O‘zbekiston | 21:12 / 14.05.2026
963
2 daqiqa o‘qiladi

Issiqxonani isitishda mazut, bitum va shina yoqqanlik uchun jarimalar belgilandi

Yoqilg‘i hisoblanmaydigan materiallarni, shuningdek, chiqindilarni yoqib yuborganlik uchun jarimalar joriy etiladi. Tegishli qonun prezident tomonidan 4 may kuni imzolandi va 5 avgustdan kuchga kiradi.

Foto: Kun.uz 

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning havo ifloslanishi bo‘yicha 88-moddasi yangi bandlar bilan to‘ldirildi.

Quyidagilar huquqbuzarlik deb hisoblanadi:

- yoqilg‘ini, yoqilg‘i sifatida foydalaniladigan moddalarni yoki moddalar aralashmasini, yoqilg‘i hisoblanmaydigan materiallarni, shuningdek chiqindilarni belgilanmaganmo‘ljallanmagan joylarda va qurilmalarda ochiq alanga bilan yoqish;

- issiqxonada, ishlab chiqarish binolarida, yoqish qurilmalarida yonilg‘i sifatida shinalar, bitum, mazut, plyonkalar, sintetik karton, rezinalarni yoqish.

Ushbu qoidabuzarliklar uchun quyidagi jarimalar nazarda tutilgan:

- fuqaro uchun — BHM 15 baravaridan 25 baravarigacha (6,18 mln so‘mdan 10,3 mln so‘mgacha);

- mansabdor shaxs uchun — BHM 25 baravaridan 50 baravarigacha (10,3 mln so‘mdan 20,6 mln so‘mgacha).

Agar huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, jarima miqdori oshadi:

- fuqaro uchun — BHM 25 baravaridan 50 baravarigacha (10,3 mln so‘mdan 20,6 mln so‘mgacha);

- mansabdor shaxs uchun — BHM 50 baravaridan 70 baravarigacha (20,6 mln so‘mdan 28,84 mln so‘mgacha).

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid