Iqtisodiyot | 17:23
1405
4 daqiqa o‘qiladi

Quyosh paneli o‘rnatgan korxonalardan elektrning xarid narxi pasaytirilishi mumkin

O‘z ehtiyoji uchun quyosh paneli o‘rnatgan tadbirkorlarning ortiqcha energiyani davlatga sotishida 1 kWh uchun belgilangan 800 so‘mlik narx 250 so‘mga tushirilishi mumkin. Quyosh paneliga investitsiya kiritib qo‘ygan tadbirkorlar bunga e’tiroz bildirmoqda. O‘zLiDeP masalani atroflicha o‘rganib, mas’ullarni so‘roqqa chaqirishini ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda quyosh paneli o‘rnatgan tadbirkorlar ehtiyojidan ortiq ishlab chiqargan elektr energiyasini davlatga sotish narxi 1 kWh uchun 800 so‘mdan 250 so‘mgacha pasaytirilishi mumkin.

4 may kuni Liberal-demokratik partiyaning tadbirkorlar bilan uchrashuvida biznes vakillaridan biri shu haqda savol berdi:

“Zavodimizga 350 kW quyosh panellari o‘rnatganmiz. Hozir yana 350 kW qo‘yish niyatidamiz. Hozirgi qonunchilik bo‘yicha orttirilgan elektrni davlatga 800 so‘mdan sotyapmiz. Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda shunaqa hujjat loyihasi yuribdi: endi tadbirkorlar orttirilgan elektrni 250 so‘mdan sotishga majbur bo‘lar ekanmiz.

Nimaga davlatdan sotib olsak, 1000 so‘mdan sotib olamiz, agar sotsak 250 so‘mdan sotamiz – qani bu yerda adolat? Shu to‘g‘rimi? [...] Endi 250 so‘mdan sotish iqtisodiy tomondan bizga qanchalik to‘g‘ri kelish-kelmasligini o‘ylab qoldik”.

Deputat Bobur Bekmurodov Qonunchilik palatasidagi tegishli qo‘mita bu masala ustida ish olib borishini aytdi.

“Bu masaladan xabarimiz bor, qo‘mitada o‘rganishni boshlaganmiz. Milliardlab pul sarflab, quyosh panellarini o‘rnatgan tadbirkorlar bor. Bundan tashqari, pullarni o‘z vaqtida bermaslik va boshqa byurokratik to‘siqlar ham bor. Birinchidan, biz muammoning ko‘lamini aniqlab olishimiz kerak. Chunki butun respublika bo‘ylab “800 so‘mdan sotar ekanman” degan ishonch bilan, risk qilib shu biznesga pul tikkanlar kam emas. Buning ko‘lamini aniqlab olishimiz kerak. Agar 250 so‘mdan belgilanadigan bo‘lsa, bu qanday ta’sir qiladi? Buni albatta aniqlashimiz kerak.

Ikkinchi navbatda, qo‘mita sifatida nima uchun aynan 250 so‘mligi, buning kalkulyatsiyasini ham ko‘rishimiz kerak. Tadbirkorlardan 250 so‘mdan olsa, boshqa ishlab chiqaruvchilardan necha puldan oladi, oradagi farq mutanosibmi yoki yo‘qmi, degan chuqur masalalar bor. Albatta, bularni o‘rganamiz”, – dedi u.

Bekmurodov panel o‘rnatgan tadbirkorlardan elektr energiyasini 800 so‘mdan sotib olish bo‘yicha davlat uzoq yillik majburiyat olmaganini qo‘shimcha qildi.

O‘zLiDeP raisi Aktam Hayitovning e’tirof etishicha, tadbirkorlar nafaqat avvalboshdan belgilangan “o‘yin qoidalarining o‘zgarishi”, balki mavjud qoidalar doirasida davlat o‘z majburiyatlarini yetarlicha bajarmasligi: xarid qilingan elektr uchun to‘lovni o‘z vaqtida to‘lamasligi muammosi bilan yuzlashib turibdi.

“Bu bilan tizimli shug‘ullanish uchun qo‘mitamizning kuchi yetarli. Fraksiyamiz bilan birgalikda bu borada parlament nazorati eshituvini tashkil qilsak-da, keyin kattaroq darajaga ham olib chiqamiz. Ungacha buni yuridik nuqtayi nazardan chuqurroq o‘rganamiz: shartnomalar qanday tuzilgan, tomonlarning mas’uliyati qanday bo‘lgan?” – dedi Aktam Hayitov.

Ma’lumot uchun, 2021 yilda qabul qilingan prezident qaroriga asosan, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun o‘rnatiladigan quvvati 1 MVtgacha bo‘lgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasining o‘z ehtiyojidan ortiqcha qismi davlat tomonidan (kafolatlangan tarzda II tarif guruhi iste’molchilari uchun belgilangan tarifning 80 foizi miqdorida) iste’molchi xohishiga ko‘ra kamida 10 yil muddat davomida xarid qilinishi belgilangan.

2025 yil oktyabr oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan hujjat loyihasida yuqoridagi 80 foizlik normani 70 foizga tushirish ko‘zda tutilgan edi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid