O‘zbekiston | 14:35
7430
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yana o‘smirlar mashina boshqarib yurgani ma’lum bo‘ldi

Ularning otasi farzandlarini tartibga chaqirib qo‘yishni so‘rab borgan mahalladoshlarga qo‘pol munosabatda bo‘lgan. Bu holat jamoatchilikka ma’lum bo‘lgach, ota 5 sutkaga qamaldi, mashinalardan biri jarima maydonchasiga olib ketildi.

Foto: Videodan kadr

O‘zbekiston yo‘llarida voyaga yetmagan shaxslarning katta tezlikda mashina boshqarishi davom etmoqda.

Toshkent shahrida 13 yoshli o‘smirlar avtomobil ruliga o‘tirib, ichki yo‘llarda katta tezlikda harakatlangani ma’lum bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda bolalar bir necha marta turli mashinalar rulida o‘tirgani, yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol tarzda buzganini ko‘rish mumkin. 

Shundan keyin bolalar yashaydigan mahalla aholisi ular yashaydigan uyga shikoyat qilib borgan. Ammo o‘smirlarning otasi farzandlarini tartibga chaqirib qo‘yishni so‘rab kelgan mahalladoshlariga o‘ta qo‘pol munosabatda bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, bolalarning otasi Nozim Azizov bo‘lib, u mamlakatdagi yirik farmatsevt tadbirkorlardan biri hisoblanadi.

Ushbu holat ijtimoiy tarmoqda keng tarqalib, muhokamalar markaziga chiqqach, tegishli choralar ko‘rildi.

8 mart kungi sud qaroriga ko‘ra, 1981 yilda tug‘ilgan ushbu fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

«Men 2026 yil 8 martgacha bolalarimning qo‘liga kalit bermaganman. Bular 2025 yil noyabr yo dekabr oylarida ruxsatimsiz cho‘ntagimdan kalitni olib, yuvib, ko‘chaga olib chiqib ketishgandi», – deydi u.

Uning bu so‘zlari esa egizaklar muntazam ravishda mashina minib, qoidabuzarliklar sodir etish bilan mashg‘ul bo‘lgani haqidagi ko‘plab videolarga mos kelmaydi.

Bolalar haydagan mashinalardan biri jarima maydonchasiga qo‘yilgan. Manbalarga ko‘ra, ular haydagan boshqa mashinalar ham jarima maydoniga qo‘yiladi.

«Bunday munosabat ko‘p hollarda o‘smirlar uchun „bizga hamma narsa mumkin“ degan signalga aylanadi. Kattalar qonunbuzarlikka ko‘z yumsa, bolalarning xatarli xatti-harakatlarini oqlasa yoki ularni tanqiddan himoya qilsa, o‘smirlarda jazosizlik hissi shakllanadi», – deya qayd etdi IIV.

Vazirlik so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda shunday holatlar sodir bo‘layotgani, voyaga yetmaganlar mashina boshqarib, yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzayotgani, ayrim ota-onalar esa bu qonunbuzarlikka befarq qarayotgani, biroq bu kabi holatlar oqibatsiz qolmasligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda 10-sinf o‘quvchisi Doniyor Turg‘unov BMW mashinasida YPX inspektorini urib yuborgan va xodim olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida vafot etgandi. O‘smirga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olingan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid