Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Haqiqat emas, gap kim tomonidan aytilayotgani muhim edi / 5 daqiqa
Ko‘chaning o‘rtasidagi oddiy janjal ba’zan kitoblardagi eng katta falsafadan ham kuchliroq ta’sir qiladi. Chunki katta haqiqatlar doim ham urush yoki fojia orqali ochilmaydi. Ba’zan bitta itning hurishi, bir odamning baqirishi va atrofga to‘plangan olomonning munosabati butun jamiyatning haqiqiy qiyofasini ko‘rsatib qo‘yadi.
5 daqiqa’ning navbatdagi sonida Anton Chexovning “Buqalamun” hikoyasi haqida gaplashamiz.
Asar voqealari juda tez boshlanadi. Ko‘chada shovqin ko‘tarilgan. Odamlar nimadir atrofida to‘planib turishibdi. Shu payt politsiya nazoratchisi Ochumelov paydo bo‘ladi. Uning qiyofasida mansabdorlarga xos jiddiylik bor. U maydonga kelishi bilanoq o‘zini tartib va qonun ramzi qilib ko‘rsatishga harakat qiladi. Go‘yo hoziroq adolat qaror topadigandek.
Ma’lum bo‘lishicha, janjalga kichik bir it sabab bo‘libdi. U bir odamning barmog‘ini tishlab olgan. Jabrlangan Xryukin buni katta voqeaga aylantirib, atrofdagilarga jarohatini ko‘rsatyapti.
Ochumelov dastlab holatga juda keskin munosabat bildiradi. U darrov itni jazolash, egasini topish, tartib o‘rnatish haqida gapira boshlaydi. Uning harakatlarida “men qonunman” degan kayfiyat bor edi. Lekin asarning haqiqiy kuchi ham aynan shu yerdan boshlanadi.
Kimdir itning egasi katta amaldorlardan biri bo‘lishi mumkinligini aytadi. Va shu zahoti Ochumelovning butun ohangi o‘zgaradi. Hozirgina qattiq jazo haqida gapirayotgan odam birdan yumshab qoladi. Itga rahmi kela boshlaydi. Jabrlangan odamning o‘ziga esa shubha bilan qaraydi. Go‘yo, aybdor endi u bo‘lib qolgandek.
Bu holat o‘quvchiga kulgili ko‘rinadi. Biroq Chexov bu kulgini shunchaki hazil uchun ishlatmaydi. U odam tabiatidagi og‘riqli nuqtani ochadi. Chunki Ochumelov haqiqatga qarab emas, kim kuchli ekaniga qarab qaror chiqaryapti. Asardagi eng qo‘rqinchli narsa ham shu: haqiqat o‘zgargani yo‘q, munosabat o‘zgarmoqda, xolos.
Oradan biroz o‘tib yana boshqa gap chiqadi. It ehtimol u odamniki emasdir. Va yana vaziyat teskari aylanadi. Ochumelov yana qattiqqo‘l tusga kiradi. Ovozi yana balandlashadi. Yana qonun, jazo, tartib haqida gapira boshlaydi. Keyin yana yangi taxmin paydo bo‘ladi va yana munosabat o‘zgaradi.
Asar davomida shu holat bir necha marta takrorlanadi. Har safar itning kimga tegishli ekani haqida yangi fikr chiqishi bilan Ochumelovning “rangi” o‘zgarib boraveradi. Bir lahzada qattiqqo‘l amaldor, keyin mehribon himoyachi, ortidan yana g‘azablangan politsiyachi. Va bu o‘zgarishlar shunchalik tez kechadiki, o‘quvchi kulib yubormasdan iloji yo‘q.
Lekin “Buqalamun”ning kulgisi odatdagi kulgi emas. Bu - achchiq kulgi. Chunki hikoya tugaguncha o‘quvchi bir haqiqatni anglay boshlaydi: bu yerda hech kim adolatni izlamayapti. Hamma kim kuchli ekanini bilishga harakat qilyapti. Shuning uchun voqeadagi har bir inson muhitga qarab o‘zgarib boraveradi.
Ochumelov yagona emas. U - mansab oldida o‘zgarib turadigan inson timsoli. Uning har bir harakatida qo‘rquv bor. U kuchli odamga qarshi chiqishdan qo‘rqadi. Shuning uchun haqiqatni emas, xavfsiz tomonni tanlaydi. Va eng qizig‘i, u buni o‘ziga ham sezdirmaslikka harakat qiladi. U har safar o‘z fikrini “mantiq” bilan asoslashga urinadi.
Jabrlangan do‘stimiz Xryukin ham ajoyib. U avval o‘zini haq tomonda deb his qiladi. Barmog‘ini hammaga ko‘rsatib, adolat talab qiladi. Ammo vaziyat o‘zgargani sari u ham sekin orqaga chekina boshlaydi. Go‘yo haqiqatning o‘zi ham mansab qarshisida ojiz qoladi.
Ehtimol, “Buqalamun”ning eng og‘ir haqiqati ham shu. Biz asarni o‘qib Ochumelov ustidan kulamiz. Lekin kitob yopilgandan keyin bir savol o‘quvchini bezovta qila boshlaydi: xo‘sh, biz mansab oldida turlanmayapmizmi?
Mavzuga oid
17:10 / 09.05.2026
Millatning eng uzun va qorong‘i kechasi haqida bilasizmi? / 5 daqiqa
19:35 / 26.04.2026
Yoqib yuborilgan kitob – rejissyorlar bu asarni sahnalashtirishdan qo‘rqqan / 5 daqiqa
22:08 / 18.04.2026
Dunyoni o‘zgartirishga bo‘lgan so‘nggi urinish - xayolparast ritsarning mag‘lubiyati / 5 daqiqa
16:57 / 11.04.2026