Jamiyat | 16:40
1848
5 daqiqa o‘qiladi

 “O‘rnimizni boshqalar egallayapti” – bog‘bonlarning g‘irromlari qimmatga tushayotgani haqida suhbat

Abdumalik Asqarov ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar qilib, qadoq tagiga yashirin joylangan sifatsiz meva-sabzavotlarni oshkora tanqid qiladi. O‘zbekiston imijiga putur yetkazayotgani uchun dehqon va brokerlarga tanbeh beradi.

“Bog‘bonlarimiz mahsulotlarni “o‘qlashi”, xom uzishi yoki chirigan mevalarni ham eksportga chiqarib yuborayotgani O‘zbekistonning tashqi bozordagi nufuziga putur yetkazmoqda.

Rossiya bozorlarini Xitoy, Turkiya, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston egallab bo‘ldi”, deydi A.Asqarov.

Jamoatchilik kengashi raisi chet elda O‘zbekiston meva-sabzavotlariga bo‘lgan talab tushib ketgani, buning sabablari va oqibatlari haqida so‘zlab berdi:

“Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanidanman. Avvallari ijtimoiy tarmoq unchalik rivojlanmagani uchun chet elga sifatsiz, “o‘qlangan” meva-sabzavotlar chiqarilayotganini ko‘pchilik bilmas edi. Chetga chiqqan yuk ortidan “o‘qlangan ekan”, “olgan mevam xom chiqdi”, “tagi yomon chiqdi” mazmunidagi videolarga ko‘zim tushar, yillar davomida bu holat ta’bimni xira qilardi....

Abdumalik Asqarov

2024 yilda yurtdoshlarimiz Moskva, Ufa, Samara, Novosibirskka borib, mahsulotlarimiz yetib borgan bozorlarni o‘rganishdi. Shundan so‘ng asl vaziyat namoyon bo‘la boshladi. U yerdagi tadbirkorlar “o‘zbek mahsulotining sifati tushib ketdi, ishonch qolmadi, deya chiqish qilganidan keyin menda ham eksport qilinayotgan mahsulotlarni nazorat qilish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Vatanimiz imijini ko‘tarish uchun qat’iy bel bog‘ladim... Bugun esa jamoatchilik kengashi raisiman. Mevalar terilayotgan joyga borib dehqonlar, brokerlar bilan tortishaman, asabim buziladi, aniqrog‘i hech kimga yoqmayman. Lekin aniq ayta olamanki, men to‘g‘ri yo‘ldaman.

To‘g‘ri ishlayotgan dehqonlar zo‘r natijalarga erishyapti. Qilayotgan ishidan faxrlanadi, natijasi a’lo. Brokerlar nima qilyapti? Brokerlar ham o‘z ustida ishlayapti. O‘zbekistonning mahsuloti dunyoda birinchi o‘rinda bo‘lishini xohlayman. Menga boshqa narsa kerak emas.

Ayrim qatlam bu xatoni qilmasin, ertaga biz boshqa davlatlarda kulgi bo‘lmaylik, bizning mahsulotga bo‘lgan ishonchni yana uyg‘otaylik, degan maqsadda videolarni ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yib boraman. Quvonarlisi, videolarimni mlnlab odamlar ko‘ryapti. Videolarim sabab odamlarning ongi o‘zgaryapti, qilgan xatolarini tushunib yetishyapti. Mahsuloti talabga javob bermasa, sota olmasliklarini anglab yetishyapti.

Achchiq bo‘lsa-da, haqiqatni aytaman — e’tiborsizlik, befarqlik, “bo‘laveradi”, “bori shu”, “bizning mevamiz baribir shirin” degan gaplar bilan yutqazib qo‘ydik. Izlanmadik, yangicha g‘oyalar, yangiliklar ustida ishlamadik. Bular bizning eng katta xatomiz bo‘ldi.

Misol tariqasida aytaman, Moskvaning «Food Sity» bozorida bir kunda 300 - 400 fura meva olib kirib sotardik. “O‘qlangan” mahsulotlar sabab hozir bu raqam 50 taga tushib qolgan. Joylarimizni Xitoy, Turkiya, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston egallab bo‘ldi. Bu davlatlarda biz qilayotgan ishlarni qilishmaydi-da. O‘qlanish, xom uzilish holatlari faqat bizda uchrayapti xolos. Bunday holatga tepada o‘tirgan rahbarlar javobgarlik choralarini kuchaytirish kerak, aybdorlarga qat’iy chora ko‘rish kerak.

Eksport rivojlanish o‘rniga pasayib boryapti. Bu achchiq haqiqat. Eksport qog‘ozda, hujjatlarda yaxshidir, lekin amalda buning aksi. Ongimizni rivojlantirmas ekanmiz yaxshi natijalarga erisha olmaymiz. O‘tgan yili nega piyoz sotilmadi? Nima uchun karamlar uvol bo‘ldi? Nega muzlatkichlarda uzumlar qolib ketdi?.. Xom uzilish, aldov, o‘qlab, tagiga yomonini solish bilan o‘zimizni o‘zimiz aldadik. Yillar davomida boshqa davlatlarning fuqarolarini chuv tushirdik, bizning mahsulotga bo‘lgan ishonch yo‘qoldi. Bu harakatlarim, videolarim bilan millatni yomonlab chiqqanim yo‘q. Millatning mavqeyini ko‘tarishga harakat qilyapman xolos”, deydi Abdumalik Asqarov.

Сарвар Зияев
Muallif Сарвар Зияев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid