Jahon | 08:48
563
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya mudofaa budjetiga 20 mlrd yevrodan ortiq mablag‘ ajratmoqchi

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer mudofaa xarajatlarini 18 milliard funt sterlingga (20,6 milliard yevro) oshirishni ma’qullashi mumkin. Bu haqda britaning The Times nashri 15 may kuni xabar berdi.

Foto: REUTERS

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Starmer bu haqdagi bayonotni kelasi hafta — 18–24 may kunlari oralig‘ida e’lon qilishi mumkin. Hozircha mazkur mablag‘ qayerdan jalb qilinishi aniq emas.

The Times suhbatdoshlaridan biri bo‘lgan Britaniya hukumati vakili yangi mudofaa paketi davlat budjeti uchun “ancha maqbul” bo‘lishini aytgan.

Britaniya parlamenti saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatning 2025–2026 moliyaviy yili uchun mudofaa xarajatlari 62,2 milliard funtni tashkil etadi.

Nashr ta’kidlashicha, mudofaa xarajatlarini oshirish haqidagi qaror mamlakat ichki siyosati uchun ham muhim ahamiyatga ega. Avvalroq Kir Starmer Ukraina va Erondagi urushlar fonida mudofaa hamda xavfsizlikni o‘z siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri qilishga va’da bergan edi.

Biroq muxoliflar uni bu rejalarni amalga oshira olmayotgani uchun tanqid qilib kelmoqda.

So‘nggi kunlarda Buyuk Britaniya hukumatida siyosiy inqiroz kuchayib, Leyboristlar partiyasining o‘nlab deputatlari o‘z partiyadoshi bo‘lgan Kir Starmerning bosh vazirlikdan ketishini talab qildi.
 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid