Jamiyat | 22:08 / 18.04.2026
1704
6 daqiqa o‘qiladi

Dunyoni o‘zgartirishga bo‘lgan so‘nggi urinish - xayolparast ritsarning mag‘lubiyati / 5 daqiqa

Haqiqiy telbalik - dunyoni qanday bo‘lsa, shundayligicha qabul qilib, uni o‘zgartirishga urinmaslikdir, deydi Servantes. Ammo hayotimizda borini boricha qabul qilishni bilmaganlar telba hisoblanadi. Bugun biz 5 daqiqa’da “Don Kixot” romani orqali kulrang haqiqatning rangli orzular ustidan qozongan g‘alabasi haqida gaplashamiz. Ushbu asar bugungacha yozilgan romanlarning eng mashhuri bo‘lib, dunyoda eng ko‘p tarjima qilingan, o‘qilgan kitoblardan biridir.

Asar voqealari kichik bir qishloqda yashovchi kambag‘al aslzoda Alonso Kixanoning hayoti bilan boshlanadi. U ritsarlik haqidagi kitoblarga shu qadar sho‘ng‘ib ketadiki, oxir-oqibat atrofidagi kulrang va zerikarli haqiqatni qabul qila olmay qoladi. Uning uchun dunyo - adolatsizlik, zulm va yovuzlik uyasi emas, balki mard ritsarlar malikalarni qutqaradigan, zaiflarga yordam beriladigan va insonning sharafi hamma narsadan ustun turadigan maydon bo‘lishi kerak edi. Shunday qilib, u o‘zini Don Kixot deb e’lon qiladi va zanglagan sovutlarini kiyib, olamni yovuzlikdan xalos qilish uchun yo‘lga chiqadi.

Bu sayohatda unga hamrohlik qilgan soddadil dehqon Sancho Pansa obrazi asarning eng muhim tirgaklaridan biri. Agar Don Kixot yulduzlarga tikilib xayol suradigan ruh bo‘lsa, Sancho yerda mustahkam turgan, faqat qornini va va’da qilingan orolni o‘ylaydigan jismdir. Servantes bu ikki qahramon orqali insoniyatning ikkiga bo‘lingan tabiatini ko‘rsatib beradi. Biroq safar davomida kuzatiladigan eng qiziqarli jarayon shundaki, bu ikki ziddiyatli dunyo bir-biriga singib boradi.

Asar qahramoni shamol tegirmonlari bilan jang qiladi. Don Kixot uchun ular ulkan va vahshiy devlar bo‘lib ko‘rinadi. Ritsarning yiqilishi va mag‘lubiyati - bu moddiy dunyoning g‘olibligidir. Lekin ma’naviy jihatdan Don Kixot g‘olib bo‘ladi, chunki u qo‘rquvni yengib, yovuzlikka qarshi turishga o‘zida jur’at topadi.

Asarda Don Kixotning atrofdagilar tomonidan masxara qilinishi, kaltaklanishi va kulgiga qolganini ko‘ramiz. Ammo diqqat bilan qarasak, aslida kim telba ekanligi shubha ostida qoladi. O‘z nafsi uchun birovlarni aldaydigan, faqat qornini o‘ylab vijdonini sotadigan va o‘zgalarning tuyg‘ulari ustidan kuladigan "sog‘lom" odamlar Don Kixotning yonida ma’naviy jihatdan ancha qashshoq bo‘lib qoladi. Ritsarning qalbidagi Dulsineya aslida oddiy qishloq ayoli bo‘lishi mumkin, lekin Don Kixotning nigohida u go‘zallik va poklikning oliy timsolidir. Bu esa insonning nigohi olamni qanchalik go‘zallashtira olishiga isbotdir.

Don Kixot uyiga qaytadi va uzoq davom etgan «xayoliy hayot»dan so‘ng, to‘satdan sog‘ayadi. U aqlini yig‘ib, o‘z ismini - Alonso Kixanoni qaytarib oladi va ritsarlik kitoblarini la’natlaydi. Ko‘pchilik o‘quvchilar uchun bu xayrli yakundek tuyulishi mumkin, lekin aslida bu asarning eng og‘riqli qismidir. Sog‘aygan Alonso Kixano uchun dunyo o‘z ranglarini yo‘qotadi. U endi adolatni, malikalarni va sehrli sarguzashtlarni ko‘rmaydi. Orzularidan voz kechgan inson uchun yashashning hech qanday ma’nosi qolmaydi. U o‘z karavotida yotganida, uning yaqinlari xursand bo‘lishadi, lekin faqat bir kishi chin dildan yig‘laydi - bu Sancho Pansa edi.

Aynan shu yerda Servantes keskin burilish qiladi. Safar boshida faqat moddiy foydani ko‘zlagan Sancho, endi o‘z xo‘jayinining oyoqlariga yiqilib, undan yana Don Kixot bo‘lishini so‘raydi. Sancho endi orolni emas, balki o‘sha go‘zal xayollarni sog‘inayotgan edi. Bu - g‘oyaning o‘lmasligidir. Bir inson o‘lishi mumkin, lekin u uyg‘otgan orzu va e’tiqod uchquni boshqa qalbda yashashda davom etadi, deganidir.

Nima uchun biz bu kitobni bugun, XXI asrda ham o‘qishimiz kerak deysizmi? Chunki biz hozir har qachongidan ham ko‘proq «sog‘ayib» ketganmiz. Biz har bir ishimizni raqamlar bilan o‘lchaymiz, muhabbatni biologiyaga, do‘stlikni ijtimoiy tarmoqlarga, jasoratni esa ehtiyotkorlikka almashtirib yubordik.

Darvoqe, Servantes asar so‘ngida bir ogohlantirish qoldirgan. U yerda Don Kixotning o‘z merosxo‘rlariga qo‘ygan bir sharti bor. Ushbu shartni buzish - insonning eng katta fojiasi sifatida talqin qilinadi. Agar siz o‘sha «so‘nggi vasiyatdagi sirli shart» nima ekanligini bilmoqchi bo‘lsangiz, kitobning so‘nggi sahifalarini oching. Chunki aynan o‘sha yerda siz o‘zingizning asl ismingizni va hayotdagi haqiqiy maqsadingizni topishingiz mumkin.

Исомиддин Пулатов
Tayyorlagan Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid