Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kvartplata to‘lovida qo‘shimcha haq undirilyapti, nega?
Ko‘p kvartirali uyda yashovchilar har oylik majburiy badalni hukumatning “Mening uyim” ilovasi yoki boshqa bir qator ilovalar orqali to‘lashda 1–2 foiz miqdorida qo‘shimcha haq undirilishiga duch kelmoqda. Qurilish va kommunal xo‘jalik vazirligi Kun.uz so‘roviga javoban bu – to‘lov tizimlarining komissiyasi ekani, “Mening uyim” billing tizimi uchun atalgan 1 foizlik ajratma bilan bog‘liq emasligini ma’lum qildi.
Foto: Kun.uz
O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatuvchilarga “Mening uyim” billing tizimi orqali haq to‘lashda qo‘shimcha to‘lovga duch kelmoqda.
2026 yil 5 fevralda imzolangan “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-48-son qarori 10-ilovasi 16-bandiga asosan, “Mening uyim” billing tizimini texnik qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish xarajatlarini qoplash maqsadida aholi tomonidan to‘langan majburiy badallarning 1 foizi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish respublika markaziga avtomatik ravishda o‘tkazilishi belgilangan.
Biroq ijtimoiy tarmoqlarda bu 1 foizlik ajratma amaldagi summadan ushlab qolinmasdan, aholidan qo‘shimcha haq sifatida undirilayotgani haqida e’tirozlar paydo bo‘ldi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati Kun.uz'ga bergan izohga ko‘ra, mazkur 1 foizlik mablag‘ – alohida yangi to‘lov emas, balki mavjud majburiy badal tarkibidan avtomatik ushlab qolinadigan summa hisoblanadi. Ya’ni, qarorga ko‘ra, bu xarajat alohida ravishda mulkdor zimmasiga yuklatilmasligi kerak.
Shu bilan birga, fuqarolar elektron to‘lov tizimlari orqali to‘lov qilganida qo‘shimcha komissiya ham undirilishi mumkin. Bu holat ayrim foydalanuvchilarni adashtiryapti: ular to‘lov tizimlarining komissiyasini qarordagi 1 foizlik ajratma deb o‘ylamoqda.
Vazirlikning qayd etishicha, Payme, MyKommunal, Zoomrad yoki boshqa vositachi platformalar orqali amalga oshirilgan to‘lovlarda xizmat haqi sifatida alohida komissiya olinadi. Bu mablag‘ “Mening uyim” tizimi uchun ajratiladigan 1 foizlik ulushdan boshqa to‘lov hisoblanadi va uning miqdori xususiy to‘lov tashkilotlarining ichki tarif siyosati asosida belgilanadi.
Mas’ullarga ko‘ra, hozirda quyidagi to‘lov usullari amal qilmoqda:
- boshqaruv organining hisobraqami joylashgan bank kassalarida “Munis” tizimi orqali — 0,5 foizgacha komissiya (bank bilan kelishuvga ko‘ra bepul bo‘lishi ham mumkin);
- “Mening uyim” billing tizimi va mobil ilovasi — 1 foiz;
- Payme to‘lov tizimi — 1 foiz;
- MyKommunal to‘lov tizimi — 1 foiz;
- Zoomrad to‘lov tizimi — 1 foiz.
Taqdim etilgan ro‘yxatda vazirlikning o‘ziga qarashli “Mening uyim” mobil ilovasi ham borligi, bu ilovada ham to‘lov uchun 1 foizlik komissiya undirilishi diqqatga sazovor.
Kun.uz'ning o‘rganishlariga ko‘ra, yuqoridagi ro‘yxatdan tashqari Click to‘lov tizimida komissiya 1 foiz, Uzum Bank, Orient Finans Bank va DOMO (HGT) ilovalarda esa 2 foizga teng.
Shu bilan birga, “Mening uyim” billing tizimidagi abonent raqamiga to‘lov qilishda komissiya undirmaydigan ilovalar ham yo‘q emas, masalan Milliy bankning “Milliy” ilovasida komissiya 0 foiz.
Vazirlik axborotiga qaytadigan bo‘lsak, unda fuqarolar komissiyasiz to‘lov qilish imkoniyatiga ham egaligi ta’kidlangan. Buning uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri boshqaruv organiga murojaat qilib, “Mening uyim” tizimiga integratsiya qilingan terminal orqali to‘lov qilish kerak bo‘ladi.
Shuningdek, PQ-48-son qaror bilan barcha to‘lov tizimlari uchun “Mening uyim” tizimiga “Munis” orqali teng sharoitlarda ulanish imkoniyati yaratilgan, deyiladi Kun.uz'ga taqdim etilgan rasmiy izohda.
Qayd etish lozim, elektr energiyasi, tabiiy gaz va chiqindi to‘lovlarida bunday komissiya mavjud emas.
2022 yilda ayrim tijorat banklari elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun bank kassalari orqali to‘lovlar amalga oshirilganda, iste’molchilardan noqonuniy ravishda komissiya undirib kelgani ma’lum bo‘lgan va bu borada Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan chora ko‘rilgan edi.
Mavzuga oid
18:05 / 10.02.2026
«Kvartplata»dan qarzdorlar uchun elektrga to‘lov qilish cheklanadi
12:31 / 05.08.2022
«Kvartplata»dan qarzi bo‘lgan uyni sotib bo‘lmaydi - Kommunal vazirlik
18:47 / 18.11.2020
«Faqat shu orqali kommunal qarzdorlikni kamaytirish mumkin» - Alisher Qodirov saylovoldi va'dalaridan birini esladi
07:48 / 31.03.2019