘lib, zo‘ravonligi bilan tanilgan shaxs hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, 27 aprel kuni Denovda «Shakki» laqabli zo‘ravon sheriklari bilan kunduzi ko‘chada bir yigitni kaltaklab o‘ldirgan, holat bo‘yicha to‘rt kishi qamoqqa olingan edi.
Mavzuga oid
08:00 / 08.05.2026
Farg‘onada onasini o‘ldirgan erkak 18 yilga qamaldi
22:59 / 05.05.2026
"Singlimni xo‘rlashgan": Sirdaryodagi mudhish qotillik haqida reportaj
08:12 / 04.05.2026
Aliment to‘lamaslik uchun xotini va qizini o‘ldirgan shaxs 19 yilga qamaldi
19:28 / 01.05.2026